Manbalarda keltirilishicha, XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida yashab o‘tgan, mustaqillik uchun kurashgan va shu yo‘lda halok bo‘lganlar orasida Jo‘rabek Qalandarqori o‘g‘li ham bo‘lgan. U Buxoro amirligiga qarashli hozirgi Kitob tumanining hokimi bo‘lgan.
 
Ziyoli, ko‘pni ko‘rgan olim Jo‘rabek Qalandarqori o‘g‘lining qo‘lyozmalari kolleksiyasi sharqshunoslik institutida, so‘ngra Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining asosiy kutubxonasiga o‘tkazilgan. Bu qo‘lyozmalar bu insonning g‘oyat keng bilimli zukko shaxs ekanidan dalolat beradi. 
 
Poytaxtimizdagi Islom ota jome masjidi
 
Hozirgi Islom ota masjidi 1906 yilda Jo‘rabek Qalandarqori o‘g‘li boshchiligida qurilgan. Masjid 1941 yildan boshlab faoliyat ko‘rsatib keladi. Yurtimiz mustaqilikka erishgach 1991 yilda masjid binosi kengaytirilgan. 2015 yilda baxtsiz hodisa tufayli kelib chiqqan yong‘in oqibatida masjidning asosiy xonaqoh qismiga jiddiy shikast yetgandi. Shundan so‘ng masjid to‘liq qayta qurildi.
 
Poytaxtimizdagi Islom ota jome masjidi
 
Mazkur muborak maskanga keng jamoatchilikning taklif va istaklarini inobatga olib, xalqimiz uchun suyukli va fidoiy inson, mustaqilligimiz, milliy o‘zligimiz timsoli, taniqli davlat arbobi, O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov xotiralarini qadrlash maqsadida Islom ota nomi berildi. 2016 yil 7 oktyabr – hijriy Zulhijja oyida muborak Juma kuni Toshkent shahar Yashnobod tumanida muhtasham Islom ota jome masjidi qayta qurilishdan so‘ng faoliyat boshladi. 
 
Toshkent shahrining eng eski masjidlaridan biri sanalmish va uzoq yillik tarixga ega ushbu masjidning qayta tiklanishi – xalqimizning diniy-ma’naviy qadriyatlarini saqlab qolishga yordam beruvchi chinakam tarixiy hodisadir.
 
Masjidni tiklash ishlari qisqa muddatda yakunlandi. Bugun jome’ masjidining umumiy maydoni qariyb ikki barobar oshgan bo‘lib, 2900 kvadrat metrdan 5400 kvadrat metrgacha kattalashdi. Endilikda masjidda bir yarim mingdan ziyod kishi namoz o‘qishi mumkin.
 
Poytaxtimizdagi Islom ota jome masjidi.jpg
 
Masjidning asosiy binosi balandligi 22,1 metrni tashkil etuvchi gumbaz, 36,65 metrlik katta minora va har birining balandligi 10,82 metr bo‘lgan to‘rtta kichik minoralardan iborat.
 
Yangi qurilgan majmuada bugungi kunda boshqa jome masjidlardan farqli o‘laroq kutubxona tashkil etildi. Kutubxonada bugungi kunda uch yuz turdagi bir yarim mingga yaqin kitoblar, qo‘lyozmalar mavjud.
 
Poytaxtimiz shunday go‘zal, salobatli, o‘ziga xos naqshinli masjidga ega bo‘ldi. Masjidda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan 80 kishilik majlislar zali ham qurilgan. Masjidlar namozgoh bo‘lishi bilan birga ma’naviyat markazi, dinu diyonat nurlarini taratadigan, ezgulikka, ilmu ma’rifatga chorlaydigan ta’lim-tarbiya maskani hamdir. 
 
Poytaxtimizdagi Islom ota jome masjidipg
 
Imkoniyati cheklangan insonlar uchun zarur uskunalar, havoni tozalab beruvchi qurilma va konditsionerlar tizimi moslab o‘rnatildi. Masjid hovlisida dam olish joylari ham yaratildi.
 
Masjidning Farg‘ona yo‘li bo‘yida, xalqaro aeroport yaqinida joylashgani alohida e’tiborga molik. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar masjidni ziyorat qilib, xayrli duolar bilan kirib keladi. Zotan, masjid insonlarni ma’naviy poklovchi muqaddas dargohdir. Ayni vaqtgacha ushbu masjid biror kishini befarq qoldirayotgani yo‘q.
 
Masjid zamonaviy qurilish talablariga to‘liq javob berish barobarida, qadimiy Sharq me’morchilik maktabi an’analarini ham o‘zida aks ettirgan. Qurilishda nafaqat yurtimizda, balki ko‘plab inshootlar qurilishida faol ishtirok etgan qo‘li gul ustalar ishladi. Masjid devorlaridagi yozuvlar, betakror naqshlar yuksak did bilan ishlangan.
 
Poytaxtimizdagi Islom ota jome masjidi
 
Masjidga kirishda mahobatli bir mezana qad ko‘targan. Chap qo‘lda ochiq ayvon bor bo‘lib, issiq kunlarda namozxonlar uchun juda ham qulay. Qibla tarafda joylashgan kutubxonani esa ushbu masjidning xususiyatlaridan biri deyish mumkin. Imom va noiblarga tayyorlanayotgan zamonaviy qulayliklarga ega katta-kichik xonalar ham turli xil naqshlarga boy. Masjid sahnida shakldor gulzorlar yaratilgan. Xonaqohga kirishdagi ravoq ustiga masjidga kirishda o‘qiladigan duo bitilgan. Eshikning usti va ikki tarafiga namozdan keyin aytiladigan takbir, tasbeh va tahmid juda ham go‘zal shaklda qayd qilingan. Xonaqoh o‘rtasidagi to‘rt ustun o‘ziga xos salobati bilan ko‘kni tutib turgandek. Mehrobdagi naqshlarning o‘xshashi yo‘q. Mehrob tepasiga Baqara surasining 144-oyati yozilgan. Ikki tarafida «Alloh» va «Muhammad» kalimalari arab harflarida bitilgan. Mehrob shaklidagi ikki tomondagi naqshlar ustiga shahodat kalimasi yozilgan. Xonaqohning qoq o‘rtasidagi gumbazga Fotiha surasi bitilgan. Uning pastidagi to‘rtta yarim doira gumbazlar ko‘zni qamashtiradigan naqshlar bilan bezangan.
 
Poytaxtimizdagi Islom ota jome masjidi
 
Gumbazlar o‘rtasida to‘rt roshid xalifa - Abu Bakr, Umar, Usmon va Aliy roziyallohu anhumning ismlari bitilgan bo‘lib, ahli sunnaning belgisi sifatida masjidga alohid mahobat baxsh etgan. Xonaqoh devorining yuqori qismiga - «qalbi»ga aylanasiga Qur’onning qalbi “Yosin surasi” oltin harflar bilan to‘liq yozilgan bo‘lib, bu samoviy «naqsh» bizdagi boshqa biror masjidda uchramaydi. To‘rt ustunni Chorqul ‒ Kofirun, Ixlos, Falaq va An-Nos suralari bezab turadi. Umuman olganda, majmuadagi naqshlarni ta’riflashga til ojiz, juda ham zavqbaxsh, betakror.
 
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tish o‘rinli. Ko‘pincha naqshlarda boshqa din va madaniyatlarning maxsus belgilari, e’tiqod ramzlari ham uchrab qoladi. Bu holat o‘ta beparvolikdan yoki qadimdan hunarmandlar ichida boshqa din vakillarining ham ishlari tarqab kelganidan yuzaga kelgan. Buning oldini olish uchun, ayniqsa, masjid qurilishlarida ahli ilm, tajribali kishilarning maslahatlari bilan ish yuritish maqsadga muvofiqdir. 
 
Bu muborak maskanlarda qilinadigan ibodatu duolar turli balo-ofatlar rad bo‘lishiga va xayru baraka mo‘l bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Muhimi ‒ masjidlar yosh avlodni ma’naviyatli, barkamol insonlar bo‘lib tarbiya topishlarida, ularni turli adashgan oqimlar, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan asrashda juda katta o‘rin tutadi. 
 
Aytishlaricha, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab Toshkent tomon qorong‘u tunlarda qatnovchi karvonlar uzoqdan ushbu masjiddan taralib turgan nurni ko‘rib u tomon harakatlanishar ekan. Bu uning fayzi, tarovati, nurli maskan ekanidan dalolat. 
 
Yangi tiklangan bu masjid har taraflama mukammal, qulay, ko‘rkam va huzurbaxshligi bilan ajralib turadi. 
 

 

Barno Meliqulova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA