“Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasida diniy adabiyotlarni nashr etish tartibi, qonun-qoidalari va bu boradagi kamchiliklarni hal etishga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Unda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita vakillari, diniy soha mutaxassislari hamda nashriyot xodimlari, muharrirlar ishtirok etdi.

Ta'kidlanganidek, “Sharq” NMAK qariyb bir asrlik tarixga ega, ishonchli va eng o'qishli diniy adabiyotlarni chop etishda etakchi nashriyotlardan hisoblanadi. 


Afsuski, ba'zi hollarda diniy bilimi etarli bo'lmagan, dinning asl mohiyati, maqsadidan anchayin bexabar mualliflar tomonidan islom dini ahkomlariga zid, asossiz qo'lyozmalarni yozib, nashr qilish istagini bildirayotgan, diniy adabiyot muallifligiga da'vo qilayotganlar ham uchramoqda. Alohida ta'kidlash lozimki, yurtimizda diniy adabiyotlar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitada ekspertizadan o'tib, tasdiqlanganidan so'nggina nashr etiladi. Bu esa, o'z navbatida yurtimizda nashr etilayotgan diniy adabiyotlar qimmati, ishonchliligini oshiradi. 

G'ulomjon Hakimov, “Sharq” NMAK kasaba uyushma raisi:

 

– Nashriyotimiz o'zining uzoq yillik tarixi va tajribasiga ega. Ayniqsa, diniy adabiyotlar nashr etilishidan avval tahririyatimizdagi bosh komissiya va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitada ekspertizadan o'tadi. Nashriyot ular tasdiqlagan diniy adabiyotlarnigina nashr etadi. Bu kabi kitoblar o'quvchi qo'liga etib borganda ortiqcha savol, ikkilanishlar yuzaga kelmaydi. Misol uchun, nashriyotimiz tomonidan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning bir qancha kitoblari minglab nusxada bosilgan va hozirgi kunda qayta-qayta nashr qilinmoqda. Kitobning qimmati uning chuqur diniy bilim bilan yozilgani va har bir fikrning batafsil asoslab berilganidadir. Shu bois biz o'quvchilarga Din ishlari bo'yicha qo'mita tasdiqlagan va uning maxsus belgisi aks etgan kitoblarni xarid qilishni tavsiya qilamiz.

Ahror Ahmedov, “Sharq” NMAK Bosh tahririyati bosh muharriri:

 

– Bugungi tadbirda muhokama etilgan mavzu juda dolzarb. Diniy adabiyotlarga bo'lgan ehtiyoj islom dini yuksak qadrlanayotgan yurtimizda kundan-kunga ortib bormoqda. Bu esa noshirlarga katta mas'uliyat yuklaydi. Diniy adabiyotda biror ma'lumotning noto'g'ri ketib qolishi o'quvchining umumiy yondashuviga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bugun yurtimizdagi diniy adabiyotlarni nashr etishda yo'lga qo'yilgan mexanizm Markaziy Osiyo, MDH va hatto Arab davlatlarida ham namuna olishga intilish, katta qiziqish uyg'otmoqda. Ular o'zbek tilida nashr etilgan diniy adabiyotlarni tarjima qilmoqda. Chunki ko'plab davlatlarda chop etilayotgan islomiy adabiyotlarda toyinishlar mavjud. Nashriyotimizda har yili o'rtacha 100-120 diniy adabiyot nashr etiladi. Mazkur kitoblar o'quvchilar uchun ishonchli manbaga aylanmoqda. 


Saidafzal Saidjalolov,  O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyot-matbaa birlashmasi bosh muharriri:
– Uchrashuvda diniy adabiyotlarni nashr etish, uning o'ziga xos nozik jihatlari haqida batafsil ma'lumot berildi. Agar mutaxassis bo'lmagan, etarli diniy ilmga ega emas insonlar tomonidan diniy adabiyotlar, risolalar chop etilsa, undagi chalkash fikrlar qanchadan qancha insonni adashtirib yuborishi, turli oqimlarga kirib ketishiga turtki bo'lishi mumkinligi amaliy misollar bilan aytib, isbotlab berildi. Yurtimizda bu borada kuchli mexanizm yaratilganligi quvonarli hol. 
I.Ahatova, O'zA