Maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari Buxoro viloyati boʻylab keng qamrovda boʻlib oʻtmoqda

Xabar qilganimizdek, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Musulmonlar idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va boshqa bir qancha masʼul tashkilot vakillaridan iborat Respublika ishchi guruh aʼzolari tomonidan oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlari koʻtarinki ruhda tashkil etilmoqda.

Mazkur tadbirlarda davlat idoralari, korxona va tashkilot rahbar-xodimlari, mahallalar beshligi, sogʻliqni saqlash sohasi vakillari, maktabgacha va umumtaʼlim maktablari direktorlari ishtirok etdi.  

Shuningdek, bozor va mahalla fuqarolar yigʻinlarida, xotin-qizlari oʻrtasida hamda  umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarning ota-onalari ishtirokida  tashkil etilgan tadbirlar davra suhbati shaklida boʻlib oʻtdi. 

Ushbu uchrashuvlarda mutaxassislar tomonidan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jinoyatchilikni oldini olish, insonlarda daxldorlik hissini yuksaltirish, yoshlarni turli gʻoyaviy  tahdidlardan asrash, ayolning oila va farzand tarbiyasidagi oʻrnini mustahkamlash, maʼrifatli millat tarbiyalashda ota-onaning roli kabi qator mavzularga toʻxtalib oʻtildi.

Shu bilan birga, mazkur tadbirlar doirasida Respublika boʻyicha barcha viloyatlarda faoliyat yuritib kelayotgan 219 ta tuman, shahar bosh imom-xatiblari ham malaka oshirish oʻquvlariga jalb etilgan.

“Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida Buxoro viloyatida boʻlib oʻtayotgan tadbirlar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni rasmiy sahifalarimiz orqali kuzatib boring.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati