“RAHBAR VA YОSHLAR” OCHIQ MULOQOTI BOʻLIB OʻTDI

Bugun, 23-dekabr kuni, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi majlislar zalida Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi S.Toshboyev va faol yoshlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbirda yoshlarning diniy-maʼrifiy sohadagi faoliyati, erishayotgan yutuqlari hamda kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

“Akademiya binosiga kirar ekanman, oʻqituvchilar, talabalar, umumiy jarayonlarni kuzatib, beixtiyor, talabalik yillarim, ustozlarim, dars jarayonlari, barcha barchasi xotiramda qayta gavdalandi. Bugungi uchrashuv sabab – oʻzim ham yana bir bor talabalik yillarimga qaytdim. Menga yoshlik xotiralarimni, talabalik yillarimdagi sogʻinchni tortiq etganingiz uchun sizlarga katta rahmat aytaman!” - dedi S.Toshboyev.
 
Ochiq muloqotda Qoʻmita raisi tomonidan diniy-maʼrifiy sohadagi yoshlarning taʼlim va taraqqiyotga intilishini qoʻllab-quvvatlash, keng fikr va dunyoqarashga ega kadrlar sifatida kamol topishini taʼminlash maqsadida quyidagi tashabbuslar ilgari surildi:

1️⃣ Mamlakatimizdagi mavjud ziyorat turizmi salohiyatidan unumli foydalangan holda, sohadagi aʼlochi va faol talabalarni 2024-yil noyabr oyida “Xalqaro Ziyorat turizmi haftaligi” doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarda Samarqand va Buxoro viloyatlariga ziyorat turlari uyushtiriladi.

2️⃣ 2023/2024 oʻquv yili yakuniga qadar Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy taʼlim muassasalarining Axborot-resurs markaziga Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi nomidan mutaxassislik, diniy-maʼrifiy va badiiy kitoblar jamlanmasi taqdim etib boriladi.

3️⃣ Respublikada ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, yot oqimlarning gʻoyaviy negizlarini oʻrganish hamda ularga qarshi kurashishning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqish kabi dolzarb yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot olib borayotgan yosh tadqiqotchilar 2024-yildan boshlab “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi!

Tadbirda yil davomida targʻibot ishlarida faol ishtirok etib kelgan, taʼlim jarayonlarida oʻzining iqtidorini namoyon qilgan hamda jamoat tadbirlarida faol boʻlgan bir guruh yoshlar Qoʻmita raisining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. 

Ochiq muloqot faol savol-javob shaklida boʻlib oʻtdi. Qoʻmita raisi topshirigʻiga koʻra, yoshlar tomonidan berilgan savol va takliflar asosida maxsus “Yoʻl xarita” ishlab chiqilishi belgilandi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

23.12.2023.