Yurtimiz o‘zining muqaddas qadamjo va ziyoratgohlari, aziz-avliyolar mangu qo‘nim topgan maqbaralari bilan mashhur. Zero, ulug‘ zotlar qaysi go‘shada yashashni ixtiyor etsa, o‘sha joyda ma’naviy-ruhiy poklanish ro‘y berishi bilan birga, bog‘u rog‘lar, soya-salqin oromgohlar bunyod etilgan.
 
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori muqaddas maskanlarni saqlash va qadrlash, xalqimiz ongida ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini shakllantirish bilan birga, har bir qadamjo va ziyoratgohni obodonlashtirish, yanada fayzli, tarovatli go‘shaga aylantirish, bu borada ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
 
Farg‘ona viloyatida ham bu borada tizimli ishlar olib borilayotir. Bugungi kunda viloyatda 198 masjid, 944 qabriston, 83 madaniy meros ob’ekti, 300 dan ziyod muqaddas qadamjolar mavjud.
 
Mazkur maskanlarda obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bahorning dastlabki kunlaridanoq ziyoratgohlar hududiga aholi vakillari, homiylar ishtirokida hashar yo‘li bilan mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi, obodonchilik ishlari bajarildi. Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, masjid va qabristonlarda ziyorat qilish odoblari yozilgan lavhalar o‘rnatildi.
 
Quva tumani, Qo‘qon, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlaridagi ziyoratgoh, masjid va qabristonlarda obodonlashtirish-ta’mirlash ishlari yuqori darajada olib borildi. Qabristonlar atrofi devor bilan o‘ralib, janoza, marhumlarni xotirlash marosimlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus ayvonlar qurildi.
 
– Viloyatda 120 ga yaqin islom dini, aziz-avliyo va buyuk mutafakkirlar nomi bilan bog‘liq, turli diniy marosimlar o‘tkaziladigan qadamjo va ziyoratgohlar bor, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filiali boshqaruvchisi Baxtiyor Qirg‘izov. – Qadamjolar xalqimizning milliy va diniy qadriyatlari, ishonch-e’tiqodi, ulug‘larga bo‘lgan hurmati ifodasi bo‘lib, asrlar davomida muqaddas sanab kelingan, fayz-baraka va niyatlar ijobati ramzi sanalgan. Buyuk Sohibqiron Amir Temur Doniyor alayhissalomning xokini Samarqandga olib kelib, o‘sha hududni qadamjoga aylantirgan. Yoki Hazrat Ali-Sheridargoh pirim nomi bilan el orasida mashhur bo‘lgan joyni olaylik. U zot Shohimardonga kelmagan bo‘lsalar-da, ilmiy-tarixiy manbalarda Hazrat Ali bilan bog‘liq rivoyatlar vositasida bu go‘sha muqaddas qadamjoga aylangan. Viloyatimizda Oqmozor buva deb ataluvchi 20 dan ortiq qadamjo bo‘lib, ular qoshg‘arlik piri murshid Ofoqxo‘ja nomi bilan bevosita bog‘liq.
 
Ziyoratgohlar o‘z tarixi, asosli manbalarga oidligi bilan qadrlidir. Hozirgi kunda Buvayda tumanida Poshshopirim ziyoratgoh-majmuasi, Farg‘ona tumani Chimyon qishlog‘ida Hazrati Huvaydo maqbara-ziyoratgohi, Marg‘ilonda Puri Siddiq ziyoratgohi me’moriy yechimi, boy tarixi, ziyoratchilar uchun muborak maskanga aylangani bilan ahamiyatlidir.
 
Ming afsuski, keyingi paytlarda ayrim ziyoratgohlarda noxush holatlar kuzatilmoqda. Farg‘ona tumanidagi Sadkak buva, Yettibuloq, Rishton tumanida Hizr buva ziyoratgohlarida aholi, ziyoratchilar tomonidan atrof-muhitni ifloslantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizga zid, shariatga xos bo‘lmagan ishlarni qilish odat tusiga kirdi. Ayniqsa, hovuz-buloqlarga maishiy chiqindilar, oziq-ovqat qoldiqlarini tashlash, daraxtlarga turli latta-putta bog‘lash va jonliq so‘yib, marosimlar o‘tkazish avj oldi.
 
Rishton tumani Bo‘ston mahallasidagi Hizr buva ziyoratgohida shu hududda yashovchi aholi vakillari tomonidan folbinlik, kohinlik ishlari amalga oshirilayotgani, qo‘lbola rastalar tartibsiz qo‘yilib savdo qilinayotgani, oshxona, ovqatlanish joylari sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermasligi juda achinarlidir. Bu haqda bir necha bor ommaviy axborot vositalarida tanqidiy fikrlar bildirildi. Biroq, ziyoratgoh mutasaddilari bu muborak go‘shaning nufuzini ko‘tarishga negadir harakat qilmayaptilar.
 
Ziyoratgohlarni obodonlashtirish borasida hali talaygina muammolar bor. Masalan, yuqorida aytilganidek, ayrim qabristonlarda diniy va milliy qadriyatlarimizga zid ishlar ham ko‘zga tashlanadi. Boz ustiga, qabr atrofini panjara bilan to‘sish keluvchilarga noqulaylik tug‘diradi. Hududda chorva hayvonlari boqish, xazon yoqish yomon ishlardan biridir. Qabristonga uning o‘ziga xos odoblariga rioya etgan holda kirib chiqish kerak.
 
Viloyatda mahalla ahli faollari tashabbusi va homiylar ko‘magida qabristonlar atrofini devor bilan o‘rash, obodonchilik ishlari bajarilmoqda. Chunonchi, Farg‘ona shahridagi 26 qabristonni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilyapti.
 
Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar ma’naviy hayotimiz ko‘zgusi. Shunday ekan, bu maskanlarni obod etish, ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratish barchamizning vazifamizdir.
 

 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA