Toshkent turizm bo‘yicha xalqaro kongressga mezbonlik qiladi

Poytaxtimiz Toshkent shahrida 3 – 5 may kunlari “Madaniy meros va turizm” II xalqaro kongress bo‘lib o‘tadi. 

Mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti va Turkiyaning Selchuk universiteti hamkorligida tashkil etiladigan mazkur xalqaro forumda Turkiya Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi hamda dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda. 

Mamlakatimizning Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan shaharlari azaldan o‘zining shonli tarixi, boy madaniyati bilan sayyohlar e’tiborida bo‘lgan. 

Bugun ham yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan turizm sanoatini jadal rivojlantirish, sohani diversifikatsiya qilish hisobidan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. 

Turkiyaning Selchuk universiteti bilan birgalikda tashkil etilayotgan ushbu xalqaro anjuman O‘zbekistonda turizm industriyasini taraqqiy ettirishda xalqaro tajribani o‘rganish, sayyohlik sohasida kadrlar tayyorlash, madaniy meros ob’ektlarini saqlash va tashrif buyuruvchilar ko‘lamini kengaytirishda zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. 

Forum doirasida madaniy tadbirlar, o‘zaro tajriba almashish imkonini beradigan uchrashuvlar va seminar-treninglar tashkil etiladi.