Аvval xabar berganimizdek, ayni kunlarda ziyoratchilarimizni muborak Haj safariga yuborish jarayoni davom etmoqda. Boʼlajak hojilarimiz yaratilgan sharoitlardan mamnun boʼlib, ibodat va duolarni qilmoqdalar. Eʼtiboringizga 

 Eʼtiboringizga Makka shahrining janubiy Аziziya mintaqasida joylashgan “Ar-Roshidiya” mehmonxonasi haqida qisqa maʼlumot taqdim etamiz. Ushbu mehmonxona Harami sharifdan 5,5 kilometr uzoqlikda boʼlib, Kaʼbatullohga 24 soat davomida zamonaviy avtobus qatnovi yoʼlga qoʼyilgan. Bu hojilarimizga istalgan vaqtda ibodatlarini Masjidul haromda ado etish imkonini beradi.

 Mazkur yangi barpo etilgan 16 qavatli mehmonxonaning foyelari keng va yorugʼ boʼlib, hojilarimizga 40 ta zamonaviy lift xizmat koʼrsatadi. Mehmonxonaning 2300 dan ziyod toʼrt kishilik xonasi 9 300 nafardan ortiq hojini oʼz bagʼriga oladi.

 Bir vaqtning oʼzida 5 000 kishi ovqatlanishi mumkin boʼlgan oshxonada ziyoratchilarimizga uch mahal tansiq taomlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.

 Mehmonxonada tibbiy markaz va Oʼzbekiston ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan boʼlib, shifokor va masʼullar 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida boʼlmoqda.

Oʼzbekistonlik ziyoratchilar Madina shahridan birin-ketin Makkai mukarramaga kelib joylashayotgan “Ar-Roshidiya”dan tashqari “Laba Darna”, “Abraj al-Dana”, “Ruba al-Hijaz” singari mehmonxonalar haqida ham kelgusida maʼlumot beramiz.

 Safar bilan bogʼliq jarayonlarni rasmiy sahifalarimizda kuzatib boring.

Din ishlari boʼyicha qoʼmita
Аxborot xizmati