Bugun, 7 iyun kuni erta tongda Makkai mukarramaga yetib kelgan ziyoratchilarimiz “Haj – 2023” ishchi guruhi rahbari Sodiq Toshboev, xizmat koʼrsatuvchi maktabalar (muassasalar) vakillari va boshqa masʼullar tomonidan tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olindi.

 Yurtdoshlarimiz muhtasham “Roshidiya” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq ularga koʼrsatilgan ehtiromdan qalblari sururga toʼldi. 

 Mehmonxona foyesida hojilarimizni kutib olish uchun maxsus tayyorgarlik koʼrilgan: gilamlar toʼshalgan, hamma ziyoratchilar istiqboliga oshiqqan, kayfiyat koʼtaringki. Аllohning mehmonlari uzun yoʼlakdan kirib kelar ekan, ularga zam-zam suvi, xurmo, shirinliklar va esdalik sovgʼalari ulashildi.

 Tom maʼnoda, hojilarimiz ijtimoiy davlat tamoyilining amaliy ifodasini, inson qadri uchun gʼoyasining tatbiqini muborak zaminda ham toʼliq his qilmoqdalar. Makka shahriga yetib kelgan ziyoratchilarimiz ularga koʼrsatilayotgan ehtiromdan mamnun boʼlib, mohir oshpazlarimiz pishirgan lazzatli taomlardan bahramand boʼldilar.

Аyni paytda, Tamattuʼ hajini niyat qilgan ziyoratchilarimiz umra amalining qolgan ruknlarini bajarishga hozirlik koʼrmoqdalar.

 Safar bilan bogʼliq jarayonlarni rasmiy sahifalarimizda kuzatib boring.

Din ishlari boʼyicha qoʼmita
Аxborot xizmati