“HAJ-2024” mavsumi uchun yangi loyiha va xizmatlar bilan tanishildi

Kuni kecha, 8-yanvar kuni, Jidda shahrida Haj va umra xizmatlari anjuman-koʻrgazmasida Oʻzbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etdi. 

Mazkur nufuzli tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi Sodiq Toshboyev hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bevosita qatnashdi. 

Anjumanda dunyoning 80 dan ortiq davlatidan vazirlar, muftiylar, haj va umra tadbirlarini tashkil etishga masʼul Saudiya Arabistonining idoralari va xalqaro kompaniyalar ishtirok etdi.  

Koʻrgazma doirasida mehmonxona, ovqatlanish, transport, qurbonlik, Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida xizmat koʻrsatish boʻyicha zamonaviy loyihalar taqdimot qilindi. 

Haj va umra vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hojilarga oʻtgan yili 20 ta yirik shirkat xizmat qilgan boʻlsa, bu yil ularning soni 35 taga yetishi, Arofat vodiylarida hojilarga qulaylik yaratish maqsadida jami 5 mlrd. riyol (1,3 mln. AQSH dollari) sarflangani, 14 mingdan ortiq tahoratxona qurilgani, oʻtgan yillarda 44 ming nafar ishchi ziyoratchilarga xizmat qilgan boʻlsa, bu yil ularning sonini 120 mingga yetkazilishini bildirdi.
 
Shuningdek, pandemiyadan avval bir yilda 8,5 million ziyoratchi umra ibodatini ado etgan boʻlsa, 2023-yil 13 mln. 550 ming nafar ziyoratchi kelganini maʼlum qildi.

Ushbu anjuman-koʻrgazma joriy yilning 11-yanvar kuniga qadar davom etadi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

09.01.2024.