Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat departamentining rasmiy bayonoti

Maʼlumki, AQSH davlat departamenti tomonidan har yili “Xalqaro diniy erkinlik” toʻgʻrisidagi qonunga dunyo mamlakatlarining qay darajada amal qilib borayotgani monitoring qilib boriladi.

Diniy erkinlik borasida ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmagan mamlakatlar  “Maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar” roʻyxatiga kiritiladi. 

Oʻzbekiston Respublikasi mazkur roʻyxatdan 2020-yilda chiqarilgan. (https://t.me/DinQumita/1315)

Joriy yilning 4-yanvar kuni, AQSH Davlat departamentining rasmiy https://www.state.gov/religious-freedom-designations/ saytida oʻtgan 2023-yil natijalariga koʻra eʼlon qilingan rasmiy bayonotda Oʻzbekistonning “Maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar”  roʻyxatiga kiritilmagani ijobiy hol, albatta.

AQSH Davlat Kotibi Entoni Blinken:
“1998-yilda Xalqaro diniy erkinlik toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingan va kuchga kirganidan beri din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash AQSH tashqi siyosatining asosiy maqsadi boʻlib kelgan.

Ushbu maqsaddan kelib chiqqan holda Birma, Xitoy Xalq Respublikasi, Kuba, KXDR, Eritreya, Eron, Nikaragua, Pokiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Turkmaniston kabi davlatlar diniy erkinlikning oʻta jiddiy buzilishiga yoʻl qoʻyganliklari uchun alohida tashvishli davlatlar sifatida baholandi. 

Bundan tashqari, Jazoir, Ozarbayjon, Markaziy Afrika Respublikasi, Qamar orollari va Vyetnamni diniy erkinliklarning jiddiy buzilishida ishtirok etayotgani uchun maxsus kuzatuv roʻyxatiga kiritilgan”, dedi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

05.01.2024.