Umra tadbirini tashkil etish boʻyicha notoʻgʻri talqinlarga munosabat!

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida mazkur qarordagi ayrim jihatlar boʻyicha shaxsiy qarashlarga asoslangan notoʻgʻri talqinlar tarqalmoqda.

Aslida, mazkur qaror asosida endilikda mamlakatimizda xususiy sektor tomonidan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish imkoniyati yaratilayotgani keltirilgan.

Unga koʻra, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha quyidagi qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:

100 ming AQSH dollaridan kam boʻlmagan mablagʻlarni Turizm qoʻmitasining Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish;

“Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarini tayinlash;

“Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha respublika taʼlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisning boʻlishi;

“Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatmaslik;

“Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.

2023-yil 1-oktyabrdan “Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi. Baholash tizimi Turizm qoʻmitasining maxsus saytida eʼlon qilib boriladi.

Qarorda belgilangan qoʻshimcha litsenziya talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan qoʻllaniladi.

Shu oʻrinda, muhim bir jihatga eʼtibor qaratish lozim: Qarordagi “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatish taqiqlanishi qatʼiy belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, biroq mazkur jihatni turli assotsiatsiya va vakolatga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan shaxsiy  qarashga asoslangan holda notoʻgʻri talqin qilinishi – odamlarni chalgʻitishga sabab boʻlmoqda.

Aslida, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli qaroriga muvofiq “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatish taʼqiqlanadi.

Oʻz navbatida, mazkur qarorni sharhlash va shaxsiy qarashni ommaga singdirish turli assotsiatsiya va  shaxslarning vakolatiga kirmasligini maʼlum qilamiz.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita 
Axborot xizmati