O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi Markaziy apparati tomonidan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi iqtidorli bolalar akademik litseyida “Axborot xavfsizligi va internet madaniyati: muammo va yechimlar” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda partiya Siyosiy Kengashi Markaziy apparati mas’ul xodimlari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, Ichki ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimlari, o‘quvchi-yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, ekstremizm va terrorizm ma’naviy tahdidlarning bir turi bo‘lib, ular asosan yoshlar orqali vayronkor g‘oyalarni harakatlantiruvchi, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni izdan chiqarishga intiluvchi, mavjud konstitutsion tuzumni ag‘darib tashlashga da’vat etuvchi tajovvuzkor siyosiy faoliyatdir. Shu ma’noda hozirgi kunda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo hamjihatlikni saqlash, barkamol yoshlarni tarbiyalash muhim vazifa hisoblanadi. Shu bois yoshlarni zararli illatlardan himoya qilish, ular o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni jadallashtirishga davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan muhim e’tibor qaratilmoqda.

Davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad ham dunyoning turli mintaqalarida ziddiyatlar, beqarorlik kuchaygan, ixtiloflar davom etayotgan bir sharoitda yoshlarimizni turli zararli ta’sirlardan himoya qilishga doir O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiya Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratildi. Partiya tomonidan ta’lim muassasalarida, mehnat jamoalarida va mahalalarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, mahalliy hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida turli aksiyalar, davra suhbatlari, viktorinalar hamda seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.

Tadbirda partiya faollari va mutaxassislar tomonidan aytib o‘tilganidek, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish uchun aholining keng qatlami, ayniqsa, yoshlarda g‘oyaviy, mafkuraviy immunitet hosil qilish darkor. Bunday yod oqimlarning ta’siriga tushib qolmaslik uchun, avvalo, milliy tafakkur va sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish lozim. Ekstremizm va terrorizmning asl mazmun-mohiyati, uning nimaga qaratilganligi haqida yoshlardan tortib, yoshi ulug‘larga qadar yetarlicha ma’lumot berib borilmas ekan, uni to‘xtatishda kutilgan darajaga erishish qiyin. Buning uchun ommaviy axborot vositalari orqali maxsus ko‘rsatuv va eshittirishlar, tahliliy maqolalar berib borish zarur.

Qolaversa, so‘nggi yillarda aqidaparast, diniy ekstremistik oqimlar o‘z g‘oyalarini yoshlar ichiga kengroq kirib borish, mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, vayronkor mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda.

Bugungi kunda internet tizimida yuzlab terroristik saytlarning aniqlangani o‘ta xavotirli holatdir. Ular global tarmoq orqali o‘zlarining ekstremistik, millatchilik, irqchilik kabi turli buzg‘unchi g‘oyalarini targ‘ib etadi. Ming afsuski, mafkuraviy immuniteti shakllanmagan yoshlar bu yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishmoqda.

Davra suhbatida so‘z olgan faol yoshlar ham ma’ruzalardan xulosa chiqargan holda atrofda bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmasdan, o‘z mustaqil dunyoqarashi va pozitsiyasiga ega bo‘lish, hamisha ogoh bo‘lish, eng asosiysi jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish bugungi navqiron avlod oldida turgan asosiy vazifa ekanligini qayd etdilar.

Jonli muloqot tarzida o‘tgan tadbirda yoshlar deputatlar, partiya faollari va mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.

  

“Adolat” SDP matbuot xizmati