Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq soʻzladi:

“Yana bir muhim fikrni taʼkidlashni istardim. Soʻnggi paytlarda ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, deb hisoblaymiz. 

Jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qilamiz.

Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari suramiz” — dedi davlat rahbari.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati

20.09.2023.