“DINIY BAGʻRIKENGLIK” koʻkrak nishonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi

Soʻnggi yillarda “16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni”munosabati bilan turli konferensiya va anjumanlar, davra suhbati va uchrashuvlarni oʻz ichiga qamrab olgan “Bagʻrikenglik haftaligi”ning oʻtkazilishi – jamiyatda bagʻrikenglik gʻoyalarining mustahkamlanishi, turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani alohida eʼtirofga loyiq.

Taʼkidlash lozimki, oxirgi yillarda mamlakatimizda diniy-maʼrifiy soha rivoji yoʻlida keng koʻlamli islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda. 

Ushbu jarayon soha xodimlaridan ham alohida masʼuliyat va faollik talab etadi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, ularning fidoiyligi, sharafli mehnatlari hukumatimiz tomonidan eʼtirof etilib, qadrlanmoqda.

Joriy yilning 14-noyabr kuni poytaxtimizda bayram munosabati bilan bir guruh hamyurtlarimiz “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar.  

Unga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo doʻstlik va diniy bagʻrikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari taklif etildi. 

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev yuksak mukofotga sazovor boʻlganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni egalariga topshirdi.

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-sentyabrdagi “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, ushbu koʻkrak-nishoni bilan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni targʻib etish, fuqarolar eʼtiqod erkinligini taʼminlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va maʼnaviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi Sodiq Toshboyev yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning vijdon erkinligi, din va millatlararo totuvlik taʼminlanayotgani, mazkur nishonning taʼsis etilgani esa hukumatimizning diniy sohaga boʻlgan yuksak eʼtiborining yaqqol namunasi ekanini taʼkidladi.

Mukofotlanganlar oʻzlarining quvonchlari, ichki kechinmalarini izhor qilib, yuksak eʼtiborga sazovor boʻlish hissi ularni yanada ulugʻvor ishlarga undashini, yosh avlodni bagʻrikenglik ruhida tarbiyalashda yangi kuch-gʻayrat berishiga asos boʻlishini taʼkidladilar.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

14.11.2023.