Dunyoning turli burchaklarida turli terakt, qo‘poruvchilik harrakatlari, suiqasd kabi jinoyatlar sodir bo‘layotganidan xabaringiz bor. Bugungi kunda terrorizm balosidan hech bir mamlakat sug‘urtalanmagan. Afg‘oniston, Suriya, Iroq, Liviyada bo‘layotgan voqealar bunga misoldir.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusida o‘tgan anjumanidagi nutqi davomida terrorchilik mavzusiga, bu yo‘lga kirib ketayotganlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
 
“Musulmonchilik har birimizning yuragimizda, vijdonimizda bo‘lishi lozim. Inson imon-e’tiqodli bo‘lsa, yurtiga sodiq bo‘lib xizmat qilsa, u haqiqiy vatanparvar bo‘ladi. 

Agar u e’tiqodsiz bo‘lib, chalasavod bo‘lib, xiyonat qilib, boya aytganimdek, ikki tomon bilan ham “o‘yin” qilaman, bu davlat ketsa, anavilar kelib qolsa, ular bilan ham til topishaman, deb nayrang qiladigan bo‘lsa, bilib qo‘yinglar, bunday “nomer”lar bizga o‘tmaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
O‘zbekistondagi har bir mahalla, tuman va viloyat rahbarlari o‘z hududidan chiqqan va chet ellardagi terrorchi guruhlar safida yurgan ashaddiy ekstremistlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib, ularni mamlakat fuqaroligidan chiqarish taklifini bersa va ularning aybi tasdiqlansa, ular O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum bo‘ladilar. Bu borada Shavkat Mirziyoyev “Oqni – oq, qorani – qora, deydigan vaqt keldi. Bizga bunday nonko‘rlar kerak emas”, deb ta’kidlab o‘tdi.
 
Albatta, bu masala bo‘yicha joylardagi ijro organlari, hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari ham o‘z munosabatini o‘zgartirishi lozim.
 
Shavkat Mirziyoyev bugun qancha yoshlar soxta aldovlarga ishonib, o‘z umrini xazon qilayotgani haqida kuyunib gapirdi.
 
Davlatimiz rahbari “Axir, kechagina shu yoshlar, o‘zimizning qorako‘zlar, birimizning mahalladoshimiz, birimizning o‘g‘limiz, birimizning qizimiz yoki jiyanimiz edi-ku! Ular qachon adashdi, qachon noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketdi? 

Biz nega g‘aflatda qoldik? Qachon, qayerda xatoga yo‘l qo‘ydik? Farzandlarimiz qachon begonalarning qo‘liga o‘tib ketdi? Nima jin urdiyu ular o‘z ota-onasi, o‘z yurtining dushmaniga aylanib qoldi? 

Bugun bu mudhish balo-qazoning oldini olmasak, bor kuchimizni shunga safarbar etmasak, ertaga kech bo‘ladi”, deya alohida ta’kidlab o‘tdi. 
Durdona Rasulova