Qaror bilan viza rejimini yanada soddalashtirish va kirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejalari, hamda turizmni rivojlantirish masalalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirishni ta’minlash bo‘yicha mas’ullar biriktiriladigan mamlakatlar va hududlar ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

2018 yil 1 maydan boshlab tranzit bo‘yicha harakatlanayotgan xorijiy yo‘lovchilarga kelishlari bilan 72 soat muddatga qisqa muddatli kirish vizalarini berish joriy etilmoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tashkil etilib, unga ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston to‘g‘risida Islom dini va boshqa jahon dinlarining madaniy-tarixiy va ilmiy-teologik markazi sifatida axborot materiallarini targ‘ib qilish va tarqatish yuklanmoqda.

Turistlar uchun yo‘nalishni mo‘ljalga olishni yengillashtirish maqsadida chet tillaridagi (ingliz, rus va boshqa tillarda) ko‘rsatkichlarni o‘rnatish tashabbusi bilan chiqqan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ushbu ko‘rsatkichlarda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar (xizmatlar va ishlar)ning reklamasini joylashtirish huquqi berilmoqda.

Qaror bilan barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan ob’ektlarni istisno qilganda, turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshirilishi belgilandi.

@huquqiyaxborot