“Aqoid an-Nasafiy” islom dini adabiyotlarining aqoid janriga mansub bo‘lib, bu yo‘nalish islom ilohiyoti va huquq tizmi tartibga solinish davri, ya’ni VIII asrda vujudga kelgan. Bu turdagi asarlarda kalom maktabining vujudga kelish va shakllanish holati hamda aqidaviy masalalar ixcham, lo‘nda tarzda yoritiladi. Asar matni proklamativ xarakterga ega bo‘lib, unda “shuni ta’kidlash kerakki…”, “biz aminmizki….” kabi iboralardan keng foydalanilgan. Islom aqoidining asosiy ustuni imon bo‘lishiga qaramay unga qisqa ta’rif berilgan[1]. 1843 yildan boshlab Umar an-Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” kitobi yevropalik islomshunos olimlarining tadqiqot ob’ektiga aylangan[2]. Katnovning ta’kidlashicha, Umar an-Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari musulmon dogmatikasining ishonchli manbalaridan biri. U boshqa asarlardan qisqa va lo‘ndaligi bilan farq qiladi[3]. Hattoki, Qozon diniy akademiyasida ham ushbu asarga qiziqish bo‘lgan va o‘rganilgan. Masalan, talabalar ijodiga mansub g‘ayriislomiy missionerlik maqolalari to‘plami ichida Aleksandr Leopoldovning “Islomning hanafiy ta’limoti bo‘yicha ahkomlari bayoni” nomli maqolasi nashr qilgan. Aleksandr ushbu tadqiqotida Umar Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asariga tez-tez murojat qilgan[4].

XIX asr o‘rtalarida Umar an-Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” kitobi Qozon madrasalarida ilohiyot fanidan qo‘llanma vazifasini o‘tagan. Umar Nasafiy Abu Mansur Motrudiy (vaf. 399/944y.), Abul Mu’in Nasafiy (vaf. 508/1114y.)larning izdoshi bo‘lgan va “Aqoid an-Nasafiy” kitobini yozishda asosiy manba sifatida Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-tavhid” va Abu-l-Mu’in an-Nasafiyning “Tabsirat al-adilla” asarlaridan foydalangan[5]. Olmon tadqiqotchisi Ulrix Rudolf: “Najmuddin an-Nasafiy “Aqoid an-Nasafiy” asarini motrudiya ta’limotida, shaklan esa Abu Mu’in Nasafiyning “Tabsira al-adilla” asariga asoslgan” – deb ta’kidlagan[6]. Turk tadqiqotchilarining fikriga ko‘ra, “Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari Taftazoniy (vaf. 797/1395y.)ning “Sharh al-aqoid an-Nasafiy” kitobi bilan islom olamida shuhrat qozongan”[7].

J.Valid yozishicha, “Musulmon va tatar madrasalarida eng ommabop asar Taftazaniyning sharhi bilan keltirilgan “Aqoid Nasafiy” – dir[8]. Inqilobdan oldin qozonlik tatar talabalari madrasalarda bu asarni yod olishib, Taftazoniyning sharhi bilan birga Qozonda chop etilgan qo‘shimcha izohlarni o‘rganishgan[9]. Usmoniy turklar ham nasaflik olim Umar Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asarini o‘rganishar, ba’zi bir shayxlar esa, asr nomozidan keyin o‘zining muridlariga o‘qib, sharhlab berardilar[10].

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Umar Nasafiyning “Aqoid” asariga yozilgan sharhlardan eng mashhuri va ommabopi Taftaziyning “Sharh al-aqoid an-Nasafiyya” asaridir. Bu sharhning muallifi kalom ilmida rivojida kata iz ыoldirgan olim bщlib, Mavarounahrdagi turli xil madrasalarda dars bergan, qolaversa, Samarqandda Temur qarorgohida ishlagan. U o‘zinig sharhini Xorazmda 768/1367 yil aprel oyida tamomlagan. Amalda, “Sharh al-aqoid an-Nasafiy” asari darslik sifatida o‘qitilmaydigan islomiy bilim yurt bo‘lmagan. Usmoniylar davlatida asar rasmiy va asosan shaxsiy bilimyurtlarda, madrasalarda o‘qitilib, bir necha marotaba usmoniy turk tiliga tarjima qilingan. Bu asar shunday darajada sunniylik shiori va ramzi bilan uyg‘unlashib, haqiqiy dinning o‘lchov mezoniga aylantirildi, hatto kimki bu asar muallifiga qarshi chiqadigan bo‘lsa, uni bid’atchi yoki munofiqga chiqarishgacha borildi.

Sunniylik oqimi (temuriylar va usmoniylar) tarafdorlari “Sharh al-qoid an-Nasafiy”ni ommaviylashuviga katta turtki bo‘ldi. Yana shuni inobatga olish kerakki, ushbu motrudiya matni ashariy qobig‘ida o‘ralgan bo‘lgan, chunki Taftaziy ta’limotda ashariyada, fiqhda esa shofiy mazhabida bo‘lgan. Hanuzgacha Taftazoniyning sharhi sunniylik ta’limotini o‘rgatuvchi asar sifatida o‘quv dasturiga kiritilgan. Ajablanarlisi, bu asar reformatorlarni ham qanoatlantirgan. Masalan, mashhur musulmon reformatori Jamoliddin Afg‘oniy Misrga tashrif buyurganida o‘zining talabalariga birinchi dars o‘qitishni aynan shu kitobdan boshlagan. Taftazoniyning “Sharh al-aqoid an-Nasafiy” asari eng ko‘p chop etilgan asarlar sirasiga kiradi. Bundan tashqari, bu kitobning qo‘lyozmalari ko‘pgina Yevropa kutubxonalarida saqlanmoqda. Ushbu asar asosan Istanbul, Qohira va Hindiston davlatlarida nashr qilingan. Qozonda ham ko‘p marotaba bu sharh chop etilgan. R.R.Safiullinaning xabar berishicha: “Sharh aqoid an-Nasafiy” tahminan 15 marotaba nashr etilgan”[11].

Xullas, Nasafiyning “Aqoid” asari Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharh al-aqoid an-Nasafiy” asari yordamida keng ko‘lamda tarqalgan. Chunki, Taftazoniy Amir Temurning diniy maslahatchisi bo‘lishi bilan bir qatorda o‘z davrining yetuk olimi va aqoidga tegishli ma’lumotlarni xolis yoritib berishi bilan barcha ilm ahlini o‘ziga jalb qila olgan.

markaz.tiu.uz

[1] Yermakov D.V. Akida.//IES. M.: 1991. - B. 7-18.

[2] Suleyman Uludag. Kelam ilmi ve islam akaidi. – Istanbul: Dergah Yayinlari, 1999. – B. 60.

[3] Katanov N.F. Vostochnaya bibliografiya. – Kazan: Iman, 2004. – B. 83.

[4] Leopoldov A.Ya. Opыt izlojeniya muxammedanstva po ucheniyu xanifitov (sochineniye studenta Kazanskoy Duxovnoy Akademii III-go uchebnogo kursa (1846-1850g.))//Missionerskiy protivomusulmanskiy sbornik. Trudы studentov missionerskogo protivomusulmanskogo otdeleniya pri Kazanskoy Duxovnoy Akademii. Vыpusk II. Izdaniye vtoroye. Kazan: 1897. – B. 14.

[5] Suleyman Uludag. Kelam ilmi ve islam akaidi. – Istanbul: Dergah Yayinlari, 1999. – B. 60.

[6] Rudolf U. Moturidiylik. Ruschadan Z. Munavvarov tarjimasi. // Imom al-Buxoriy saboqlari jurnali. T., 2000, 2-son, – B. 250.

[7] Suleyman Uludag. Kelam ilmi ve islam akaidi. – Istanbul: Dergah Yayinlari, 1999. – B. 61.

[8] Validi Dj. Ocherk istorii obrazovannosti i literaturы tatar do revolyutsii 1917 g . (fragment knigi)//Biblioteka jurnala «Kazan»-№6.-Kazan, 1992, s.19; takje sm.: Safiullina R.R. Arabskaya kniga v duxovnoy kulture tatarskogo naroda. – Kazan: Alma-Lit, 2003. – B.105.

[9] Safiullina R.R. Arabskaya kniga v duxovnoy kulture tatarskogo naroda, s.102-105.

[10] Suleyman Uludag. Kelam ilmi ve islam akaidi. – Istanbul: Dergah Yayinlari, 1999. – B. 61.

[11] Safiullina R.R. Arabskaya kniga v duxovnoy kulture tatarskogo naroda, s.102-105.