Xalqaro hamkorlik rivoji yoʻlida yana bir qadam

Bugun, 20-noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining “Musulmon oqsoqollar kengashi” Bosh kotibi Muhammad Abdulsalom boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi.

Mehmonlar soha rahbarlari tomonidan kutib olindi.

Samimiy va doʻstona kechgan muloqotda soʻnggi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohaga berilayotgan eʼtibor, “jaholatga qarshi maʼrifat” bilan kurash tajribasi haqida soʻz yuritildi.

Oʻz navbatida Muhammad Abdulsalom Oʻzbekistonga tashrifidan mamnun ekanini taʼkidladi. Tomonlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalari rivojlanayotganini eʼtirof etdi. 

Maʼlumki, “Musulmon oqsoqollar kengashi” mustaqil xalqaro tashkilot boʻlib, u 2014-yil 18-iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahrida tashkil etilgan.

Kengash faoliyati BAA prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi hamda moliyalashtiriladi.

Kengashning asosiy maqsadi musulmon olamida tinchlikni targʻib qilish, nizolarni toʻxtatishda birgalikda harakat qilish hisoblanib, kengash boshqaruvi aʼzoligiga oʻzining mustaqilligi va moʻtadilligi bilan nufuzga erishgan musulmon olimlari va ekspertlari jalb qilingan.

Muloqot yakunida hurmatli mehmonga mutasaddilar tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

20.11.2023.