O‘zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, Vatan taraqqiyoti yo‘lida yelkadosh bo‘lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko‘p qayd etilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining soni 32 mln.dan oshgan bo‘lib, ular 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanadi. Fuqarolarning 94% dan ziyodi islom diniga e’tiqod qiladi. 3,5% ga yaqin fuqarolar pravoslav diniga mansub bo‘lib, qolganlarini boshqa konfessiya vakillari tashkil etadi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida 16 diniy konfessiyaga mansub 2 239 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2065 tasi islomiy, 157 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va Budda ibodatxonasidir. Bulardan tashqari konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda. Ushbu diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir.

Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha ulkan yutuqlarimizning zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi.

Ma’lumki, bugun musulmon olamida murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlar kechmoqda. Yaqin Sharq va boshqa hududlardagi qator mamlakatlar chuqur siyosiy tanglik, ijtimoiy va iqtisodiy beqarorlik va qurolli to‘qnashuvlarni boshidan kechirmoqda. Mazkur hududlarda go‘yoki haqiqiy “islomiy davlat” qurish shiori ostida ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik, insoniylikka zid vahshiyliklarga asoslangan amallarga qo‘l urayotgan turli guruh va jamoalar urchib ketdi. Terrorchilik harakatlari nafaqat beqarorlik hukm surayotgan hududlarda, balki Fransiya, Germaniya, Belgiya kabi Yevropa mamlakatlarida, Rossiya singgari MHD tarkibidagi davlatlarda ro‘y bermoqda. Kuni kecha Sankt-Piterburg shahri metrosida hudkush-terrorchi tomonidan sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida o‘nlab odamlarning xalok bo‘lgani fikrimizning dalili bo‘ladi.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G‘arazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim”.

So‘nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, , diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, “Internet” orqali targ‘ibot o‘tkazish, yashirin “hujralar” tashkil etish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, Internet tarmog‘ida “Iroq davlati”, “Jabat al-Nusra” kabi terroristik tashkilotlar go‘yoki islom ravnaqi yo‘lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqidagi targ‘ibot-tashviqot keng ko‘lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etib da’vosida Suriya va Iroq hududiga borib, ushbu guruh safiga borib qo‘shilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz.

Mutaassib oqim a’zolarining bosh maqsadlari - “jihod”, “hijrat”, “shahidlik”, “kofir bo‘lish” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta’siridan chiqarish, o‘qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan Suriya, Iroq, Afg‘oniston yoki Pokiston kabi mamlakatlarga jo‘natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan iborat.

Diniy ekstremizm shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaaatlariga tahdid solmoqda. Jumladan, diniy ekstremistik g‘oya va yot diniy qarashlarning jamiyatdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit va tadrijiy rivojlanishga zararli ta’siri quyidagilarda aks etmoqda:

- DEO a’zosi qonuniy jazoga tortilishi yoki “hijrat” da’vosida xorijiy yurtlarga chiqib ketishi oqibatida jamiyatning birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan oilalarda parokandalik yuzaga keladi, farzandlar tarbiyasiz, oilalar esa boquvchisiz qoladi;

- jamiyatda an’anaviy qadriyatlarni avloddan avlodga uzatish tizimi va tadrijiy rivojlanish jarayoni buziladi, mazkur jamiyatda asrlar osha muhim o‘rin tutgan milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlar ahamiyatini yo‘qotishi oqibatida ma’naviyat pasayadi;

- ekstremistik va terroristik harakatlar sodir etilish orqali jamiyatda “yovuzlik chegarasi” pasayib, odamlar qotillik, qiynoq, bosqinchilik, garovga olish, qulchilik kabi jinoyatlarga ko‘nikib qoladi. Ayni chog‘da, ushbu yovuzliklar jamiyatning muayyan qismida vahima uyg‘otadi, qochoqlar oqimi paydo bo‘ladi;

- terrorizm va ekstremizm, ular oqibatida kelib chiqadigan ijtimoiy beqarorlik jamiyatda kriminal jinoyatlarning avj olishiga xizmat qiladi;

- davlat tomonidan xavfsizlik choralarini ko‘rish uchun byudjet mablag‘larini sarflashi, shuningdek, terroristik harakat oqibatida ko‘rilayotgan moddiy zarar jamiyatga iqtisodiy jihatdan katta zarar yetkazadi. Oqibatda ishsizlik oshadi, ijtimoiy muhofazaga yo‘naltirilgan loyihalar bajarilmay qoladi, aholining turmush darajasi pasayadi;

- mamlakatning taqdiri iqtisodiy donor va qurol-aslaha sotuvchi davlatlarga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mazkur muammoni faqat harbiy kuch ishlatish bilan to‘la hal etib bo‘lmaydi. Ularni takror ishlab chiqarish tizimi saqlanib qolar ekan, qayd etilgan tahdidlar saqlanib qoladi. Diniy ekstremizm va terrorizmni takror ishlab chiqarish tizimining muhim bo‘g‘inlari aqidaparastlik va terrorizm mafkurasi, ularning ilhomchilari va da’vatchilari, mazkur mafkurani tarqatish kanallari va ular ta’siriga tushayotgan shaxslar hisoblanadi.

Shu sababli ilmiy asoslangan, texnologik jihatdan tartibga solingan, dunyoda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga mos (adekvat) axborot-mafkuraviy kurashni – aksiltarg‘ibot ishlarini to‘g‘ri tashkil etish diniy ekstremizm mafkurasi tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aksiltarg‘ibot ishlari mafkuraviy kurashning spetsifik ko‘rinishi bo‘lib, dushman kuchlarning axborot-qo‘poruvchilik va psixologik hujumini zararsizlantirishga qaratilgan siyosiy, g‘oyaviy, tashviqot va tashkiliy chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.

Jamiyatda diniy-ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olishda DEO ga moyilligi bor shaxslar va ularning oila a’zolari bilan tashkil etiladigan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar muhim o‘rin tutadi.

Yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar – davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining jinoyat sodir etishi ehtimoli bor shaxslarni aniqlash, mazkur shaxslar va ularning yon-atrofidagilarga o‘z xulqlarini yaxshi tomonga o‘zgartirish va jinoyatga moyilliklariga barham berish maqsadida ijobiy ta’sir o‘tkazishga qaratilgan faoliyati hisoblanadi. Hozirgi kunda diniy sohadagi qonunbuzarliklarga qarshi yakka tartibdagi profilaktik tadbirlarning ta’sirchanligini oshirish masalasining dolzarb ahamiyatga ega ekaniga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:

– aqidaparast oqimlar tomonidan aholining turli qatlamlari ichida targ‘ibot-tashviqot ishlari davom etib kelayotgani;

– DEOga mansub avf etilgan va maxsus ro‘yxatdagi shaxslarning ma’lum qismi qarindoshlarini o‘z safiga tortayotgani;

– mehnat migrantlari ichida aqidaparast guruhlar ta’siriga tushib, respublikaga qaytgandan so‘ng diniy-ekstremistik faoliyat olib borayotgan shaxslarning mavjud ekani;

– ayrim dindorlar tomonidan qonunga xilof ravishda «hujra», «namozxona» va «halol fud» tashkil qilinayotgani;

– ba’zi «otinoyilar» tomonidan «Anbar ona»*, «Bibi Mushkulkushod»*, «Bibi Seshanba»* kabi aslida islomda bo‘lmagan amallarga diniy tus berib, ayollar ichida nosog‘lom muhit yaratayotgani, shuningdek, ba’zi dindorlar iftorlik, mavlud kabi diniy marosimlarning mohiyatini buzgan holda ko‘r-ko‘ronalik, isrofgarchilik bilan o‘tkazish orqali salbiy holatlarni keltirib chiqarayotganliklari;

– aholining muayyan qatlamlari ichida «islomlashuv» jarayonlarining kuchayib borayotgani;

– ba’zi noislomiy diniy konfessiya va sektalar tomonidan tub aholi ichida missionerlik faoliyati olib borilayotgani.

Diniy sohadagi qonunbuzarliklarga qarshi profilaktik tadbirlar bilan quyidagi toifalarga kiruvchi shaxslar qamrab olinishi mumkin:

1) ilgari diniy faoliyatni me’yorlovchi qonun va normativ hujjatlarning talablarini buzgani uchun jazo o‘tab kelgan va shartli jazolangan shaxslar;

2) DEO tarkibida jinoyat sodir etgan va missionerlik faoliyati uchun jazolangan shaxslarning oila a’zolari;

3) noqonuniy diniy jamoalar tarkibida huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslar;

4) turmush tarzida, fe’l-atvorida diniy g‘oyalarga mutaassibona yondoshish aks etayotgan va amaldagi dunyoviy qonunlarni buzishga moyillik ko‘rsatayotgan shaxslar.

Yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar yuqorida qayd etilgan toifalarga mansub shaxslarga nisbatan ijtimoiy instrument vazifasini o‘tab, ularning jamiyat manfaatlariga zid xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan bo‘lib, shaxsning jamiyat uchun zararli xulqini qonunga itoatkor sifatga keltirishga xizmat qiladi.

Ushbu maqsadga erishish quyidagi aniq vazifalarni ketma-ketlikda hal etishni talab etadi:

 

1. Diniy sohadagi qonunbuzarliklarga moyil shaxslarni aniqlash, mazkur shaxslar va ularga salbiy ta’sir etayotgan omillarni o‘rganish.

2. Yakka tartibdagi profilaktik tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish.

3. Yakka tartibdagi profilaktik tadbirlarning natijasini nazorat qilish.

Profilaktika qilinayotgan shaxslarga bevosita tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishning tashkiliy shakllaridan biri ijtimoiy foydali mehnatga, jamoat ishlariga va sport musobaqalariga jalb qilish hisoblanib, mazkur ishlarda jamoat tashkilotlari va homiylarning imkoniyatlaridan keng ko‘lamda foydalanish mumkin.

Tarbiyaviy ishning o‘ziga xos shakli jamoatchilik tomonidan profilaktika qilinayotgan shaxsni otaliqqa olish bo‘lib, mazkur tadbir profilaktika qilinayotgan shaxsga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan fuqarolar, davlat va jamoat tashkiloti vakillari yordamida amalga oshiriladi.

Yordam ko‘rsatish uslubi eng samarali uslublardan biri bo‘lib, profilaktika qilinayotgan shaxsni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy foydali aloqalar o‘rnatishi, hayotda maqsad va qadriyatlarni belgilab olishiga ko‘mak berishni nazarda tutadi. Yordam berishda jamoat, diniy tashkilotlar, ijtimoiy reabilitatsiya markazlari va homiylar imkoniyatlaridan foydalanish zarur.

Mazkur uslub profilaktika qilinayotgan shaxs faoliyat yuritayotgan muhitga ta’sir ko‘rsatish usuli bilan ham amalga oshiriladi. Buning uchun, profilaktika qilinayotgan shaxsga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan shaxslar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi yoki ularga nisbatan huquqiy choralar ko‘riladi, profilaktika qilinayotgan shaxs mazkur muhitdan xalos etiladi (boshqa joyga o‘qishga, ishga o‘tkaziladi, h.k.).

Majbur etish yakka tartibdagi profilaktik ishlarning asosiy shakllaridan biri bo‘lib, u odatda boshqa choralar natija bermaganidan so‘ng profilaktika qilinayotgan shaxsga nisbatan qonunchilikning tegishli (fuqarolik, oila, ma’muriy va h.k.) normativ hujjatlarida belgilangan, huquqiy mazmuni va yo‘nalishi jihatidan turlicha bo‘lgan ta’sir choralarini qo‘llashga asoslangan.

Amalda ko‘proq ma’muriy jazo qo‘llash, huquq-tartibot organlari tomonidan rasmiy ogohlantirish e’lon qilish, avval jinoyat sodir etib, jazo o‘tab kelgan shaxslarga nisbatan esa nazorat tartibini kuchaytirish kabi usullar qo‘llaniladi.

Bugungi kunda joylardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri ayrim noislomiy diniy konfessiya vakillari tomonidan aholi ichida missionerlik bilan bog‘liq noqonuniy faoliyat  amalga oshirilayotgani hisoblanadi.

Missionerlik (lotinchada «missio» – «yuborish», «vazifa topshirish») muayyan din, konfessiya, nominatsiya yoki sekta vakillarining o‘z diniy ta’limotini targ‘ib qilish va tarqatishga qaratilgan faoliyati hisoblanadi. Missioner (missionary) o‘zi e’tiqod qiluvchi diniy ta’limotni o‘zga din vakillari ichida tarqatish bilan shug‘ullanuvchi shaxs hisoblanadi.

Missionerlik odatda milliy dinlardan boshqa deyarli barcha dinlarda uchraydi. Missionerlik faoliyatini fuqaroviy mansublik jihatidan tashqi (xorijda amalga oshiriladigan) va ichki (mamlakat ichida) turlarga ajratish mumkin. Xususan, xristianlikning katolik va pravoslav yo‘nalishlarida missionerlik bilan ruhoniylar shug‘ullansa, protestant konfessiyalarida missionerlik barcha dindorlarning burchi hisoblanadi.

Missionerlikning uzviy qismi bo‘lgan prozelitizm (grekcha «proseh/tos» – yangi e’tiqodni qabul qilgan odam) – muayyan din, konfessiya, nominatsiya yoki sekta vakillarining o‘zga din vakillari yoki dahriylarni bevosita o‘z diniga kiritishga qaratilgan nazariy va amaliy faoliyati sanaladi. Ikkinchi ma’noda prozelitizm yangi din g‘oyalarini qabul qilgan shaxsning ushbu dinga kuchli sadoqatini anglatadi.

Mustaqillikning ilk davridan Markaziy Osiyo mintaqasida ham turli noislomiy diniy konfessiyalar tomonidan o‘z diniy qarashlarini mahalliy aholi ichida keng targ‘ib qilishga qaratilgan faol harakatlar amalga oshirildi. Mintaqa mamlakatlarida tub aholi uchun an’anaviy bo‘lmagan diniy konfessiyalarga mansub tashkilotlar ham rasmiy ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yurita boshladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ayrim noislomiy diniy konfes­ siyalarning vakillari, shu jumladan, norasmiy jamoa a’zolari tomonidan qonunga xilof ravishda diniy saboq berish, noqonuniy yo‘llar bilan diniy adabiyotlarni respublika hududiga olib kirish va tarqatish, xususiy xonadonlarda belgilangan tartiblarga zid ravishda diniy yig‘inlar o‘tkazish, eshikma-eshik yurib diniy qarashlarini targ‘ib qilish, aholi ichida o‘zlarining diniy ekspertizadan o‘tkazilmagan buklet, jurnal, elektron disklarini tarqatish kabi qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Respublikada diniy sohadagi qonun va me’yoriy hujjatlarning talablarini buzish aksariyat hollarda «Iyegov shohidlari», To‘liq injilchi xristianlar, Yettinchi kun xristian adventistlari, Yevangel xristian baptistlar cherkovi, «Golos Bojiy» cherkovlari, Koreys-protestant cherkovlari, shuningdek, Bahoiy diniy jamoalari va Krishnani anglash jamiyatining ayrim rasmiy va norasmiy jamoalari vakillari tomonidan amalga oshirilmoqda. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, dinini o‘zgartirayotgan shaxslar (prozelit)larning aksariyati ushbu din aqidalarini chuqur tushunib qabul qilmagan, balki missioner tomonidan qo‘llanilgan usul ta’siri ostida e’tiqodini o‘zgartirmoqda. Bugungi kunda respublikada missionerlik faoliyatida qo‘llanilayotgan asosiy usullar quyidagilardan iborat:

– yoshlarga ingliz, koreys tilini, kompyuterda ishlashni o‘rgatish bahonasida o‘quv kurslari ochish va mazkur joylarda o‘z diniga targ‘ib qilish;

– xorijga o‘qishga, ishga yoki chet el fuqarosi bilan oila qurish uchun jo‘natish bahonasidan foydalanish;

– bolalar va o‘smirlarni yoz faslida cherkov qoshidagi yoki tog‘li hududlardagi dam olish lagerlariga jalb qilish va shu yerda ta’sir o‘tkazish;

– xayriya yordami (pul, dori-darmon, kiyim-bosh, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish) ko‘rsatish, uy ta’mirlashda ko‘mak berish davomida missionerlik harakatlarini olib borish;

– bepul tibbiy yordam ko‘rsatish bahonasida bemorga ta’sir o‘tkazish;

– cherkovlarda bepul ovqat tarqatish.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga echki, sigir olib berish, bayram kunlari mahallalarda bolalarga sovg‘alar tarqatish, «Muruvvat» va «Saxovat» uylarida bayram stollari tashkil etish, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasining murakkab ekologik holat mavjud hududlarida «ichimlik suvini yaxshilash», «bola va onalarning salomatligini mustahkamlash» kabi ko‘rinishidan xayrli maqsadlarga yo‘naltirilgan dasturlar niqobida harakat qilish ham kuzatilgan.

Missionerlik va prozelitizm bilan bog‘liq qonunbuzarliklarning oldini olishda o‘z-o‘zini boshqarish organlarining o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki aksariyat holatlarda missionerlik bilan shug‘ullanuvchi jamoalar xonadonlarda cherkov ochish, mahallalarda eshikma-eshik yurib targ‘ibot o‘tkazib hamda o‘zlariga moyil odamlarning uyiga kelib, moddiy yoki boshqa yordam ko‘rsatish orqali da’vat ishlarini tashkil etadi.

Shuningdek, aynan mahalla qo‘mitasi yordamga muhtoj odamlarga xayriya yordami ko‘rsatish orqali ularning missionerlar girdobiga tushib qolishining oldini olishda tashabbuskor sifatida faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq sanaladi. Fuqarolarda missionerlikning mazmun-mohiyati haqida xolis va yetarli tushunchalar hosil qilish orqali unga qarshi immunitet shakllantiriladi. Mazkur jarayon asosan kompleks ravishda tashkil etiladigan, barcha ijtimoiy qatlamlarni, ayniqsa, missionerlar ko‘proq «nishon»ga oladigan toifa fuqarolarni qamrab oladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, profilaktik va tushuntirish ishlari shaklida amalga oshiriladi.

Ayni vaqtda, yoshlarning turli norasmiy, noislomiy diniy jamoalarning ta’siriga tushib qolishining oldini olishda o‘quv muassasalari va mahalla qo‘mitasi tomonidan tizimli ravishda tushuntirish ishlari olib borilishi muhim o‘rin tutadi.Shu bilan birga, missionerlikning oldini olish bilan bog‘liq targ‘ibot va tushuntirish ishlarida respublikada vijdon erkinligi qonunan kafolatlanganini hisobga olgan holda masalaga yondashish, missionerlikning real tahdidini hayotiy misollarda yoritib berish va bunday faoliyat respublikada qonunan man etilganini tushuntirishga e’tibor qaratish lozim.

Joylarda diniy tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirishda O‘zbekistondagi davlat va din munosabatlarining quyidagi asosiy tamoyillaridan kelib chiqish lozim:

– dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish;

– diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish;

– diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik;

– ma’naviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish;

– dindan buzg‘unchilik maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikni e’tirof etish.

Ta’kidlash joizki, dinning davlat ishlaridan ajratilganligi tamoyili davlat tomonidan diniy tashkilotlarning ichki faoliyatiga aralashmaslikni anglatadi. Biroq bu diniy tashkilotlarning faoliyatiga qonunning daxli yo‘q degani emas. Diniy tashkilotlarning a’zolari ayni paytda o‘z davlatining fuqarolari ham hisoblanadi va ular Konstitutsiyamizning 48-moddasiga ko‘ra: “... Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”.

Yuqoridagilardan xulosa qilgan holda, joylardagi hokimliklar tomonidan diniy-ekstremistik oqimga moyil oilalar bilan ishlash, missionerlik holatlarini oldini olish, diniy muassasalar va ziyoratgohlar faoliyatini samarali tashkil qilishda quyidagilarni e’tiborga olish tavsiya etiladi:

- joylarda diniy sohadagi faoliyatni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni talablari asosida tashkil etish;

- “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”, Davlat Rahbarining PK-2833 sonli 14.03.2017 sanali «Huquqbuzarlikni profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurash tizimini yanada takomillashtirish” haqidagi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi VMning 2017 yil 4 fevral kunidagi 12-son majlis bayoni bilan tasdiqlangan “2017 yilda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, konfessiyalar va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar Dasturi”, shuningdek, Davlat Rahbarining joylarga safarlari davomida berilayotgan topshiriqlarini to‘laqonli ijrosini ta’minlash;

- imom-xatiblar va diniy soha vakillarining ilmiy-ijodiy faoliyatini kuchaytirish maqsadida jamiyatdagi dolzarb mavzular bo‘yicha risola va maqolalar tayyorlash, OAV va internet saytlarida chiqishlarini aniq reja asosida faollashtirish.

- avval diniy-ekstremistik oqimlar tarkibida jinoyat sodir etib, avf etilgan yoki jazoni o‘tab yashash joyiga qaytib kelgan hamda xorijda ishlab kelgan fuqarolar bilan profilaktika ishlarini tizimli olib borishni yo‘lga qo‘yish;

- respublika mutaxassislarini jalb qilgan holda mahalla fuqarolar yig‘inlarida uyushmagan yoshlar va vaqtincha ishsiz, uy bekasi bo‘lgan xotin-qizlar bilan DEOga qarshi manzilli kompleks targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish xonadonma-xonadon o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va yakka tartibdagi profilaktika ishlariga urg‘u berish;

- imom-xatiblarni ichki ishlar boshqarmalarida DEO ro‘yxatlarida turuvchi shaxslar va ularning oila a’zolariga tarbiyaviy va profilaktika ishlari o‘tkazish uchun biriktirish, mazkur toifa fuqarolar bilan tizimli ravishda tushuntirish ishlari olib borishni tashkil etish hamda diniy ekstremizm, missionerlik g‘oyalari tarqalishiga qarshi kurash, talaba va o‘quvchi yoshlarning davomatini mustahkamlash, o‘z joniga qasd qilishni oldini olish yo‘nalishlarida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish;

- chegara hududlardagi tumanlarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida estrada xonandalarining konsertlari, kino namoyishlari va hududiy teatrlarning sayyor tomoshalari kabi madaniy ma’rifiy tadbirlarini tashkil etish;

- DEO ga moyilligi bor oilalar farzandlarini sog‘lom ma’naviyat shakllantirish maqsadida madaniyat maskanlariga sayohatlarini tashkillash (muzey, teatr, konsert, stadion va h.k.).

Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo‘shish – har birimizning, shu aziz Vatanda yashayotgan barcha fuqarolarning, davlat yoki jamoat tashkilotida ishlashi, tadbirkor yoki boshqa kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, eng asosiy vazifalaridan bo‘lib qolmog‘i lozim.

Ortikbek Yusupov,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi