Bugungi kunda mamlakatimizda milliy oʻzligimizni tiklash, inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini taʼminlash va muqaddas dinimizning insonparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan ezgu anʼanalarini munosib davom ettirishga borasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Har yili anʼanaga aylangan va joriy yilda ham chiqarilgan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorlari bunga misol boʻla oladi. 

Mazkur qarorda muborak Ramazon oyining ahamiyati, mamlakatimiz moʻmin-musulmonlari ushbu muqaddas oyni doimo orziqib, katta xursandchilik bilan kutib olishlari, oila va mahallalarda oʻzaro mehr-oqibatni mustahkamlash, yosh avlodimizni bilim-maʼrifat va goʻzal xulq sohiblari etib kamol toptirish, ehtiyojmand insonlarga koʻmak va yordam koʻrsatish kabi ezgu amallarni sidqidildan, ixlos bilan ado etishga intilishlari taʼkidlandi.

Oʻz navbatida, mazkur oyda fuqarolarimizda diniy amallarni bajarishga, ijtimoiy tarmoqlar orqali bir-birlariga Ramazon oyi tabrigi, mazkur oyda qilinadigan amallar, roʻzaga oid turli fatvolar hamda boshqa shu kabi diniy mazmundagi materiallarni tarqatish, shuningdek, internet tarmogʻiga yuklash holatlari tabiiy ravishda ortadi. 

Oʻtgan yillar davomida olib borilgan monitoring natijalari, fuqarolarimizdagi bu ishtiyoqdan turli ekstremistik, terroristik tashkilotlar hamda aqidaparast shaxslar doim gʻarazli maqsadlari yoʻlida foydalanib, aholi orasida oʻzlariga tegishli boʻlgan kontentlarni keng tarqatishga harakat qilishini koʻrsatmoqda. 

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 14-apreldagi 180-son qaroriga koʻra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasi oʻtkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi asosida ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi mumkinligi qayd etilganliginini ham unutmaslik lozim.

Mazkur holatlarni inoabatga olgan holda Din ishlari boʻyicha qoʻmita fuqarolarimizdan dinshunoslik ekspertizasidan ijobiy xulosa olinmagan hamda shubhali diniy mazmundagi audio, video va boshqa turdagi media mahsulotlarni Internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalaridan yuklab olmaslik va tarqatmaslikni soʻraydi!

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

11.03.2024.