2018 yilning 14 mart kuni Buyuk Britaniyaning Kembridj universiteti qoshidagi Kembridj Markaziy Osiyo Forumi yetakchi mutaxassisi Shirin Akiner Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi tomonidan qabul qilindi.
Qo‘mita raisi Shirin Akinerga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda din sohasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va erishilayotgan yutuqlar hamda istiqboldagi rejalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Shirin Akiner O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan islom tadqiqotlari, O‘zbekistonni rivojlantirish 5 ta ustuvor yo‘nalishida davlat rahbari Sh.M.Mirziyoyevning tashabbuslariga alohida to‘xtalib o‘tdi va ushbu ezgu ishlar O‘zbekiston taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shishini ma’lum qildi.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar bo‘layotgani, xususan, din sohasida ham ulkan yutuqlarga erishilayotganini butun jaxon afkor ommasi iliq kutib olayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekistonda turizm sohasiga keng yo‘l ochib berilayotgani, bir qancha davlatlar bilan vizasiz tizimning joriy qilingani, xossatan, O‘zbekistonni butun dunyoga tanitgan ulug‘ allomalar qadamjolarini targ‘ib qilish maqsadida ziyorat turizmiga urg‘u berilayotgani ham mamlakatning ma’naviy merosini dunyoga tanitishga turtki bo‘layotganini aytib o‘tdi.
Sh.Akiner Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatini, O‘zbekistondagi ziyorat turizmi sohasini xorijiy jamoatchilikka targ‘ib qilishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi.


Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati