O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining ilk kunlaridanoq hukumatimiz tomonidan milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, ulug‘ ajdodlarimizning yorqin xotiralarini e’zozlash, ularning ilmiy-ma’naviy meroslarini o‘rganib, keng jamoatchilikka yetkazish, xalqimizni ma’rifiy islom ta’limotlari bilan bahramand etish borasida qator tadbirlar amalga oshirildi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lash, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, ularning musulmon olamida nufuzini yanada oshirish, boy ma’naviy merosini o‘rganish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasida tarixiy o‘zgarish va islohotlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Xususan, islom olamida “Hadis ilmining sultoni” nomi bilan e’zozlanadigan Imom Buxoriy, sunnat ilmi dengizi Imom Termiziy, aqida imomlarining buyugi Imom Moturidiy, tasavvuf olamining yorqin chiroqlari Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahrori Valiy, islom huquqshunosligi zabardast ustunlaridan Burhoniddin Marg‘inoniy, aniq fanlar ustozlari Muhammad Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek kabi ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirish maqsadida ular qo‘nim topgan maskanlar obodonlashtirilib, xalqimizning sevimli ziyoratgohlariga aylantirilmoqda.

Davlat rahbarining bevosita tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Imom Eshon Muxammad” masjidi, Xorazm viloyatida “Ohun bobo” masjidini rekonstruksiya qilinib, xalqimiz ixtiyoriga topshirilishi, Qashqadaryo viloyatidagi “Abu Muin Nasafiy” majmuasini tubdan yangilash, Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqand viloyatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoro viloyatida “Mir Arab” Oliy madrasasining ochilishi, Toshkent shahrida “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi”ni hamda “O‘zbekiston Islom akademiyasi”ni tashkil etilishi hamda “Qur’oni karim musobaqasi”ning tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichlarini yuqori darajada o‘tkazilayotgani diniy sohada olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.

Diniy ta’lim sohasidagi islohotlar qatorida Buxoro viloyatida “Mir Arab” Oliy madrasasi hamda Toshkent shahrida O‘zbekiston Islom akademiyasi faolyatining boshlanishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 martdagi qarori asosida Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hududida yangi oliy diniy ta’lim muassasasi – “Hadisshunoslik”  maktabi tashkil etilayotganini alohida qayd etish zarur.

Bu kabi tashabbus va ilg‘or g‘oyalar Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan nafaqat yurtimiz doirasida, balki xalqaro maydonlarda ham ilgari surilmoqda. Jumladan, Yurtboshimiz BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadideb ta’kidlab o‘tdilar.

Albatta, din sohasining asosiy shiori sifatida “jaholatga qarshi ma’rifat”, bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa yoshlarimizni diniy ekstremizm, aqidaparastlik va terrorizm kabi illatlardan himoya qilish, yot g‘oyalar ta’siridan asrash hamda oldini olishga qaratilgan ma’rifatparvar harakat asosida amalga oshirilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarga o‘ta sadoqatli va e’tiborli ekani dunyoga ma’lum. Zero, bugungi kunga qadar asarlari mashhur  bo‘lib kelayotgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy,  Imom Nasafiy, Imom Marg‘iloniy, Imom Zamaxshariy hamda boshqa buyuk olim va mutafakkirlarimiz aynan shu zamindan yetishib chiqqanlar.

Din sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bugungi kunda yurtimiz hamda xalqaro miqyosda keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning 14 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida “O‘zbekiston diniy ma’rifat va qadriyatlar yurti” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, diniy ilmiy markazlar rahbar va vakillari ishtirok etdilar.

Aytish joizki, 2017 yil 15 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida diniy xodimlarga alohida e’tibor qaratib, bugungi kunda jamiyatni turli ma’naviy illatlardan isloh qilish, xalqimizning ma’naviyatini ko‘tarish borasida katta ishonch bildirildi va tegishli tavsiyalar berildi.

Albatta, yuqorida aytilgan ishlar faqat ma’rifatli, yuksak bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan diniy soha mutaxassisi, olimlar yordamidagina amalga oshirilishi mumkinligi e’tirof etildi.

Yurtimizda diniy ta’lim sohasini munosib darajaga ko‘tarish, salohiyatini oshirish, diniy sohada yetuk kadrlarni tayyorlash, ulug‘ ajdod ulamolarimizning bebaho ilmiy merosini o‘rganish, ilmiy tadqiqot va izlanishlar olib borilishi uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida zaminimiz uzra Aqida, Hadis, Islom fiqhi, Kalom ilmi va Tasavvuf ilmiy maktablari o‘z faoliyatini boshladi.

O‘zbekistonning diniy ilmiy salohiyatini, xalqaro miqyosda oshirish borasida ishlar davom etmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublika Prezidenti tashabbusi bilan Toshkent shahrida O‘zbekiston islom akademiyasi tashkil etildi. Mazkur oliy o‘quv yurtida islom ilmlari bo‘yicha magistr, tayanch doktorantura va doktorantura bo‘yicha yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.

Anjumanda mamlakatimizda diniy soha islohotlari hamda diniy ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar yuzasidan boshqa ko‘pgina ma’lumotlar berildi.

So‘zga chiqqanlar bugungi kunda O‘zbekistonda barqaror taraqqiyotni ta’minlash, fuqaro huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, bag‘rikenglik qadriyatlari ustivorligiga asoslangan demokratik jamiyat qurish borasida olib borilayotgan ishlar jahon hamjamiyatiga namuna ekani haqida yakdil fikr bildirdilar.

Anjumanda ta’kidlanganidek, ushbu ezgu ishlardan ko‘zlangan pirovard maqsad  xalqimiz uchun qadimdan an’anaviy bo‘lib kelayotgan diniy-ma’naviy merosga sadoqatni mustahkamlash, shu orqali yurtdoshlarimiz, xususan yoshlarda milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, bunyodkorlik tuyg‘ularini shakllantirish,  ularni milliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga amaliy hissa qo‘shish hamda ma’rifiy islomning asl qadriyatlarini singdirishdan iboratdir.

 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Axborot xizmati