«8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun!” mavzusida davra suhbati

Joriy yilning 7-dekabr kuni Din ishlari boʻyicha qoʻmitada “8-dekabr - Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun” munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Bayram tadbiri Davlatimiz madhiyasining Qoʻmita xodimlari tomonidan  joʻr ovozdagi kuylashlari bilan boshlandi.

Tadbirni Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari D.Maxsudov tabrik nutqi bilan ochib berdi. 

Shundan soʻng, mehmon sifatida taklif etilgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti M.Qaxxorova tomonidan davlatimiz Konstitutsiyasining tarixi, shakllanish bosqichlari, ahamiyati va oʻziga xosligi kabi mavzularda fikrlar bildirildi.

Shuningdek, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha jabhalari qamrab olingani, inson qadri uchun tamoyiliga asoslangani hamda xalqaro standartlarga toʻla javob bera olishi borasidagi fikr-mulohazalarga toʻxtalib oʻtildi.

Qoʻmita raisining oʻrinbosari D.Gʻulomova tomonidan ham Konstitutsiyamizning yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, obodlik, millatlararo totuvlik, bagʻrikenglik, erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevori sifatida qalbimizga tuganmas iftixor bagʻishlashi xususida soʻz yuritildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash oʻrinliki, Konstitutsiyamiz yuksak adolat, insonparvalik, haqqoniylik tamoyillarini oʻzida jamlagan boʻlib, puxta va izchil qoidalar toʻplami hisoblanadi. Oqilona ishlab chiqilgan qonun davlat va jamiyat manfaatlari uchun xizmat qiladi. Shu maʼnoda, Konstitutsiyamiz mustaqil mamlakatimizning maʼnaviy-maʼrifiy, iqtisodiy-siyosiy yuksalishiga asosiy omil, poydevor deyish mumkin.

Bayram tadbiri koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

07.12.2023.