Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-sentyabr kuni Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Qabr poyiga gul qoʻyib, Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo oʻqildi.

Islom Abdugʻaniyevich Karimov Oʻzbekiston mustaqilligini eʼlon qilib, davlat boshqaruvini yangidan qurgan, tariximizning murakkab va ogʻir davrlarida barqarorlikni saqlab, xalqimiz manfaatlarini taʼminlagan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev uning bu xizmatlarini munosib qadrladi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi qaroriga muvofiq, Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish boʻyicha koʻp ishlar qilindi. Yurtimizdagi yirik majmualar, shaharlardagi markaziy koʻchalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi tashkil qilindi, Samarqandda maqbara barpo etildi.

Fidoyilarini eʼzozlaydigan xalqimiz Birinchi Prezidentimizni hurmat bilan yodga oladi. Ushbu xotirlash marosimi ham oʻtganlar yodiga hurmat, yosh avlodga ibrat maktabidir.

Marosimda parlament va hukumat aʼzolari, jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Tadbir yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.