Zaminimiz azaldan buyuk allomalar, mutafakkirlar, o‘z zamonasidan o‘zib ketgan daholar yurti bo‘lib kelgan. Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qshchi, Alisher Navoiy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Abu Bakr Qaffol Shoshiy, Abu Mansur Moturidiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Abulmuin Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy... nomlarining o‘zi bir kitob bo‘ladi. Biri kalom ilmi ustozi, biri falak toqiga narvon qo‘ygan zabardast olim, boshqasi amaliy tibbiyot otasi, biri kalom ilmi durdonasi, yana biri muhaddislar sultoni.

Islom olamida o‘ziga xos alohida hurmat va e’tiborga sazovor, musulmon yurtlari ichida bizga faxr bag‘ishlovchi buyuk ajdodlarimizdan biri bu shubhasiz Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hazratlaridir. Bu zotning ilm yo‘lida chekkan riyozatlari, hadis ilmining rivojiga qo‘shgan hissalari hamda yaratgan asarlari butun dunyoda tillardan-tillarga doston bo‘lgan. Islom dinining birinchi muqaddas manbasi bo‘lmish Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turuvchi “al-Jome’ as-sahih” hadislar to‘plami ham shu ulug‘ zotning ko‘p yillik ilmiy faoliyatlari va bu yo‘ldagi ixloslari, islom ummatiga nisbatan tutgan xolis yondashuvlarinng mahsulidir. Imom Bxoriydek zot haqida ko‘p gapirish mumkin, ko‘p gapiirilgan ham, bundan keyin ham gapiriladi. Zero o‘rta asrlar sharoitida bir millionga yaqin hadisni dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan minglab roviylardan birma-bir yozib olib, tekshirib, tasniflab kitoblar ta’lif etish bugungi texnika va keng imkoniyatlar asrida ham hech kimga nasib etmayotgan buyuk xizmat va sharafdir. Bu buyuk muhaddis roviy va isnodlari bilan yoddan bilgan shuncha hadislardan 7,5 mingga yaqinini o‘z “al-Jome’ as-sahih” kitobi esa islom olamida eng ishonchli hadis to‘plami hisoblanadi.

Ma’lumki, bugun yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga katta e’tibor berilmoqda, yoshlarni ajdodlarimizga munosib avlod etib tarbiyalash maqsadida turli ilm maskanlari, markazlar tashkil etilmoqda, bu borada ulkan ishlar qilinmoqda. Islom diniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish bosh g‘oyamizga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz qayerga bormasinlar, yurtimizning qasi go‘shamizda bo‘lmasinlar o‘sha yerda tug‘ilib o‘sgan aziz-avliyolar, olimu mutafakkirlarning nomini va merosini tiklash, abadiy qo‘nim topgan yerlarini obodonlashtirish, ularning nomi bilan ataluvchi turli ziyo maskanlarini tashkil etish va ularning faoliyat miqyosini keng va aniq belgilab berish ishlarida shaxsan o‘zlari tashabbuskor bo‘lmoqdalar.

 Hozirda yurtimiz allomalarining ko‘plab asarlari chop etilmoqda. Shu kunga qadar Termiziy allomalarning 20 dan ortiq   asarlari,  Imom  Buxoriy  hazratlarining  “al-Jome’ as-sahih”, “al-Abad al-mufrad” asarlari ham bir necha bor minglab tirajlarda chop etildi va chop etilmoqda.

Bugungi kunda Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy meroslari va u zotning islom olamida tutgan bemisl o‘rinlarini keng jamoatchilikka tanitish ishlariga doir Prezident hamda hukumat qarorlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 mart kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora tadbirlari to‘g‘risida” 2855-sonli Qarori buning yaqqol misoli bo‘la oladi.

Mazkur qarordan ko‘zlangan maqsad buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning boy merosi, u zotning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, yosh avlodni millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinch-totuv hayotni qadrlash va mustahkamlash ruhida tarbiyalash, shuningdek, xalqaro miqyosdagi ma’naviy-ma’rifiy muloqot va hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

O‘z buyuk ajdodlarini e’zozlagan, ularning ilmiy merosi, bunyodkor g‘oyalarini o‘zining ma’naviy taraqqiyoti mayog‘i o‘laroq tutgan xalq hech qachon kam bo‘lmaydi. Shunday ekan, barchamiz yurt rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan bundayin savobli ishlarga daxldorlik hissi bilan yashashimiz, bunda har birimiz o‘zimizning kasbimiz va yo‘nalishimizdan kelib chiqib mas’uliyatni his qilgan holda harakat qilishimiz biz uchun ham farz, ham qarz.  

 

S.Sharipov