Bugun, 9 may kuni Qatar poytaxti Doha shahrida boshlangan «Diniy erkinlikdan diniy mas'uliyat sari: qo‘llab-quvvatlash va harakat hamjamiyatlarini qurish» nomli xalqaro konferensiyada O‘zbekiston delegasiyasi ishtirok etmoqda. Shu yilning 11 may kuniga qadar davom etadigan ushbu tadbirda xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar yetakchilari, mashhur olimlar, taniqli ulamolar hamda soha ekspertlari jami 100 dan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda.

Qayd etish kerakki, mana shunday yirik forum 2022 yil 16-19 may kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tgan edi. Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilingan edi. Bundan ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarni to‘ldiradigan ushbu hujjat O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga muhim hissa qo‘shmoqda.

Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston delegasiyasi sifatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, bir qator diniy soha vakillari hamda diyorimizdagi diniy konfessiyalar vakillari ishtirok etmoqda.

Xalqaro tadbirda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan O‘zbekistondagi millatlararo do‘stlik, dinlararo ahillik borasidagi qadim ana'nalar va bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar yuqorida baholandi. E'tiborlisi, ochilish marosimida 2022 yil Toshkent va Buxoroda o‘tgan konferensiyadan videolavhalar taqdim etildi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov O‘zbekistonda millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligi ta'minlanishi, barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilgani, millatlar va konfessiyalar o‘rtasida totuvlik hamda hamjihatlikni ta'minlash siyosati izchil davom ettirilayotgani haqida muhim ma'lumotlarni ishtirokchilarga taqdim etdi.

AQSh Global jalb qilish instituti asoschisi Kris Saypl AQSh-O‘zbekiston  munosabatlari haqida to‘xtalib, keyingi yillarda O‘zbekistonda qisqa vaqt davomida amalga oshirilgan islohotlar butun dunyo uchun o‘rnak bo‘lishi lozim ekanini 20 ga yaqin mamalakatdan kelgan delegatlar oldida ma'lum qildi.

Shuningdek, tadbir doirasida turli davlatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlararo samarali muloqot o‘rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg‘or xorijiy tajribalar namoyish etilmoqda.

Konferensiya ishida ko‘p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini ta'minlash, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy ma'ruzalar ham ishtirokchilar e'tiboriga taqdim etilishi belgilangan.

O‘zbekiston delegasiyasining Qatarga safari davom etmoqda.