“Haj – 2024” mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama etildi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 7-yanvar kuni Jidda shahrida Oʻzbekiston delegatsiyasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi rahbariyati oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqotda Haj va umra vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirokida oʻzaro aloqalarning istiqbollari hamda “Haj – 2024” mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama etildi.  

Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik ravnaq topayotgani, haj va umra qiluvchilar soni keskin oshayotgani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqani alohida qayd etildi.

Haj va umra vaziri soʻnggi yillarda Oʻzbekiston eng yaxshi natijalarga erishayotgani va jadal taraqqiy etayotganini taʼkidlash barobarida avvalgi yildagi Oʻzbekiston zaminiga tashrifi bir umr yodida qolganini bildirdi.  

Uchrashuvda Oʻzbekiston delegatsiyasi haj va umra ziyoratchilariga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish borasida oʻz fikr-mulohazalarni taqdim etdilar.

Muloqot yakunida Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda Haj va umra vazirligi oʻrtasida muborak safarlarni yanada yaxshilash yuzasidan kelishuv imzolandi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

08.01.2024.