Ikki tomonlama hamkorlik muhokama qilindi


Kuni kecha, 4-mart kuni Birlashgan Arab Amirligining Musulmon jamiyatlari xalqaro kengashi Bosh direktori Xolid Xalifa al-Kaʼbiy boshchiligidagi delegatsiyani Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qabul qildi.


Sodiq Toshboyev davlatimiz Rahbari tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlash yoʻlida qilinayotgan oʻzgarishlar hamda dinlararo muloqot va millatlararo totuvlik borasidagi yangiliklarga alohida toʻxtaldi. Shuningdek, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, ekstremizmga qarshi kurash va diniy tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish yoʻnalishidagi ishlar toʻgʻrisida soʻz yuritdi.


Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirligi oʻrtasidagi hamkorlik rivoj topayotgani, ayniqsa, ikki davlat rahbarlarining doʻstona aloqalari turli yoʻnalishlardagi munosabatlarga katta zamin boʻlayotgani haqida soʻz yuritdilar. Jumladan, diniy-maʼrifiy sohada ham bir qator delegatsiyalar almashinuvi va kelishuvlarga erishilgani, xususan, shu yil fevral oyida Abu Dabi shahrida bir qator mutasaddi idoralar bilan Oʻzbekiston delegatsiya samarali muloqot oʻtkazganini alohida qayd etdilar.


Xolid Xalifa al-Kaʼbiy samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, kengash toʻgʻrisida va uning faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi. Martabali mehmon ushbu Kengash 140 dan ziyod davlatlar bilan hamkorlik oʻrnatganini maʼlum qilib, uning asosiy maqsadlari mahalliy fatvolarni ishlab chiqarishga koʻmaklashish, jamiyatda diniy-milliy qadriyatlarni qaror toptirish, bagʻrikenglik tamoyillarini keng yoyish, azaliy urf-odatlar va anʼanalarini hurmat qilish, xalqlar farovonligi yoʻlida oʻzaro hamkorlik qilish hamda vatanga muhabbat tuygʻularini shakllantirish ekanini bayon qildi.


Uchrashuvda tomonlar kelgusida ilmiy-tadqiqot, diniy-maʼrifiy va ijtimoiy-maʼnaviy sohalarida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. 


Tashrif davomida mehmonlarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Uchrashuv yakunida delegatsiya koʻrsatilgan iltifot va yuqori darajadagi mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik izhor qildi.