“Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni taʼsis etildi

Hukumat qarori (495-son, 25.09.2023-y.) bilan “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Koʻkrak nishoni bilan atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalarning vakillari, xorijiy arboblar va olimlar taqdirlanadi.

 Shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham koʻkrak nishon bilan taqdirlanishi mumkin.

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarga nomzod haqida quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

nomzod haqida maʼlumotnoma;

nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (fuqarolik pasporti yoki ID-karta);

nomzodning soʻnggi 3 yil davomida diniy-maʼrifiy sohaning samaradorligini oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini taʼminlash, dinlararo va konfessiyalararo totuvlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma.

Koʻkrak nishoni har yili 16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni arafasida tantanali tarzda topshiriladi.

Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari (1 mln 320 ming soʻm) miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

25.09.2023.