Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning 51 ta asari xalqchil tarjima qilindi. Yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan 210 ta ilmiy maqola, 4 nomdagi davriy ilmiy jurnal nashr etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida 3 ming 115 nafar diniy soha xodimlari hamda manfaatdor idoralar mutaxassislarining malakasi oshirildi.

Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning diniy-ma’rifiy sohalarga oid Turkiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Misr, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Afg‘oniston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlarining turdosh tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan
52 ta tadbirda offlayn va onlayn ishtiroki ta’minlandi.

Mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida fuqaro-larimiz uchun Haj va Umra  ziyoratlari yuqori saviyada tashkil etilib, 15 150 nafar ziyoratchi Haj amalini, 
34 mingdan
ortiq ziyoratchi Umra amalini ado etdi. 

Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, hududlarda 6 ta yangi diniy tashkilot o‘z faoliyatini boshladi. Shuningdek, 7 ta diniy tashkilotda tubdan qayta qurish, 18 tasida ta’mirlash ishlari yakunlandi, 250 ta binoda qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Ma’lumot uchun: Bugungi kunda Respublika bo‘yicha jami 2125 ta masjid va 197 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda.

Qayd etish kerak-ki, hisobot davrida noislomiy diniy konfessiyalar rahbarlari va vakillarining 10 ta turli xalqaro va 7 ta mahalliy tadbirdagi ishtiroki ta’minlandi. Ularning diniy bayram, tadbir va marosimlarini o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida
34 ta davlat va jamoat tashkilotlarida 11 822 nafar,
20 ta davlat va nodavlat oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida 21 180 nafar o‘quvchi, talaba, professor-o‘qituvchi va xodimlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilindi. 20 mingdan ziyod uyushmagan yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.  

Ushbu yo‘nalishdagi tadbirlarda Respublika bo‘ylab
9 000 dan ortiq mahallalarda 500 000 dan ziyod aholi bilan diniy-ma’rifiy suhbatlar olib borildi.

Jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, diniy zo‘ravonlik va boshbosh-doqlikka chorlaydigan g‘oyalar va qarashlar tarqalishiga xizmat qiluvchi 2 mingdan ortiq materiallarning yurtimizga kirib kelishi oldi olindi.

Respublikadagi diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan  islohotlarni noxolis talqin etish, ulamolarni obro‘sizlantirishga qaratilgan harakatlarga qarshi mafkuraviy kurashni tizimli tashkil etish maqsadida diniy-ma’rifiy saytlarda 4 125 ta (video, audio, maqola va infografika ko‘rinishidagi) material e’lon qilindi.

Ushbu davr mobaynida Qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslardan 1 277 ta murojaat kelib tushgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan murojaatlar soni  250 taga kamaygan.

Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlarning 856 tasiga huquqiy ma’lumot berildi, 280 tasi ijobiy hal qilindi,
83 tasi (diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarda ko‘rsatilgan kamchiliklar sabab) rad etildi,
34 ta murojaat jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi Qonunning 25-moddasiga asosan tegishliligi bo‘yicha vakolatli davlat organlariga yo‘naltirildi, 24 tasi bo‘yicha o‘rganish jarayoni davom etmoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardagi faoliyat tizimli tarzda davom ettirilmoqda.

 

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati