Jahon  bo‘ylab xalqlar o‘rtasidagi madaniyatlar qorishuvi yuqori cho‘qqiga chiqmoqda. Sababi kishilarni turli xildagi yengil-yelpi turmush tarziga targ‘ibot qilish daromad topishning asosiy yo‘nalishiga aylanib ulgurdi.

Birgina misol, har yili 14 fevral kuni dunyo bo‘yicha 1 milliard donadan ortiq «valentinka» sotiladi. Ana shu otkritkalarning 85 foizini hissiyotlarga beriluvchan ayollar va yoshlar sotib olishar ekan. Ushbu biznesni ilk bor 1847 yilda Ester Xaulen ismli ayol inglizcha namunadagi otkritkalar chop etishni yo‘lga qo‘yadi va tez orada boyib ketadi. «Valentinka» deb ataladigan otkritkalar o‘sha paytda Xaulenlar oilasiga yiliga 100 ming dollar atrofida daromad keltirardi. «Forbs» jurnalining yozishicha, dunyoning otkritka chop etuvchi eng yirik kompaniyalaridan biri «Xolmark» 2007 yilda insoniy tuyg‘ularni otkritkalarga joylab sotish orqali 4 milliard 400 million dollar ishlab olgan. 19-asrda AQShda «valentinka»larning ommalashuvi har qanday bayramning tijorat, pul topish asosiga qurilishiga turtki berdi.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Avliyo Valentin kuni qanday bayram, nima uchun bu bayram bizning yoshlarga daxl qilishi kerak?

Avliyo Valentin – Nasroniy cherkovi tomonidan shahid deb tan olingan ikki nasroniy avliyoning ismidir. Rivoyatlarga ko‘ra, avliyo Valentin miloddan avvalgi 296 yilda Rim imperatori Klavdiy II tomonidan qatl qilingan. 350 yilda esa uning xotirasiga bag‘ishlab, u qatl etilgan joy o‘rnida cherkov qurilgan.

Nasroniy e’tiqodiga ko‘ra, avliyo Valentin tinchlik va sevgiga da’vat qilgan va shu sababli qatl qilingan. Shundan buyon ushbu majusiy bayrami Sevishganlar bayrami deb atalgan, avliyo Valentinning o‘zi esa sevishganlarga homiylik qiluvchi avliyo deb hurmatlangan.

Nasroniy cherkovi peshvolari bu an’ana yoshlarning axloqiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb topib, unga qarshi chiqqan. Xususan, Italiyada bu bayram man qilib qo‘yilgan, chunki u aynan Italiyada juda keng nishonlangan. Avliyo Valentin kuni Italiyada 18-19-asrlarga kelibgina qayta tiklangan. O‘sha paytlardan boshlab g‘arb mamlakatlarida «Valentin kitoblari» – ishqiy she’rlar yozilgan kitobchalar sotila boshlagan. Bunday kitoblarda sevgi izhor qilish haqida maslahatlar ham bo‘lgan. Sevishganlar ishqiy maktublar yozishda shu kitobdan foydalanishgan.

Bundan bir necha asr oldin sevgi izhorlarini oshiq va ma’shuqalarning o‘zlari bitishi urf bo‘lgan. Bu endigina rivojlanishga yuz tutgan Poligrafiya sanoatida millionlab nusxada turli shakl va har xil izhorlar bitilgan otkritkalar chop etilib, ushbu sohaga istiqbol bag‘ishlagan.

Bu bayramga islomiy munosabatga kelsak, bu haqda al-Azhar Universitetining fiqh professori doktor Said Ibrohim Solih shunday deydi:
Islom – Allohga muhabbat, zuhd va taqvo dini, solih va haq ishlarda hamkorlik dinidir. Biz Qodir Allohdan barchamizni O‘zining Mutlaq Rahmati soyasi ostiga olishini so‘rab iltijolar qilamiz. Alloh Taolo Hujurot surasining 10-oyatida: «Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz», - degan.

Shu o‘rinda aytish kerakki, sevgi muhabbat, oila qurish Alloh tomonidan in’om e’tiladigan ne’mat. Ammo uni sun’iy tashkil qilish mumkin emas. Agar shunday qilinsa, bu sevgi ham, muhabbat emas, balki bu kishining nafsoniy hirslarga berilishi, unga tobeligi oqibatidir.

Darhaqiqat, Islom dini mo‘min-musulmonlardan boshqa dinlarga hurmat qilishga targ‘ib qiladi. Ammo «Avliyo Valentin kuni» hech qanday diniy asosga ega bo‘lmagan yangilik, ya’ni bid’atdir. Islom bunday bid’atlarni qoralaydi. Islom aqidasiga ko‘ra, musulmonlar bir-birlarini har doim, umr bo‘yi yaxshi ko‘rishlari lozim. Islomda buning uchun yilning biror kunini tayinlab qo‘yish degan narsa yo‘q. Binobarin, musulmonlar «Valentin kuni» kabi bunday «yangiliklar» va irimlarga ergashishlari mumkin emas. Shubhasiz, bu «bayram»da dinimizga yot bo‘lgan urf-odatlar bor bo‘lib, u kishilarni haqiqiy sevgidan uzoq bo‘lgan, hatto bu «bayram»ni ma’naviy ahloqsizlikka, hatto zinoga yaqinlashtiruvchi hatti-harakatlarga undaydi.

G‘arb olamida paydo bo‘lgan Avliyo Valentin kuni yoki «sevishganlar kuni» bugungi davrda mamlakatimizga ham kirib kela boshladi. Buning sababi esa texnika taraqqiyoti internet maydonidagi axborot almashinuvi dunyo xalqlarini urf odatlarini bir-birlariga oshno qilib qo‘ydi. Buning oqibatida diniy va dunyoviy ilmlardan orqada qolib ketgan yoshlar bu kabi g‘arbona urf odatlarga ergashayotgani ham sir emas.

14-fevral biz uchun shoh va shoir bobomiz Zahriddin Muhammad bobur tavallud topgan kun sifatida ahamiyatlidir. Yoshlarni ajdodlarimiz namunasida tarbiyalashda Temuriy naslidan bo‘lgan Bobur mirzoning hayot va ijod yo‘li, ayniqsa, katta ibrat maktabi hisoblanadi. Sababi u jismonan, ma’nan yetuk shaxs sifatida, balki katta ishlarga qodir ishbilarmon, davlat arbobi hamda buyuk sarkarda sifatida ehtiromga sazovordir. Ushbu kun har yili  mamlakatimizda keng nishonlanadi.

Alhamdurilla, bir guruh iste’dodli, zamonaviy bilimga ega yoshlarimiz tomonidan yaxshi an’ana yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni ayni shu kuni O‘zbekiston yoshlari internet orqali Bobur tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan mavzu — #BoburDay xeshtegini, minglab izohlar berish yordamida jahondagi eng muhakama qilinadigan mavzulari, ya’ni "trendleri", qatoriga olib chiqishmoqda.

Aslida yot illatlar mafkuraviy bo‘shliqlarni to‘ldiradi, g‘oyaviy jihatdan immuniteti mustahkam yerda razilliklar, turli yengil-yelpi qarashlar sinadi. So‘ngi yillarda milliy qadryatlarimiz, o‘zligimizga yanada chuqurroq nazar solyapmiz, sof islom dini g‘oyalarini targ‘ib qilyapmiz. Ana shu kabi ezgu ishlar natijasida yoshlarimiz oq va qorani ajratib, milliy urf-odat va an’analarimizga ommaviy qatmoqda. 14-fevralni Bobur tug‘ilgan kuni sifatida internet orqali targ‘ib qilinishi nafaqat yurtimiz yoshlari, balki qo‘shni davlatlar, qo‘yingki, Bobur bobomizning dong‘i yetgan, uning ijod na’munalaridan xabardor xalqlar yoshlari o‘rtasida ham Avliyo Valentinmas, balki Mirzo Bobur kuni sifatida ommalashsa ajab emas.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

M.Yo‘ldoshe