Joriy yilning 14 may kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Markaziy Osiyo va islom sivilizatsiyasi” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi, Fanlar akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda tadqiqotchi va talabalar ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri bo‘lib, mintaqamizda tug‘ilib o‘sgan buyuk mutafakkirlar islom ilmlari bilan bir qatorda dunyoviy fanlar rivojiga ham ulkan hissa qo‘shganlar. Ularning boy ilmiy-ma’naviy merosi o‘zining ilmiy ahamiyati bilan hozirgi davrda ham xalqaro jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etiladi va yuksak qadrlanadi.

O‘zbekiston tarqqiyotining yangi bosqichida buyuk allomalarning  ilmiy-ma’rifiy va madaniy-ma’naviy merosini tiklash, uni o‘rganish va targ‘ib qilish hamda ularning nomi bilan bog‘liq qadamjolar va ziyoratgohlarni obod etish yo‘lida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Bu ezgu va xayrli ishlar tarixda o‘ziga xos yangi davrni boshlab berish bilan birga, O‘zbekistonning islom dunyosidagi o‘rni va nufuzining yanada oshishiga xizmat qilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyeyovning  2017 yil 15 iyundagi “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumandagi nutqida ilgari surilgan konseptual g‘oyalar hamda 2017 yil 19 sentyabrdagi BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish bo‘yicha taklif bilan chiqqan murojaatlari mazmun-mohiyat jihatidan katta tarixiy ahamiyaga ega bo‘lib,  xalqimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon afkor ommasini keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishdek ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etadi.

Konferensiya Markaziy Osiyo mutafakkirlarining ilmiy-ma’naviy va diniy-ma’rifiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari”, “Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani rivojidagi o‘rni va ahamiyati”, Insonparvarlik,  o‘zaro totuvlik va hurmat, insoniy bag‘rikenglik kabi tamoyillar ­– Islom sivilizatsiyasining asosi sifatida”, “Islom madaniyatining mamlakatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotidaga roli va uning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni” kabi sho‘’balarda faoliyat olib bordi.

 Islom sivilizatsiyasining tub mohiyatini tashkil etadigan insonlarning ijtimoiy tengligi, o‘zaro hurmat, tinchlik, barqarorlik, diniy bag‘rikenglik, milliy totuvlik kabi tamoyillarning shakllanishi va rivojlanishi masalalari ham yosh tadqiqotchilar e’tiboridan chetda bo‘lmadi. Shuningdek, ular ijtimoiy taraqqiyotga xavf soluvchi har qanday g‘oya – bag‘rikenglik tamoyiliga zidligi, diniy mutaassiblik, ekstremizm, fundamentalizm, terrorizmga qarshi turishi, zo‘ravonlik  “virusi”  tarqalishining oldini olish, ayrim yoshlarning noto‘g‘ri diniy qarashlarga berilishi va uning oqibatlari,  internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda mediamadaniyatni shakllantirish kabi masalalarda kelishib oldilar. Eng asosiysi, bugungi globallashuv davrida “Jaholatga qarshi - ma’rifat” shiori mazmun-mohiyatiga hamohang tarzda faoliyatni keng yo‘lga zarurligi ta’kidlandi.

 Anjuman davomida talabalar tomonidan tayyorlangan xattotlik yozuvlari hamda ajdodlar merosiga bag‘ishlangan elektron dasturiy ta’minotlar va android programmalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

 Anjumanga kelib tushgan o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi maqolalar ilmiy maqolalar to‘plami nashr etildi hamda taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Axborot xizmati