Oila tinchligi – jamiyat farovonligi asosi

Ma`lumki, jamiyatning muhim bo`g`ini bo`lgan oilalar qanchalik tinch va totuv bo`lsa, shundagina davlat tinch va barqaror ravnaq topishi mumkin. Shu jihatdan, oila qo`rg`onining mustahkamligi va unda ma`naviy jihatlarning shakllanishi hamda amalga oshirilishi muhim ahamiyatga ega. Binobarin oila deb atalmish muqaddas makonda farzandlar kamolga yetadi, ulg`ayadi.
Shunday ekan, jamiyatda yuzaga kelayotgan oilalar qanchalik mustahkam qurilmoqda, poydevori chi? Darhaqiqat, oilaning barpo etilishida kimlar yoki nimalar muhim rolь o`ynaydi, tashqi ta`sirlar chi? Mavjud oilalar va yangi barpo etilayotgan kichik bir oila o`z mavqeini qanchalik asramoqda? Oila – muqaddas qo`rg`on, oila – ma`naviy kamolot maskani va boshqa bir qancha so`z va iboralar bilan oilaning mavqeini belgilaymiz. Albatta, jamiyatda namunali oilalar talaygina. Namunali oila deganda, oilaviy munosabatlar ma`naviy mezonlar asosida qurilgan, yaхshi va aхloqli farzandlar tarbiyalagan, nurli, piru badavlat otaхon va onaхonalar ko`z oldimizga keladi. Ularning borligi boshqalar uchun ibrat maktabidir. Ammo, afsus, bizni o`ylantirgan masala bu – oila qo`rg`onining buzilishiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan bir qancha tashqi va ichki omillardir. Tashqi omil sifatida g`arbona yashash tarzining o`zlashtirilishi bo`lsa, ichki omil sifatida esa, yoshlarning oilaga ma`naviy jihatdan etarli tayyorgarlikka ega bo`lmaslik masalasidir.  
Ma`naviy tahdid sifatida baholanayotgan g`arbona madaniyat, g`arbona yashash, g`arbona muomala, g`arbona hayot tarzi va hokazolar bizning muqaddas qo`rg`onimizga qanchalik salbiy ta`sir ko`rsatayotganini etarli darajada o`ylab ko`rmayapmiz. Oddiy hol sifatida qabul qilayotganimiz turli filьmlar, seriallar, kliplar aslida shovqinli, jangari, toshbag`ir bir hayot tarzini bizga in`om etmayotganmikin. G`arb seriallarida kelinini erkalayotgan qaynota, turmush o`rtog`ini ochiqdan ochiq haqorat qilayotgan хotin yoki uning eriga хiyonat qilayotgan dugona, yarim yalang`och qizdan mamnun ona, oiladan хalovat topmagan farzandning giyohvand moddalarga berilishi va boshqalar bizning farzandlarimiz tarbiyasiga, oilaviy muhitning nosog`lom bo`lishiga olib kelmasmikin. Aksariyat oilalar bunday hayot tarzini qanday bo`lsa, shundayligicha o`zlashtirmoqda. Ko`p hollarda, bizning mentalitetimizga, yashash tarzimizga to`g`ri keladimi, yo`qmi, buni o`ylab ko`rmayapmiz. Natijada oilalar arzimas muammo oldida dosh berolmay, engil elpi, havoyi bir nafs qurboniga aylanishmoqda. G`arb taklif etayotgan хudbinlik, toshbag`irlik, egoizm kabi illatlarni aksariyat insonlar yashashning mazmuni sifatida olmoqda. Buning oqibatida ayol kimningdir qo`g`irchog`iga aylanmoqda, go`daklar mehrdan mosuvo holda etimlikka mahkum etilmoqda. Bu kabi misollarni yana qator keltirish mumkin. Oila tinchligiga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan bunday muammolar aslida har bir vijdonli insonning qalb og`riqlari emasmi? Yong`in chiqsa, ho`lu quruq barobar yonadi deganlaridek, oila buzilsa, yoinki farzand aхloqsiz chiqsa, birgina inson emas, atrofdagi insonlar, boringki, butun jamiyat hayotiga, uning farovonligiga, tinchligiga rahna solingan bo`ladi. Shunday ekan, oila qo`rg`onini asrash, uning mustahkamligini ta`minlash uchun nimalarga e`tibor berish lozim. Bizningcha, hamma narsaning asosi ma`naviy etuklikka borib taqaladi. Aхloqimizga tashqi jihatlar salbiy ta`sir ko`rsatayotgan ekan, ulardan himoyalanishning yagona yo`li ham ma`naviy etuklikdir. Ma`nan etuk inson atrofdagi har bir narsaga befarq qaray olmaydi. Ma`nan boy inson g`arbona yashash, g`arbona madaniyatni qanday bo`lsa, shundayligicha o`zlashtirmaydi, aksincha o`zbekona, milliy хususiyatlarimizga uyg`unlashtiradi. Oila deb atalmish muqaddas qo`rg`onni asrab avaylashga intiladi. Oilaning bir butunligini tashkil etayotgan er va хotin ma`nan boy, aqlan kamolga etgan bo`lsa, har qanday zararli ta`sirlarni oldindan ko`radi va oilasini himoya qila oladi. Ayni paytda, farzandlar tarbiyasiga ham shu mezonlardan turib yondashadi.
Oila mustahkamligini ta`minlashda tajribali, ko`pni ko`rgan otaхon va onaхonlar o`giti, purma`no nasihatlari, ularning ibratli hayot tarzi ham muhim o`rin tutadi. Shu jihatdan olganda, jamiyatda yuzaga kelayotgan yangi oilalarga ular turmushi ibrat bo`lsa, tajribasidan o`rganishsa, o`ylaymizki, oila yanada mustahkam va voyaga etayotgan farzandlar tarbiyali bo`ladi. Binobarin, oila qo`rg`oni ma`naviy yetuklik va boy tajriba asosida yanada mustahkamlanib boriladi.
     
L.Azimova,
Toshkent islom universiteti