Taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yili boshlandi

Ayni paytda yurtimiz taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yili boshlandi. Shu jumladan, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda barcha oliy va oʻrta maxsus islom bilim yurtlarida 2023/2024-oʻquv yili munosabati bilan “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” deb nomlangan bayram tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Taʼlim muassasalarida 2023/2024-oʻquv yili munosabati bilan “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun!” deb nomlangan “Mustaqillik darsi” oʻtkazildi. Unda 1-bosqichiga qabul qilingan talabalar ishtirok etdi.

Darslar davomida professor-oʻqituvchilar tomonidan istiqlol, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi, uning fuqarolarimiz taqdiridagi ahamiyati, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati haqida maʼruza qilindi.

Yoshlarga vatanni sevish haqiqiy baxt ekani, mamlakatimiz tinchligini asrab-avaylash, uning taraqqiyotiga hissa qoʻshish har bir farzandning burchiga aylanishi, eng asosiysi, bu niyat va maqsadlarga erishish yoʻlida talabalar kuchli bilimga ega boʻlishi, odob-axloq, tarbiya bilan kamolga yetishi zarurligi alohida taʼkidlandi.   

Shuningdek, mazkur darslarda yigit-qizlarga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan Uchinchi renessansning mazmun-mohiyati, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida erishilgan yutuq va marralar dunyo hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilayotgani hayotiy misollar vositasida tushuntirildi.