Joriy yilning 16 iyul kuni O'zbekiston musulmonlari idorasida Hindiston islom madaniyati markazi direktori Sirajuddin Qurayshi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Martabali mehmon bilan O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minavarov va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov muloqot olib bordi.

Dastlab, muftiy hazratlari diyorimizda diniy ibodatlarni emin-erkin va tinchlik-osoyishtalikda ado etib kelinayotgani, xayrli islohotlar, ulkan ijrootlar va ilg'or tashabbuslar amalga oshirilayotgani haqida so'zlab, ilmiy maktablar tashkil etilgani va “Qur'oni karim va tajvid” bo'yicha o'quv kurslari ochilgani va boshqa qator yangiliklar haqida batafsil ma'lumot berdilar.

Davra suhbatida so'z olgan Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minavarov O'zbekiston – islom madaniyati va tarixiga oid ko'plab yodgorliklarni o'z bag'rida saqlab kelayotgan bebaho zamin ekanini aytib o'tdi. Xususan, hozirda yurtimizda 150 mingga yaqin qo'lyozmalar saqlanishi, o'z navbatida, xorijda ham O'zbekistonga oid asarlar mavjudligi, ularni o'rganishga zarurat juda ham yuqori ekani nuqtai nazaridan, davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Islom tsivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganini qayd etdi.

Shoazim Minavarov ayni kunlarda azim poytaxtimiz markazidagi 10 gektarga yaqin maydonda Islom tsivilizatsiyasi markazini bunyod etish ishlari jadal olib borilayotganini bildirdi. Ushbu markaz binosida 200 ming asarga mo'ljallangan kutubxona, Islom tarixiga oid muzey, shuningdek, yoshlarga Qur'oni karim, arab tili va xattotlik san'atini o'rgatadigan kurslar tashkil etish rejalashtirilganini zikr qilib o'tdi. Shuningdek, markaz Islom dinining ezgulik va bunyodkorlikka yo'g'rilgan ta'limotlarini keng targ'ib etish va muborak dinimiz har qanday zulm-zo'ravonlikka qarshi ekanini etkazishni asosiy maqsad qilganini bayon etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov Samarqanddagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsadlar, allomalar asarlarini o'rganish yo'lida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari va Hindistonda hanafiy mazhabiga oid nodir asarlar ko'pligi sababli o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lishini ta'kidladi.

Sirajuddin Qurayshi janoblari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Hindiston Islom madaniyati markazi tashkil etilishi, asosiy faoliyat yo'nalishlari, unda tashkil etilgan o'quv kurslari, to'garaklar haqida ma'lumot berdi. Shuningdek, Hindiston hukumati va xorij davlatlarining ushbu markazga bo'lgan e'tibori haqida  gapirib berdi.

Martabali mehmon Islom tsivilizatsiyasi markazi bilan tuziladigan o'zaro hamkorlik memorandumi, albatta, ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lishini, kelajakda yuksak natijalar berishini alohida qayd etdi. Sirajuddin Quraysh safar yakunida Qur'oni karimning eng qadimiy va nodir nusxasi – Hazrati Usmon Mushafini ziyorat qildi. Uchrashuv do'stona va samimiy ruhda o'tdi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati