Umra tadbirlarini tashkil etish yuzasidan rasmiy munosabat

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror asosida endilikda mamlakatimizda xususiy sektor tomonidan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda.

Unga koʻra, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha quyidagi qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etilmoqda:

100 ming AQSH dollaridan kam boʻlmagan mablagʻlarni Turizm qoʻmitasining Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyadi;

“Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarini tayinlaydi;

“Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha respublika taʼlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisning boʻlishini taʼminlaydi;

“Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatish taʼqiqlanadi;

“Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.

2023-yil 1-oktyabrdan “Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etildi. Baholash tizimi Turizm qoʻmitasining maxsus saytida eʼlon qilib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, qarorda belgilangan qoʻshimcha litsenziya talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan qoʻllaniladi.

Shu oʻrinda, muhim bir jihatga eʼtibor qaratish lozim: 

Mazkur qaror asosida endilikda faqat “Umra litsenziyasiga ega” boʻlgan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turistik tashkilot “Umra” tadbirlarini tashkil etadi.

Umra faoliyatini 1-noyabrdan soʻng tashkil qilishni reklama qilayotgan har qanday “turfirma”ning litsenziyasi mavjudligini surishtirib olishingizni tavsiya qilamiz!
 
Noqonuniy “turfirma”  yoki “turagent”lardan ogoh boʻling!

Eslatib oʻtamiz! Turistik tashkilotlar tomonidan “Umra” tadbirlari yuqoridagi qaror ijrosini qatʼiy taʼminlangan holda tashkil etiladi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

24.10.2023.