Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Qo‘mondonlik tarkibi ofitserlari uchun “Harbiy xizmatchilarda buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash asoslari” yo‘nalishida malaka oshirish o‘quvlari yakunlandi. 

72 soatga mo‘ljallangan mazkur o‘quvlarda jami 40 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Mazkur malaka oshirish o‘quvlaridan ko‘zlangan maqsad harbiy xizmatchilarda islom dinining insonparvarlik va tinchlikvarparlik g‘oyalari to‘g‘risida, shuningdek, harbiy xizmatchilar shaxsiy tarkib ofitserlari va fuqarolar bilan ishlash jarayonida turli yot g‘oyalar: ekstremizm, terrorizm, radikalizm, aqidaparastlik, missionerlik g‘oyalarga qarshi kurashda mafkuraviy immunitetlarini mustahkamlash hamda sohaga doir bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishdan iborat.

Shu munosabat bilan Akademiya katta zalida malaka oshirish o‘quvlari yakuni bo‘yicha bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, Malaka oshirish markazi O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari B.Isomiddinov, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilar ishtirok etdi. 

Tadbir yakunida tinglovchilarga sertifikatlar, esdalik sovg‘alari va o‘tilgan dars mashg‘ulotlari bo‘yicha tarqatma materiallari topshirildi.