Bosh imom-xatiblarga malaka oshirish oʻquvlari boshlandi 

Bugun, 22-avgust kuni Buxoro viloyatidagi Mir Arab oliy madrasasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar hamda tuman-shahar bosh imom-xatiblari uchun malaka oshirish oʻquvlari boshlandi.

Ilk mashgʻulotlarda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov  va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq soʻzladi.

Soʻzga chiqqanlar mazkur malaka oshirish oʻquvlaridan koʻzlangan maqsad mamlakatimizning yangi taraqqiyot davrida diniy soha xodimlari oldida turgan diniy-maʼrifiy ishlarni yanada jadallashtirish, yoshlarni har tomonlama yetuk shaxs sifatida tarbiyalash, ularni yot gʻoyalar taʼsiridan saqlashga qaratilgan targʻibotlarni keng koʻlamda tashkil etish, ayniqsa, bosh imom-xatiblarning fuqarolar bilan ishlash, masjidlar ishini yuritish, aholining ijtimoiy koʻmakka muhtoj qatlam vakillarini jamiyatga qaytarish bilan bogʻliq faoliyatlarini samarali olib borish ekanini alohida qayd etdilar.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati