Shu yil 1-3-noyabr kunlari Samarqandda “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida “Markaziy Osiyo – islom sanʼati oʻchogʻi” mavzusida xalqaro forum oʻtkaziladi.

Turizm va madaniy meros vazirligi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) hamda qator mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tashkil etiladigan tadbirdan koʻzlangan maqsad islom tarixi va madaniyatiga oid qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari, bu borada Oʻzbekiston va xorij tajribasi, kitobat, muqovasozlik, xattotlik sanʼatlarini tiklash va oʻrganishga doir zamonaviy ilmiy tadqiqot natijalari bilan tanishish hamda tajriba almashishdan iborat.

Keyingi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar nafaqat xalqimiz, balki xalqaro ekspert va mutaxassislar, butun islom olamining mashhur vakillari tomonidan ham yuksak eʼtirof etilmoqda.

Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ochilgan xalqaro darajadagi ilmiy-tadqiqot markazlari dunyoning eng nufuzli ilmiy markazlari bilan aloqalar oʻrnatib, birgalikda yirik ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqda.

Islom tarixi va madaniyati yoʻnalishiga oid bilimlarni yuksaltirish, qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlarni taʼmirlash yoʻnalishida hamda asrlar davomida shakllanib kelayotgan madaniy meros, xattotlik sanʼati va hunarmandlik kabi sohalar yana qaytadan tiklanmoqda.

Xalqaro forum doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar shu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishga hissa qoʻshadi. Ularda mahalliy va yetakchi nufuzli xorijiy tashkilotlar, ilmiy muassasalar rahbar hamda tadqiqotchilari, soha mutaxassislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan xattotlar, kulollar, naqqoshlar, qogʻoz ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, diniy soha vakillari, taniqli islomshunos olimlar qatnashadi.

Forum Samarqandsagi “Boqiy shahar” majmuasida “Movarounnahrda kitobat madaniyati” mavzuida islom amaliy sanʼati turlari boʻyicha festival va savdo yarmarkasi bilan boshlanadi. Ushbu tadbirlarda mamlakatimizning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Fargʻona viloyatlari hamda Qoraqalpogʻistondan 30 nafarga yaqin hunarmand ustalar ishlari namoyish etiladi.

Tarixdan maʼlumki, arab yozuvi islom dinining maʼnaviy-maʼrifiy hamda madaniy taraqqiyoti uchun katta xizmat qilgan. Dastlab Qurʼoni karim teri, sopol, yogʻoch va qogʻozlarga koʻchirilib jamlandi. Oʻrta asrlarda, hali kitob chop etish ixtiro qilinmagan mahalda har qanday asar qoʻlda koʻchirilib, kitob holiga keltirilgan. Shu bois, kitob koʻchirish oʻsha davrda eng eʼtiborli hunar va sanʼat hisoblangan. Bu hunar egalari xattot yoki kotib deb nom olib, koʻplab allomalarimiz ham oʻz asarlarini shu kasb egalariga koʻchirtirgan. Natijada qogʻoz ishlab chiqarish, xat turlari, teriga ishlov berish, yogʻoch va buyumlarga naqsh solish kabi bir qancha islomiy sanʼat turlari shakllandi. Arab yozuvi turli sanʼat namunalariga koʻcha boshladi.

Bugun qayta chiroy ochayotgan tarixiy obidalarimiz, masjid va madrasalarimizning peshtoqidagi xattotlik namunalari kishi eʼtiborini oʻziga tortadi. Ayniqsa, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarda katta qiziqish uygʻotadi. Xattotlik Sharq mamlakatlarida oʻziga xos alohida yoʻnalish kasb etgan va fan darajasiga koʻtarilgan bebaho sanʼat turidir. Markaziy Osiyo xalqlari tomonidan islom dinining qabul qilinishi munosabati bilan bu oʻlkaga Qurʼoni karim nozil qilingan arab yozuvi kirib keldi. Bu sanʼat azaldan Sharqda husnixat, xattotlik, Gʻarbda esa kalligrafiya nomi bilan keng shuhrat qozongan.

Davlatimiz tarixida Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Samarqand va Toshkent xattotlik maktablari shakllangan. Xattotlik sanʼatidan meʼmorchilik va xalq amaliy sanʼati, jumladan, abru, kulolchilik, kandakorlik, mayolika, naqqoshlik, yogʻoch oʻymakorligi va zardoʻzlikda ham keng foydalanilgan.

Festival va savdo yarmarkasi ham asrlar davomida ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelayotgan xattotlik, abru, kulolchilik, kandakorlik, mayolika, naqqoshlik, yogʻoch oʻymakorligi, qogʻoz ishlab chiqarish, miniatyura, zardoʻzlik, kashtachilik, pichoqchilik, gilamdoʻzlik sanʼatini yanada rivojlantirish, yurtimizning turli hududlarida mazkur sanʼat maktablarini tashkil etish va bu sohalarga qiziquvchilar orasida ushbu sanʼatni keng targʻib qilish maqsadlarini koʻzlaydi.

Arab kalligrafiyasi boʻyicha mahorat darsi va islom sanʼatiga oid davra suhbati forumning navbatdagi tadbiri hisoblanadi. “Boqiy shahar” majmuasida oʻtadigan tadbirlarda Turkiyada oʻtkazilgan xattotlik musobaqasining 10 dan ortiq gʻoliblari tomonidan mahorat darsi va davra suhbati olib boriladi. Ishtirokchilar amaliy mashqlar asosida xattotlik sanʼati namunalarini yaratish koʻnikmalari hamda islom sanʼati borasidagi bilimlarini yanada mustahkamlash imkoniga ega boʻlishadi.

Forum dasturidan Xalqaro islom xattotlik koʻrgazmasi, Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari namoyishi, Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan tayyorlangan “Katta Langar Qurʼoni: kecha va bugun” loyihasi taqdimoti ham oʻrin olgan.

Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari koʻrgazmasini oʻtkazishdan koʻzlanayotgan asosiy maqsad yurtimiz uzoq tarixdayoq milliy va diniy qadriyatlar, ilm-fan, sivilizatsiyalar markazi boʻlganini yana bir bor keng jamoatchilikka, xalqaro ilmiy doira vakillariga namoyon etishdan iborat. Koʻrgazmada Toshkentda saqlanayotgan Hazrati Usmon Musʼhafining teriga koʻchirilgan nusxasi, Katta Langar Qurʼonining koʻchirilgan va faksimile nusxalari hamda yurtimiz fondlarida saqlanayotgan Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari namoyish qilinadi.

Ushbu koʻrgazma hamyurtlarimiz qalbida alohida faxr uygʻotishiga shubha yoʻq. Negaki, dunyoda Musʼhafi sharifning ilk nusxalarini koʻz qorachigʻidek asrab kelayotgan mamlakat, qolaversa, hadis, tafsir, fiqh, kalom kabi islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ allomalari bor xalq kamdan-kam topiladi. Koʻrgazmaga tashrif buyurganlar mutafakkirlarimiz nafaqat matematika, geografiya, astronomiya, falsafa, tibbiyot, grammatika, etnografiya kabi dunyoviy ilmlar, shuningdek, meʼmorlik, naqqoshlik va rassomlik singari nafis sanʼat bobida, balki diniy ilmlar sohasida ham oʻlmas asarlar yaratib, yuksak natijalarga erishganiga yana bir karra ishonch hosil qiladi. Ushbu tadbir orqali IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining “oltin davri”ga aylanishida aynan Movarounnahr olimlarining hissasi beqiyos boʻlgani ham targʻib etiladi.

Ayni paytda ushbu koʻrgazma xalqaro jamoatchilik, xorijdagi manfaatdor ilmiy doiralar uchun ham gʻoyat foydali tadbir boʻladi. Chunki chet elliklar Qurʼoni karimning eng qadim nusxalari bilan tanishish barobarida, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarga sadoqati, buyuk ajdodlar xotirasiga hurmat-eʼtibori, ilm-fanga boʻlgan munosabatiga guvoh boʻladi.

Yangi Oʻzbekistonda yosh avlodni ham jismonan, ham maʼnan yetuk insonlar etib voyaga yetkazish borasidagi yutuqlar, milliy-maʼnaviy sohalardagi islohotlar berayotgan yuksak natijalarga yana bir bor ishonch hosil qiladi.

Forum doirasida boʻlib oʻtadigan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiqetish tizimini takomillashtirish masalalari” mavzuida xalqaro konferensiya ham eʼtiborga molik.

Prezidentimizning 2022-yil 10-fevraldagi qaroriga asosan qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiqetish tizimi takomillashtirildi. Qarorda qadimiy yozma manbalar davlat reestrini yuritish va ularni konservatsiya hamda restavratsiya qilish vazifalari belgilab berildi.

Xalqaro konferensiya ham qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimidagi mavjud muammolarni amaliy faoliyat asosida bartaraf qilish, nodir manbalarni konservatsiya va restavratsiyalashni yanada takomillashtirish borasida Oʻzbekiston hamda xorij tajribasini muvofiqlashtirish, uni qadimiy yozma manbalar reyestrini tuzim va raqamlashtirish ishida amaliyotga keng koʻllash maqsadlarini koʻzlaydi.

Anjuman davomida tizimdagi muammolar aniqlanib, yutuq va kamchiliklar belgilab olinadi hamda sohani yanada rivojlantirishga oid taklif hamda mulohazalar ishlab chiqiladi.

Konferensiya yakunlariga koʻra mamlakatimizdagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reestrini tuzish va doimiy monitoringini yuritish boʻyicha soha mutaxassislarining koʻnikmalari oshiriladi. Davlat reyestri asosida qadimiy yozma manbalarning turlari boʻyicha (qoʻlyozma, toshbosma manbalar, tarixiy hujjatlar) kataloglar va elektron nusxalarini yaratish jarayonida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar tahlil etilib, manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi bilan shugʻullanayotgan xodimlarning muntazam ravishda kasbiy salohiyatini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston va xorij tajribasi oʻrganiladi.

Ishtirokchilarda muzeylar, kutubxonalar va davlat tashkilotlaridagi yozma manbalarga oid maʼlumotlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga majburiy tartibda, boshqa shaxslar (fuqaro va shaxsiy qoʻlyozma fond egalari) esa ixtiyoriy asosda taqdim etish tartibi boʻyicha koʻnikma hosil qilinadi. Shuningdek, nodir yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish borasidagi ishlar keng jamoatchilikka yetkaziladi. Konferensiyada koʻrilgan masalalar va tinglangan maʼruzalar asosida xulosaviy toʻxtamga kelinadi.

Xalqaro forum soʻngida ishtirokchilarning Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganishning ahamiyatini yorituvchi yakuniy bayonot qabul qilinadi.

Bunday tadbirlar Oʻzbekistonning islom sanʼati oʻchogʻi boʻlganini yana bir bor namoyish etish bilan birga, yurtimizda ziyorat turizmini yanada rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi.

Shovosil ZIYODOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,

tarix fanlari doktori, dotsent

Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022-yil 1-noyabr, 235-son