Ayni paytda yurtimizda “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda. Mamlakatimizdagi mavjud ziyorat turizmi salohiyatidan yanada unumli foydalanish, O‘zbekiston zaminini dunyo sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida namoyon qilish, jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarning yuqori e’tiroflariga sazovor bo‘lish, shuningdek, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur yirik anjuman ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida “Islom iqtisodiyoti” mavzusida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda Akademiya matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, mazkur davra suhbati mavzusi nihoyatda dolzarb ekanligi, so‘nggi yillarda yurtimizda islom iqtisodiyoti va moliyasi tizimi rivojlanib borayotganini e’tirof etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari – Zohidjon Islomov, Ilyos Mirziyotov, Zokirjon Ro‘ziyev, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilari, Islom Taraqqiyot Bankining O‘zbekistondagi vakili Husan Hasanov, Xususiy Tarmoqni Rivojlantirish Islom Korporatsiyasi (ICD), Maslahat-xizmat bo‘limi bosh mutaxassisi, MDH davlatlari bo‘yicha loyiha menejeri Muzaffarjon Nizomiddinov, “Islamic Business and Finance” (IsBF) kompaniyasi moliyaviy menejeri, "Islom moliyasi" loyihasi hamasoschisi Muzaffar Husniddinov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Bosh ilmiy xodimi, PhD, (Misr) Ahmad Sa’d Damanhuriy, Shahzoda Sulton universtiteti Moliya bo‘limi vakili (Saudiya Arabistoni) A’lam Asadov va boshqa soha mutaxassislari, magistr-talabalar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Onlayn va offlayn formatda o‘tgan davra suhbatida “Islom Taraqqiyot Banki guruhining O‘zbekistondagi faoliyati”, “O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirish imkoniyatlari”, “Vaqflarning iqtisodiy ahamiyati”, “Islomda moliyaviy munosabatlarning asoslari va dalillari”, “Islom moliyasining iqtisodiyotga ta’siri: Mushoraka mutanoqisa misolida”, “Islomiy sug‘urta mohiyati va ishlash mexanizmlari: O‘zbekiston tajribasi” hamda “Islom moliyasi tizimida venchur moliyalashtirishning ahamiyati” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

So‘zga chiqqanlar islomiy moliya tarmog’i bugungi kunda jahonda jadal rivojlanib borayotgan va innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini o’zida jamlagan sohalardan biri hisoblanishi ta’kidlashdi. 

Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan davra suhbati yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. Davra suhbatiga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi, unda yoshlarning ilmiy maqolalari ham o‘rin olishi ta’kidlandi.