Аnglashuv memorandumi imzolandi
​2023 yilning 1 avgust kuni Din ishlari boʼyicha qoʼmita raisi S.Toshboyev va BААning Ekstremizm va zo'ravon ekstremizmga qarshi kurashish bo'yicha “Hidoya” xalqaro tadqiqot markazi ijrochi direktori Аhmad Аl-Qosimiy oʼrtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Dastlab S.Toshboyev O'zbekistonda diniy-maʼrifiy sohada shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va soha istiqbollari haqida so'z yuritdi. Shuningdek, O'zbekiston taraqqiyotining yangi davrida Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalar qatori, diniy-maʼrifiy jabhada, xususan, din va eʼtiqod erkinligi yo'nalishida ham ko'plab yangiliklar, sharoitlar, qulayliklar yaratib berilayotganini aytib o'tdi.
Fuqarolarimizning vijdon erkinligini taʼminlash, diniy bagʼrikenglikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm va aqidaparastlikka qarshi kurash borasida BАА bilan hamkorlik oʼzining ijobiy natijalarini berishini aytib, Din ishlari boʼyicha qoʼmita va “Hidoya” markazi oʼrtasida oʼzaro delegatsiyalar tashriflari, turli yot gʼoyalar taʼsiriga tushib qolishni oldini olish, vijdon erkinligi va diniy bagʼrikenglik mavzularida turli tadbirlarni birgalikda oʼtkazilishi, sohaga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan tajriba almashish hozirgi kunning dolzarb vazifalaridan biri boʼlib qolayotganini urgʼuladi.
O'z o'rnida “Hidoya” markazi direktori Аhmad Аl-Qosimiy bugungi samimiy uchrashuv uchun Din ishlari boʼyicha qoʼmita rahbariyatiga qolaversa, mutasaddilarga oʼzining samimiy minnatdorligini izhor qildi. Аhmad Аl-Qosimiy rivojlanib borayotgan BАА va Oʼzbekiston munosabatlarini yuqori baholadi hamda bu sohada ilk bor boʼlib oʼtayotgan bunday uchrashuv oʼz samarasini berishini bildirdi. Shuningdek, u ikki tomonlama hamkorlikka oid Аnglashuv memorandumining imzolanishi ikki mamlakat o'rtasida diniy-maʼrifiy sohadagi mushtarak aloqalarning rivojlanishiga hissa qo'shishini xususan, globallashuv davrida turli yot gʼoyalarga hamkorlikda kurashish, targʼibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish hamda ijobiy natijalar koʼrsatishni alohida taʼkidladi.
Shundan so'ng, tomonlar oʼrtasida ikki tomonlama hamkorlikka oid Аnglashuv memorandumini imzolash tadbiri bo'lib o'tdi. Tadbir yakunida istiqboldagi rejalar, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yo'llari hamda natijada ijobiy ko'rsatkichlarga erishish maqsadlari kelishib olindi.

Onlayn uchrashuv samimiy va do'stona ruhda o'tdi.

Din ishlari bo'yicha qo'mita 
Аxborot xizmati