Mustaqillikning ilk kunlaridanoq hukumatimiz tomonidan milliy va diniy qadriyatlarni tiklash, ulug‘ ajdodlarimizning yorqin xotiralarini e’zozlash, ularning ilmiy-ma’naviy meroslarini o‘rganib, keng jamoatchilikka yetkazish, xalqimizni ma’rifiy islom ta’limotlari bilan bahramand etish borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida qad roslagan ulug‘ alloma Imom Abu Iso Termiziy ziyoratgohi ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan ziyoratgohda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlar amalga oshirildi. Xususan, buyuk muhaddis maqbarasi, unga tutash binolar rekonstruksiya qilinib, qisqa fursat ichida ziyoratgoh mahobatli va xushmanzara qadamjoga aylantirildi.

Ziyoratgoh hududidagi barcha sharoitlarga ega kutubxona, yig‘ilish zali, masjid binosining tubdan qayta qurilib, foydalanishga topshirilishi Ramazon oyida xalqimiz uchun katta tuhfa bo‘ldi.

Joriy yilning 31 may kuni bo‘lib o‘tgan ziyoratgoh va masjidning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, yurtimiz ulamolari, nuroniylar, mahalla faollari ishtirok etdilar. Marosimdan avval 300 nafar tadbir ishtirokchilariga iftorlik dasturxoni tuzaldi.

Iftorlikdan so‘ng ishtirokchilar Imom Termiziy maqbarasini ziyorat qilib, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va bu xayrli ishlarga boshchilik qilayotgan Prezidentimiz haqlariga duoi xayrlar qildilar. So‘ngra masjidda birinchi bor 1500 dan ziyod namozxon ishtirokida taroveh namozi tashkil etildi.

Unda muftiy U.Alimov bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, tinchlik ne’mati, ne’matlarga shukronalik, yurtboshimiz tomonidan dinimizga berilayotgan e’tibor, hususan, Imom Abu Iso Termiziy hamda Abul Muin Nasafiy ziyoratgohlarini rekonstruksiya qilish,  Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini hamda Buxoro shahrida Mir Arab Oliy madrasasini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan samarali ishlar haqida ma’ruza qildi.

Imom Abu Iso Termiziy majmuasining ochilish marosimi hamda taroveh namozi bayramona shukuh va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.

   

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita