Bu muborak oyda ijtimoiy hayotimizda o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash hamda muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati, uning tinchlik, bag‘rikenglik, shukronalik kabi olijanob g‘oyalariga alohida e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimroqdir.

Ha, Ramazon qilingan har bir ezgu ish uchun savoblar ko‘paytirib beriladigan, xatmi Qur’onlar qilinadigan, shaytonlar zanjirband etiladigan, duolar mustajob bo‘ladigan rahmat va mag‘firat oyidir. Uning har bir kunini g‘animat bilib, oy davomida imkon qadar ko‘proq yaxshiliklarga erishish esa har birimizning orzumizdir.

Xayrli ishlarimiz yanada ko‘payadi

Bu yilgi Ramazon oyini yanada mazmunli o‘tkazish uchun musulmonlarga qanday shart-sharoit va imkoniyatlar yaratiladi?  

Shayx Abdulaziz MANSURO‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari:

— Bismillahir rohmanir rohim.

Bu galgi Ramazon oldingi yillardagidan, inshaalloh, ancha farq qiladi. Sababi, bu yil yurtimizda birinchi marotaba butun mamlakatimiz bo‘yicha Qur’oni karim musobaqasi o‘tkazildi. Qur’on o‘qilgan joyga baraka inadi. Shuning uchun har yilgi an’anamizga muvofiq Ramazon oyida deyarli barcha masjidlarimizda xatmi Qur’on bo‘ladi. Bir paytlar Ramazonda xatmi Qur’on tugul, hatto tarovih namoziga ham imkon bo‘lmaganini oramizdagi yoshi kattalar yaxshi bilishadi. Bugun bunday kunlarning har biri ulug‘ bir bayram desak, mubolag‘a emas. Minglab ziyoratchilar bu oyda umra safariga borib, Makka va Madina shaharlarini ziyorat qilishadi. Umra arkonlarini bajarishadi. Yurtimiz, yurtdoshlarimiz haqiga duo qilishadi. Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod etilish bo‘lgan fazilatli kunlarida qilingan ana shu ezgu duolarning qabul bo‘lishiga umidvormiz. Duo esa ibodatlarimizning mag‘zidir.

Shuningdek, ushbu oy munosabati bilan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Madaniyat va ma’rifat» telekanali O‘zbekiston musulmonlari idorasining mutaxassislari bilan hamkorlikda «Qur’oni karim ma’rifati» nomli yangi ko‘rsatuv tayyorlamoqda.  U bir oy davomida, har kuni saharlik va iftorlik paytida namoyish etilishi rejalashtirilyapti.

Bu qutlug‘ oyning fazilatlari tafakkur qilinib, uni duo-ibodatlar bilan o‘tkazib, undan unumli foydalanib qolmoq zarur. 

 

Chalkashlikning sababi nima?

Bu yilgi Ramazon taqvimida ushbu oy 16 maydan boshlanishi qayd etilgan. Ammo O‘zbekiston musulmonlari idorasining ma’lumoti asosida Ramazon oyining birinchi kuni 17 mayga to‘g‘ri kelishi haqida qaror chiqdi. Bu chalkashlikka nima sabab bo‘ldi?

Nurimon ­ABULHASANVazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari:

— Ahamiyat berilgan bo‘lsa, o‘sha taqvimda Ramazonning boshlanishi oy chiqishiga qarab bir kunga farq qilishi mumkinligi alohida eslatib o‘tilgan. Sababi, hijriy sananing oylari ba’zan 29, ba’zan 30 kundan iborat bo‘ladi. Shunga ko‘ra, yangi oy — hilolni qo‘rish bu masalaga yanada oydinlik kiritadi.

Hijriy taqvim asosida yil hisobini yurituvchi ayrim davlatlarda alohida Hilolni ko‘rish vazirligi tashkil etilgan. Bizda esa bu yildan boshlab, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarkibida maxsus hay’at tuzilishi rejalashtirilyapti. Bu esa kelgusida mazkur masalaga yanada ko‘proq oydinlik kiritish imkonini beradi. 

Yangi oy chiqishi mintaqalarda turlicha bo‘lgani sababli Ramazonning boshlanish va tugash vaqtlari boshqa davlatlardan farqlanishi mumkin va bu tabiiy hol. Ma’lumki, dunyoning hamma joyida vaqt mintaqalari bir xil emas. Shu bois har bir davlat Ramazonni o‘z mintaqasida oyning ko‘rinishiga qarab alohida belgilaydi. Shu va shu kabi diniy ilmlarni bilmaganimiz tufayli «falon davlatda Ramazon boshlandi (yoki tugadi),bizda esa unday emas, demak, bizniki xato ekan-da», degan noto‘g‘ri talqinlar, tushunchalar har yili ba’zi odamlarimiz orasida bahslarga sabab bo‘lyapti. Islomiy ma’rifat hamda ulamolarimiz fatvosiga ergashish odobi bunday asossiz bahslarga chek qo‘yadi.        

 

Qanoat ko‘nikmasi

Ramazonning inson xulq-atvoriga qanday ta’siri bor? Bu oyda ro‘za va boshqa ibodatlar orqali qanday fazilatlarga erishish mumkin? 

Sobirjon ­RUSTAMOV, Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi:

— Ramazon, avvalo, poklanish oyidir. Boshqa oylarda bilib-bilmasdan qilib yurgan ba’zi bir nomaqbul ishlarimizni bu oyning sharofatidan  to‘xtatamiz. O‘zimizni shunga o‘rgatamiz va nafsimizni ko‘ndiramiz. Ramazon tugaguncha shu holatda mustahkam turishga harakat qilamiz. Ana shunda ichki olamimizda ajib bir o‘zgarish bo‘lganini his qilamiz.

Misol uchun, chaqimchilik, bo‘hton, ig‘vo, g‘iybat, yolg‘on, tuhmat, hasad, kibr,  riyo kabi insonga noravo o‘nlab xislatlar borki, ular nafaqat insonning o‘ziga, balki yon-atrofidagilar, oila ahli va butun jamiyatga ham juda katta ziyon yetkazadi. Odamlar orasiga nifoq, dushmanlik, fitna, buzg‘unchilik tushishiga, oqibatda esa, ertaga insonning oxirati barbod bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi. Ramazon ana shularning hammasidan parhez qilish — poklanishga o‘rgatadi. Ramazon ro‘zasi insonning nafaqat o‘z vujudida kechayotgan sokin va osoyishta moddiy-ma’naviy holatlarni, balki o‘zi kabi boshqa bir birodaridagi holatni ham his qilishga, o‘zgalar dardini xuddi o‘ziniki kabi qabul qilishga o‘rgatadi. Hadisi shariflarning birida inson o‘ziga ravo ko‘rganini birodariga ravo ko‘rmaguncha komil musulmon bo‘la olmasligi ta’lim berilgan.    

Har bir insonning holati Ramazondan oldin va keyin solishtirilganda albatta farq bo‘lishi kerak. Aks holda, bu qutlug‘ oyning beqiyos barakasidan mahrum qolamiz.    

 

Taqvo — eng yaxshi oziq

Ochlik bilan davolash bugun juda ko‘p tibbiy muolajalarda ishlatilyapti. Ramazon ro‘zasining bundan farqi va afzal jihatlari nimada?

Shuhrat ­G‘OYIMOV, poytaxtimizdagi «Hasanboy» jome masjidi imom xatibi:

— Ramazon Qur’oni karim nozil qilingan, bir qancha ibodatlar joriy etilgan, yaxshi amallarning savobi ko‘paytirib beriladigan muborak oy. Shu bilan birga, bu oyning yana bir alohida jihati bunda ro‘zaning farz bo‘lishidir.

E’tibor qilsak, bu haqdagi oyati karimada «ro‘za tutishingiz o‘zlaringiz uchun yaxshidir» deyilgan. Bu oyat hikmatlari haqida bahs yuritgan olimlarimiz ro‘za tutishda inson uchun bir qator moddiy va ma’naviy foydalar borligini ta’kidlashgan. Shulardan biri — ro‘zaning ham moddiy, ham ma’naviy holat ekanidir.

Ochlik vositasida kasalliklarga davo istash inson uchun majburiy holatdir. Ochlik deyilganda ba’zan parhez, ya’ni yeyish-ichishdan butkul tiyilmay, faqatgina ba’zi narsalarni tark qilish, ayrimlarini esa kam miqdorda bo‘lsa ham iste’mol qilish tushuniladi. Ammo ro‘zada subhdan shomgacha inson yeyish-ichishdan batamom tiyilgani bois tanadagi ovqat hazm qilish bilan bog‘liq barcha a’zolar orom oladi. Vujuddagi bu sokinlik ovqat hazm qilish tizimiga aloqador bo‘lmagan boshqa a’zolarga ham osoyishtalik va sokinlik baxsh etadi. Shuning uchun ham ro‘zador inson boshqalar bilan tortishmasligi, xulqini ayni ro‘za talab qilgan bir holatda tutishi zarurligi alohida ta’kidlangan. Masalan, ro‘zadorga kimdir qo‘pol muomala qiladigan bo‘lsa, ro‘zador u bilan darrov bahs-tortishuvga berilib ketmasdan, «men ro‘zadorman», deb aytishi buyurilgan. Bunday yo‘l tutish ro‘zadorning o‘zi uchun ham, u bilan tortishmoqchi bo‘lgan inson uchun ham katta foyda beradi. Inson ro‘za vositasida me’yoridan ortiq oziqlanishdan tiyilib, xulqini eng go‘zal insoniy fazilatlar bilan bezab, ruhiy xotirjamlikka erishar ekan, unda moddiy va ma’naviy xastaliklarga o‘rin qolmaydi. Ochlik bilan davolanishda inson tortishish, bahslashish, ruhiy zo‘riqish, siqilish, tajanglik, tushkunlik kabi o‘nlab illatlardan forig‘ bo‘lishi qiyin kechadi.

Ro‘zaning qaysi bir olim yo tabibning muolaja usuligina emas, balki ilohiy mo‘’jiza ekani ham shundadir.

od-press.uz