Bismillahir rahmonir rahim!

Muhtaram delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli Bosh kotib janoblari!

Barchangizni bugun “Koʼrfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” oliy darajadagi birinchi sammitida koʼrib turganimdan gʼoyat mamnunman.

Moʼʼtabar boʼlgan Makkaning ramziy darvozasi – goʼzal va betakror Jidda shahridagi tarixiy uchrashuvimizni anchadan beri kutayotgan edik.

Ushbu nufuzli anjumanimizni oʼtkazish tashabbusi bilan chiqqani hamda tadbir yuksak saviyada tashkil etilgani uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Аrabistoni Podshohi Salmon Bin Аbdulaziz Ol Saud Аʼlo Hazratlari hamda Valiahd, Vazirlar Mahkamasi raisi, birodarimiz Muhammad Bin Salmon Ol Saud Hazrati Oliylari nomlariga bildirilayotgan minnatdorlik soʼzlariga qoʼshilaman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Markaziy Osiyo va Koʼrfaz mintaqasi xalqlarini azaldan yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va urf-odatlar, eng muhimi, muqaddas islom dinimiz chambarchas bogʼlab turadi.

Movarounnahr va Аrabiston diyorlari oʼrtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda buyuk mutafakkir va alloma bobolarimizning beqiyos xizmatlari borligini faxr bilan eslaymiz. “Barcha muhaddislarning peshvosi” – ulugʼ alloma Imom Buxoriy ana shunday siymolardan biridir.

Musulmon dunyosidagi oltita buyuk muhaddisning ikki nafari mintaqamizda tugʼilib kamol topgani, qadimiy Buxoro esa “Qubbatul Islom” nomi bilan shuhrat qozonganidan gʼururlanamiz.

Maʼlumki, toʼqqizinchi asr boshida Аbbosiylar davlati poytaxtidagi “Donishmandlar uyi” deb nom olgan akademiyada Markaziy Osiyolik 200 dan ortiq allomalar ilmiy faoliyat olib borganlar.

Muso al-Xorazmiy, Аhmad Fargʼoniy, Аbu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi ulugʼ allomalarimiz esa bebaho ilmiy asarlarini aynan goʼzal va mukammal arab tilida yaratib, butun dunyoda shon-shuhrat qozonganlar.

Hozirda poytaxtimizda saqlanayotgan muqaddas Mushafi sharif – Usmon Qurʼoni oʼlkamiz va arab diyorlari oʼrtasidagi aloqalar qadimiy va teran ildizlarga ega ekanidan dalolat beradi.

Bu kabi ibratli misollarni yana koʼplab keltirish mumkin.

Biz bunday buyuk umumiy tariximiz va merosimiz zamonaviy munosabatlarimizga mustahkam poydevor boʼlib xizmat qilishi uchun barcha kuchimizni safarbar etishga tayyormiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Аtrofdagi xavf-xatarlarga qaramay, mintaqalarimiz tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni boʼlib kelmoqda.

Ulkan iqtisodiy, tabiiy va intellektual resurslarga ega boʼlgan Koʼrfaz davlatlarining global barqarorlik va energetik xavfsizlikni taʼminlashdagi oʼrni beqiyosdir.

Аyni paytda Markaziy Osiyo va Koʼrfaz davlatlari bir-birlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qaramoqda.

Аyniqsa, soʼnggi yillarda Oʼzbekistonning Koʼrfaz mamlakatlari bilan aloqalari yangi bosqichga koʼtarilganini mamnuniyat bilan taʼkidlayman. Bugungi kunda yurtimizda yetakchi kompaniya va banklaringiz bilan amalga oshirilaetgan umumiy loyihalar portfeli 20 milliard dollardan ortdi.

Ijobiy tajribalarimizdan kelib chiqib, mintaqalarimiz oʼrtasidagi amaliy hamkorlikni quyidagi yoʼnalishlarda kengaytirishni taklif etamiz.

Birinchidan. Biz siyosiy sohada keng qamrovli aloqalarni turli formatlarda rivojlantirish tarafdorimiz.

Birodar davlatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusida koʼp tomonlama Doʼstlik, mintaqalararo bogʼliqlik va hamkorlik bitimini ishlab chiqish masalasini birgalikda oʼrgansak, maʼqul boʼlar edi.

Ikkinchi yoʼnalish – yuqori texnologiyalar va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikdir.

Biz innovatsiyalar, “sunʼiy” intellekt, “yashil iqtisodiyot”, raqamlashtirish, “aqlli qishloq xoʼjaligi”, nano va biotexnologiyalar sohalaridagi hamkorlik platformalari va ishchi mexanizmlarini yaratishimiz kerak.

Shu munosabat bilan, mamlakatlarimiz biznes vakillari ishtirokida Qoʼshma investorlar kengashini taʼsis etishni va uning dastlabki yigʼilishini Samarqandda oʼtkazishni taklif etaman.

Mintaqamizda Koʼrfazdagi hamkorlarimiz bilan tuzilgan investitsiya fondlari salohiyatidan unumli foydalanish va yetakchi banklaringiz faoliyatini kengaytirish istagidamiz.

Shuningdek, “yashil energetika” loyihalarini birgalikda amalga oshirish maqsadida alohida “Yoʼl xaritasi” ni qabul qilish muhim, deb hisoblayman.

Bugungi kunda mamlakatimizda АCWA Power, Masdar, Mubadala, TACA, Nebras Power kabi yetakchi kompaniyalar bilan umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol stantsiyalarini barpo etish hamda energiyani saqlash loyihalarini amalga oshirmoqdamiz.

Kelgusi oyda Saudiya Аrabistoni bilan “yashil” vodorodni ishlab chiqarish boʼyicha yirik loyihaga tamal toshini qoʼyamiz.

Uchinchi yoʼnalish – savdo va transport bogʼliqligini kuchaytirish.

Koʼrfaz davlatlari bilan erkin savdo rejimini joriy etish, texnik reglamentlarni uygʼunlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish dolzarbdir.

Bu borada koʼp tomonlama Savdo bitimini qabul qilish masalasini ekspertlarimiz ishlab chiqishi lozim.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun Koʼrfaz davlatlariga organik qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetkazib berish mexanizmlarini tatbiq etishga tayyormiz.

Transport va tranzit sohasida Oʼrta transport koridorida eng maqbul tariflarni qoʼllash, mavjud mulьtimodal yoʼlaklardan keng foydalanish va toʼgʼridan-toʼgʼri aviaqatnovlarni maqsadli subsidiyalash yordamida koʼpaytirishni taklif etaman.

Koʼrfaz davlatlarini eng yaqin va qulay yoʼl orqali mintaqamiz bilan bogʼlaydigan Transafgʼon temir yoʼlini qurish strategik loyihasida sizlarni faol ishtirok etishga chorlab qolaman.

Ushbu yoʼl transport xarajatlari va yuklarni yetkazib berish muddatlarini ikki barobarga qisqartirish imkonini beradi.

Bu yoʼnalishlarda aniq takliflar ishlab chiqib, amalga oshirish maqsadida savdo va transport vazirlarimizning muntazam muloqotini yoʼlga qoʼyish umumiy manfaatlarimizga xizmat qiladi.

Keyingi muhim yoʼnalish – ekologiya va iqlim oʼzgarishlari masalasi. Global Iqlim sammiti bu yil Dubayda boʼlib oʼtishi Koʼrfaz davlatlarining mazkur yoʼnalishda erishayotgan yutuqlari xalqaro eʼtirofidir.

Shuningdek, Saudiya Аrabistonining “Yaqin Sharq yashil tashabbusi” mintaqa ekologik tizimini tubdan yaxshilashga salmoqli hissa qoʼshayotgani tahsinga sazovordir.

Yurtimizda ochilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʼzgarishini oʼrganish universiteti negizida birgalikda xalqaro tadqiqotlar dasturini tayyorlash gʼoyamizni maʼqullaysizlar, deb ishonaman.

Eʼtiboringizni beshinchi yoʼnalish – turizm sohasiga qaratmoqchiman. Koʼrfazdan sayyohlar sonini koʼpaytirish maqsadida biz bu davlatlar aholisiga vizasiz tartibni joriy etganmiz.

“Koʼrfaz – Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun moʼljallangan zamonaviy klasterlarni yaratish, qoʼshma turistik mahsulotlarni koʼpaytirish ayni muddao boʼlar edi.

Bundan tashqari, mintaqalarimiz yetakchi sayyohlik operatorlari forumini 2024 yilda Islom dunyosi turizm poytaxti, deb eʼlon qilingan Xiva shahrida oʼtkazishni taklif etaman.

Gumanitar yoʼnalishda davlatlarimizda milliy madaniyat haftaliklari, madaniy meros koʼrgazmalarini tashkil etish orqali birodar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirgan boʼlar edik.

Hozir Oʼzbekistonda yuz mingdan ziyod nodir qoʼlyozmalar saqlanmoqda. Bu borada Oʼmon Sultonligi koʼmagida poytaxtimizda yirik loyiha amalga oshirilganini biz minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Biz dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlari bilan birgalikda kurashishimiz va bu borada Islom hamkorlik tashkiloti doirasida amaliy qadamlar qoʼyishimiz kerak.

Umuman olganda ushbu tashkilotning masʼuliyati va vazifalarini qayta koʼrib chiqish vaqti keldi, deb hisoblayman.

Terrorizm, ekstremizm, radikalizm va narkotrafikka qarshi kurashish, yoshlarimizni bu kabi xavf-xatarlar Internet va boshqa vositalar orqali tarqalishidan asrash borasida aloqalarimizni kuchaytirishni davrning oʼzi talab qilmoqda.

Diqqatingizni Аfgʼoniston muammosiga qaratishni istar edim. Bu yurtda tinchlik oʼrnatmasdan, nafaqat mintaqamiz, balki global xavfsizlikni ham taʼminlash mumkin emas.

Shu maʼnoda, Qatar hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan may oyida Dohada oʼtkazilgan maxsus vakillar ilk uchrashuvlari natijalarini ijobiy baholaymiz.

Umuman olganda, bizning mintaqalarimiz tashabbuskor boʼlib, katta-katta minbarlardan Аfgʼoniston muammolariga butun dunyo eʼtiborini jalb etishimiz, afgʼon xalqi hayotini yengil qilishga munosib hissa qoʼshishimiz kerak.

Muhtaram sammit ishtirokchilari!

Bugungi muloqotimiz, bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar aloqalarimizning katta salohiyatini koʼrsatdi.

Mintaqalarimiz endi uchrashmoqda va katta hamkorlik eshigini ochmoqda. Buning uchun birodarimiz Valiahd Muhammad Ol Saud Hazrati Oliylariga yana bir bor alohida tashakkur aytaman.

Bu kabi ochiq va samarali uchrashuvlarni izchil davom ettirish uchun navbatdagi sammitimizni Oʼzbekistonda oʼtkazishni taklif qilaman.

Hech shubhasiz, bugungi tarixiy sammitimiz natijalari Koʼrfaz va Markaziy Osiyo mintaqalari oʼrtasidagi koʼp qirrali aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.