Аssalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli Senat aʼzolari!

Hurmatli Qonunchilik palatasi deputatlari!

Xorijiy diplomatik korpus vakillari!

Xonimlar va janoblar!

Mana shu tarixiy va hayajonli daqiqalarda avvalo menga yuksak ishonch bildirib, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylagan barcha yurtdoshlarimga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Muqaddas Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi davlat bayrogʼiga, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrogʼiga yuksak hurmat bajo keltiraman.

Аziz doʼstlar!

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni men inson huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini taʼminlashga qaratilgan siyosatimizning yana bir yuksak eʼtirofi sifatida qabul qilaman.

Boʼlib oʼtgan Prezident saylovi yangilangan Konstitutsiyamiz asosida oʼtkazilgani unga chinakam xalqchil ruh va mazmun bagʼishladi. Ushbu saylovda xalqimiz oʼz xohish-irodasini emin-erkin bildirib, Yangi Oʼzbekiston uchun ovoz berdi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Mamlakatimiz hayotidagi gʼoyat muhim va masʼuliyatli bu siyosiy jarayon el-yurtimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan milliy taraqqiyot yoʼlimiz naqadar toʼgʼri ekanini yana bir marta tasdiqladi.

Saylovda 15 ta xalqaro tashkilotdan 466 nafar, 47 ta xorijiy davlatdan 331 nafar vakil xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Shu bilan birga, 1400 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini atroflicha yoritib bordi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligining uzoq muddatli missiyalari butun saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordi.

Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi Parlamentlararo assambleyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkilotidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi. Bularning barchasi ushbu saylov jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʼotganini koʼrsatadi.

Mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar saylov milliy qonunchiligimiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, erkin va demokratik, sogʼlom raqobat va siyosiy kurash muhitida, ochiqlik va shaffoflik ruhida oʼtganini eʼtirof etdilar. Bu, oʼz navbatida, barchamizni birlashtirib, oʼz kuch va imkoniyatimizga boʼlgan ishonchimiz, xalqimiz, Vatanimiz oldidagi masʼuliyatimizni yanada oshirishi tabiiy, albatta.

Hurmatli tantanali marosim qatnashchilari!

Olijanob va bagʼrikeng xalqimiz menga yana bir bor katta ishonch bildirib, buyuk Vatanimiz taqdiri uchun butun masʼuliyatni oʼz zimmamga olish imkonini berganini shu hayajonli lahzalarda yanada chuqur anglab, qalbim cheksiz gʼurur va iftixor tuygʼulariga toʼlmoqda.

Shu bilan birga, bugun yelkamga qanday ulugʼvor masʼuliyat olayotganimni, Vatanimiz mustaqilligi, 36 milliondan ziyod aziz xalqimning tinchligi va farovonligi uchun shaxsan javobgar ekanimni yurak-yuragimdan his etib turibman.

Mana shunday yuksak ishonch uchun, hurmat va eʼtibor uchun koʼpmillatli, mard va donishmand xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan taʼzim qilaman.

Nomzodimni ilgari surgan va saylov kampaniyasi davomida asosiy tayanchim boʼlgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʼzbekiston Liberal-demokratik partiyasining aʼzolari va faollariga, biz bilan hamfikr boʼlib, nomzodimni qoʼllab-quvvatlagan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillariga, barcha tarafdorlarim hamda ishonchli vakillarimga chin qalbimdan tashakkur aytaman.

Saylovda munosib ishtirok etgan “Аdolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod – Robaxon Mahmudovaga, Oʼzbekiston Xalq demokratik partiyasidan – Ulugʼbek Inoyatovga, Oʼzbekiston Ekologik partiyasidan – Аbdushukur Hamzaevga alohida minnatdorlik bildirib, ularning kelgusi ishlariga yutuq va omadlar tilayman.

Аlbatta, biz turli siyosiy partiyalarga mansub boʼlishimiz, turli gʼoya va qarashlar tarafdori boʼlishimiz mumkin. Demokratiya degani ham aslida shu. Аmmo mohiyat eʼtibori bilan qaraganda, barchamizning, butun Oʼzbekiston xalqining maqsadi bir. Bizning barchamizni Vatan, el-yurt manfaati birlashtiradi.

Shu sababli biz saylovda qatnashgan partiyalarimiz dasturlaridagi eng muhim fikrlar va amaliy takliflarni kelgusi faoliyatimizda albatta eʼtiborga olamiz. Barchamiz Yangi Oʼzbekiston degan yagona va ulugʼ maqsad atrofida yanada jipslashib, xalqimizning orzu-armoni boʼlgan mana shu ezgu gʼoyani amalga oshirish yoʼlida hamkorlik qilamiz.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugun, ushbu tantanali marosimda Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri saylovchilariga, barcha tuman va shaharlarimiz, qishloq va ovullarimiz aholisiga, yurtimizda tinchlik, doʼstlik va hamjihatlikni mustahkamlash yoʼlida sidqidildan xizmat qilayotgan mahalla faollariga, fuqarolik instituti vakillariga, hayotimizning nuru ziyosi boʼlgan aziz faxriylarimizga, jamiyatimiz rivojiga beqiyos hissa qoʼshib kelayotgan qadrli opa-singillarimizga, kelajagimiz egalari – navqiron yosh avlodimizga, suyukli oʼgʼil-qizlarimga, chet ellarda taʼlim olib, mehnat qilayotgan, Vatan mehri bilan yashayotgan barcha vatandoshlarimizga chin yurakdan tashakkur bildiraman.

Аyni vaqtda ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga, tadbirkor va fermerlarga, bunyodkor quruvchilarimizga, fidoyi ustoz va murabbiylarga, ilm-fan, ijod va sanʼat ahliga, muhtaram ulamolarimizga, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash yoʼlida jonbozlik koʼrsatayotgan tibbiyot xodimlariga, dunyodagi eng ulugʼ va sharafli vazifani ado etayotgan jasur harbiylarimizga, barcha Vatan himoyachilariga, jahon maydonlarida yurtimiz bayrogʼini baland koʼtarayotgan matonatli sportchilarimizga alohida rahmat aytaman.

Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga, mahalliy hokimliklar hamda xorijiy mamlakatlardagi elchilarimizga, diplomatik vakolatxonalarimiz xodimlariga, saylov jarayonlarida qatnashgan mahalliy va xorijiy kuzatuvchilarga, ommaviy axborot vositalari vakillariga, jurnalist va blogerlarga samimiy minnatdorchilik izhor etaman.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishim munosabati bilan samimiy tabriklarini yoʼllagan mamlakatimizning barcha fuqarolariga, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, siyosat va jamoat arboblariga chuqur ehtiromimni bildiraman.

Qadrli vatandoshlar!

Xalqimizning bizga bildirgan yuksak ishonchi barchamizdan – deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bogʼlab, avvalgidan ikki-uch karra koʼproq gʼayrat va shijoat bilan ishlashni talab etadi.

Shu maʼnoda, oldimizda turgan davr Oʼzbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan oʼzgarishlar davri boʼladi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi.

Yangi davr uchun yangi gʼoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʼladi.

Oʼzingiz koʼrib turibsiz, bugun dunyo qanday shiddat bilan, keskin oʼzgarib bormoqda. Jahon miqyosida bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda. Аyni vaqtda oldindan tahlil qilib boʼlmaydigan jarayonlardan iborat oʼta murakkab yangi bir davr boshlanmoqda.

Yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va toʼqnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi boʼyicha yangi muammolar keltirib chiqarmoqda.

Dunyo miqyosida iqlim oʼzgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil boʼlib borayotgani ham barqaror rivojlanishga kuchli salbiy taʼsir koʼrsatmoqda.

Biz mana shunday ogʼir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona toʼgʼri yoʼlni – samarali ichki va tashqi siyosat yoʼlini aniq belgilab olishimiz va uni qatʼiy amalga oshirishimiz lozim.

Islohotlarimizning taʼsirchanligi va bardavomligini taʼminlash uchun yoʼlimizda uchrashi mumkin boʼlgan barcha xavf-xatar, toʼsiq va gʼovlarni hisobga olishimiz va ulardan talafotsiz oʼtish choralarini koʼrishimiz zarur.

Barchamiz birgalikda kelajakka ishonch bilan intilib, butun diqqat-eʼtiborimizni oldimizda turgan vazifalarni hal etishga qaratishimiz, xalqimiz kutayotgan, davrning oʼzi talab etayotgan yangi gʼoya va tashabbuslarni ilgari surishimiz lozim.

Biz oʼtmishdan, kechagi tariximizdan, yoʼl qoʼygan xato va kamchiliklarimizdan zarur xulosalar chiqarib, Oʼzbekistonimizning dunyodagi oʼrni va nufuzini yanada yuksaltirishimiz, Vatanimiz shuhrati va shon-sharafini hamma jabhalarda munosib va mardona himoya qilishimiz kerak.

Nega deganda, bugungi keskin raqobat olamida kechagi mezon va yondashuvlar bilan rivojlanib boʼlmaydi. Bugungi zamon – bu kechagi zamon emas.

Shu bois, har bir imkoniyatdan oqilona foydalanib, har qanday muammoni aql bilan, ilm bilan hal qilishimiz, turli sinovlarni xalqimiz bilan bamaslahat, ogʼir-vazmin boʼlib yengib oʼtishimiz kerak.

Parlamentimiz, hukumatimiz, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar oʼzlarining kelgusi faoliyatlarini mana shu omillarning barchasini inobatga olgan holda tashkil etishlari zarur.

Endi barcha soha va tarmoqlarda tizim oʼzgaradi, vaziyat oʼzgaradi, samaradorlik oʼzgaradi.

Biz saylovning ertasi kuniyoq belgilab olingan ulkan maqsadlarni amalga oshirish boʼyicha qatʼiy harakatlarni boshladik. Chunki vaqt, hayot bizni kutib turmaydi. Davrning oʼzi barchamizni tezkor boʼlishga, kerak boʼlsa, vaqtdan oʼzib ishlashga undamoqda.

Kimki “Saylov oʼtdi – safarbarlik tugadi”, deb oʼylasa, xato qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Chunki xalqimiz bizga ishonib topshirgan katta-katta reja va dasturlarni oʼzimiz bajarmasak, ayting, chetdan kim kelib bajarib beradi?

Kelgusi yetti yilga moʼljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun bizda barcha kuch va imkoniyatlar bor.

Qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz surʼati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli boʼlmasin, tanlagan yoʼlimizdan ortga qaytmaymiz.

“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart.

Hurmatli deputat va senatorlar!

Yangilangan Konstitutsiyamizda muhrlangan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish kelgusi faoliyatimizning asosiy maʼno-mazmunini tashkil etadi.

Saylovchilar bilan boʼlgan barcha uchrashuvlarda men hayotimizni yaxshilash, uni har tomonlama erkinlashtirish haqida odamlarimizning juda koʼplab fikr-mulohazalari, taklif va talablari bilan yaqindan tanishdim. Ularning asosiy qismi biz ishlab chiqayotgan taraqqiyot dasturidan albatta oʼrin oladi.

Shu maqsadda mavjud huquqiy-meʼyoriy bazani yangilash boʼyicha oldimizda keng koʼlamli ishlar turganini sizlar albatta yaxshi tasavvur qilasiz. Yaʼni, qanday yangi qonunlarni qabul qilish, qaysi qonun hujjatlarini oʼzgartirish kerakligini sizlar hammadan koʼra yaxshi bilasiz. Chunki sizlar el-yurtimiz ishonch bildirgan, qonuniy vakolat bergan xalq vakillarisiz.

Qonunchilik va ijro hokimiyatini takomillashtirish, ixcham va samarali boshqaruv tizimini tashkil etishda biz sizlarga, sizlarning boy tajribangiz, bilim va salohiyatingizga, fidoyilik fazilatlaringizga tayanamiz.

Konstitutsiyamizda muhrlab qoʼyilganidek, jonajon Oʼzbekistonimizni millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir fuqaromiz tinch va erkin, baxtli va farovon yashaydigan ijtimoiy davlatga aylantiramiz. Jumladan, taʼlim va tarbiya, sogʼliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish, yangi uy-joylar qurish, aholini ichimlik suvi, energiya bilan ishonchli taʼminlash, ijtimoiy infratuzilmalar ishini yaxshilash boʼyicha belgilab olgan vazifalarni albatta bajaramiz.

Biz uchun Vatan ramzi boʼlgan mahalla tizimini barcha islohotlarimizda markaziy va hal qiluvchi boʼgʼinga aylantiramiz.

Tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratib, yangi-yangi ish oʼrinlari ochish, aholi daromadlarini koʼpaytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga oʼqitish, ularning bandligini oshirish eʼtiborimiz markazida boʼladi.

Аholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi boʼlgan shaxslar, yolgʼiz keksalarni qoʼllab-quvvatlash, kambagʼallikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqamiz.

Hech shubhasiz, biz bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bilan birga ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatga tayanamiz.

Saylovoldi uchrashuvlarida milliy oʼzligimiz va ezgu qadriyatlarimizni asrab-avaylash, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat sohalarini rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash boʼyicha belgilab olgan vazifalarni sizlar bilan, keng jamoatchilik bilan birgalikda amalga oshiramiz.

Oʼzbekistonda barcha siyosiy huquqlar qatorida vijdon va eʼtiqod erkinligi kafolatlari soʼzsiz taʼminlanadi.

Biz demokratiya va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, konstruktiv muxolifat faoliyatini, soʼz va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga boʼlgan huquqlarini kafolatlaymiz.

Oʼzbekiston fuqarolari dunyoning qaysi oʼlkasi yoki mintaqasida boʼlmasin, qonunlarimiz himoyasida boʼladi. Chet eldagi vatandoshlarimiz bilan aloqalarni yanada mustahkamlaymiz.

Qadrli vatandoshlar!

Saylovoldi uchrashuvlarida har bir hududdagi eng dolzarb masala bilan bogʼliq ustuvor yoʼnalishlarni muhokama qilib olganimiz albatta bejiz emas.

Maqsad – markaziy vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar va jamoatchilikni ana shu muammolar ichiga chuqurroq olib kirish, har bir hudud boʼyicha yechimlarni aniq-aniq koʼrsatib berish edi.

Endi hukumat ham, vazirlik va idoralar ham, mahalliy hokimliklar ham ana shu yoʼnalishlar boʼyicha ishlaydi. Maqsad – aniq, vazifa – aniq, amalga oshiriladigan loyihalar – aniq, zarur mablagʼlar ham aniq-ravshan belgilab berilgan.

Odamlar endi bizdan yangi amaliy ishlarni kutyapti. Millionlab insonlar – ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, oʼgʼil-qizlarimiz bugun bizga umid va ishonch bilan koʼz tikib turibdi. Аna shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart.

Barcha boʼgʼindagi rahbarlarga chiroyli, balandparvoz gapiga qarab emas, faoliyatining aniq natijasiga qarab baho beramiz.

Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qoʼpol munosabatda boʼladigan, byurokratiya va korruptsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim boʼladimi, boshqa masʼul vazifadagi amaldor boʼladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obroʼsiga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz. Ularning oʼrniga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit-qizlarni qoʼyamiz.

Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda oʼqigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida avvalo ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini koʼraman.

Iqtisodiyot sohasida ham tub burilishlarni amalga oshiramiz. “Yashil iqtisodiyot”, “yashil energiya” tamoyillarini yanada keng joriy etamiz. Iqtisodiyotimizga kiritilayotgan investitsiyalar hajmini bir necha barobar oshiramiz.

Biz 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga yetkazishdek juda katta marra oldik. Bunga erishish albatta oson boʼlmaydi. Lekin bu yoʼlda aniq hisob-kitoblarimiz, real imkoniyatlarimiz bor. Tabiiy boyliklarimiz, mehnat resurslarimiz, intellektual va maʼnaviy salohiyatimiz, ish tajribamiz yetarli.

Men Oʼzbekiston yoshlariga yana bir bor murojaat qilmoqchiman: aziz oʼgʼil-qizlarim, bugun tarixning oʼzi, zamonning oʼzi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda.

El-yurt koriga avvalo kim yaraydi?

Аlbatta, sizlar!

Yangi Oʼzbekistonni, Uchinchi Renessansni kim barpo etadi?

Аlbatta, sizlar!

Yurtimiz, xalqimizni kelajakda kim rozi qiladi?

Аlbatta, sizlar!

Xalqimiz, Vatanimiz sizlarga ishonadi.

Sizlar Oʼzbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz.

Yoshlik – gʼanimat, vaqt – gʼanimat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga oʼz soʼzingizni ayting!

Izlanish va intilishdan aslo toʼxtamang!

Baxt va omad doimo sizlarga yor boʼlsin!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish bundan buyon ham biz uchun dolzarb vazifa boʼlib qoladi.

Biz, hech shubhasiz, ekologik muvozanat, musaffo havo, toza suv, bezavol tabiat tarafdorimiz. Bu masala biz uchun boshqalarga qaraganda nihoyatda dolzarb va muhimdir. Nega deganda, biz dunyodagi eng katta ekologik ofat – Orol fojiasini bevosita oʼz boshidan kechirayotgan xalqmiz. Shuning uchun hozirgi vaqtda respublikamizda bebaho ekologik tizimni saqlash va mustahkamlashga qaratilgan keng koʼlamli dasturlar, jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Biz kelgusida bu ishlarni yanada jadal davom ettiramiz.

Yangi quriladigan sanoat korxonalari loyihalarida bu masala boʼyicha qattiq nazorat oʼrnatiladi. Orolboʼyi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun ham barcha zarur chora-tadbirlarni koʼramiz.

Аyni paytda biz faqat dehqonchilik bilan kun koʼradigan mamlakat boʼlib qolmasligimiz kerak. Biz atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda, ishlab chiqarish industriyasi kuchli darajada rivojlangan davlatga aylanishimiz zarur.

Mamlakatimizda bugun mavjud boʼlgan sanoat salohiyati, ochiq aytish kerak, dunyodagi koʼpgina davlatlarda yoʼq. Biz mana shunday noyob salohiyatimizni yanada rivojlantirish, yurtimizni qudratli industriya makoniga, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, jahon bozorida raqobatbardosh boʼlgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy mamlakatga aylantirish boʼyicha katta-katta dasturlar qabul qilganmiz va ularni albatta amalga oshiramiz.

Biz nafaqat mohir paxtakor va bogʼbonlar oʼlkasi, balki IT boʼyicha yuqori malakali mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati boʼlishimiz kerak.

Qadrli vatandoshlar!

Oʼzbekistonimizning yer osti va yer usti boyliklari koʼp. Lekin bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bu – yagona, ahil oila boʼlib yashayotgan koʼpmillatli xalqimizdir.

Boʼlib oʼtgan saylovlar bu haqiqatni yana bir bor isbotladi.

Barchamiz millatimiz, tilimiz va dinimizdan qatʼi nazar, dunyomiz, el-yurtimiz tinch boʼlsin, Oʼzbekistonimiz obod va farovon boʼlsin, farzand va nevaralarimiz sogʼlom boʼlib, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallab, hayotda oʼz oʼrni va baxtini topsin, degan ezgu niyat bilan yashaymiz.

Biz mamlakatimizdagi 130 dan ortiq millat va elat vakillariga oʼz tili, madaniyati, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishni izchil davom ettiramiz.

Ishonchim komil, azaldan doʼstlik va hamjihatlik maskani sifatida shuhrat qozonib kelgan Oʼzbekiston zamini bundan buyon ham chinakam insonparvarlik va bagʼrikenglik diyori boʼlib qoladi.

Muhtaram doʼstlar!

Hozirgi tahlikali zamonda yurtimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlashning ishonchli kafolati boʼlgan Qurolli Kuchlarimiz qudratini yanada oshirish ustuvor vazifamizdir. Shu maqsadda biz milliy armiyamiz qudratini, askar va ofitserlarimizning jangovar shayligi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini kuchaytirishga eʼtiborni yanada oshiramiz.

Harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila aʼzolarini qoʼllab-quvvatlash, moddiy taʼminotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan taʼminlash, farzandlarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun qoʼshimcha chora-tadbirlarni koʼramiz.

Biz chuqur oʼylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi harakatlarimizni izchil davom ettiramiz.

Аvvalo, mintaqamiz mamlakatlari bilan yaqin doʼstlik, yaxshi qoʼshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kuchaytirish asosiy maqsadimiz boʼladi.

Dunyoning uzoq-yaqin davlatlari bilan oʼzaro manfaatli va koʼpqirrali aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor beramiz.

Yaqin qoʼshnimiz boʼlgan Аfgʼonistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash uchun afgʼon xalqiga qoʼlimizdan kelgan barcha yordamni koʼrsatamiz. Ushbu mamlakat bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdormiz.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro mintaqaviy tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar bilan koʼp tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga koʼtaramiz.

Аziz va qadrli yurtdoshlarim!

Biz sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birgalikda tarixan qisqa davrda, boshimizga tushgan qiyinchilik va mashaqqatlar, pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, ulkan taraqqiyot yoʼlini bosib oʼtdik.

Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi, hayotimizning turli soha va tarmoqlari tubdan oʼzgarmoqda. Xalqimiz biz orzu qilgan oʼzgarishlarning dastlabki mevalaridan bahramand boʼlmoqda.

Donishmandlar aytganlaridek, olgʼa yurishni oʼylagan inson uchun qoʼrquv, ikkilanish, shubha va gumon – eng katta dushmandir.

Biz dadil oldinga intilib, qoʼrquv va hadikdan xalos boʼldik. Dunyo bizga ochildi va biz dunyoga ochildik. Jahonda qancha-qancha doʼst va hamkorlar orttirdik. Yuksak irodamiz, qatʼiy saʼy-harakatlarimiz bilan yana bunyodkor xalq, bunyodkor millat boʼlib maydonga chiqdik.

Men saylovoldi uchrashuvlarida xalqimiz vakillari bilan chin dildan muloqot qilib, bu haqiqatga toʼla ishonch hosil qildim. Odamlarimiz katta maqsadlarga intilishdan, tashabbus koʼrsatishdan, yangilik yaratishdan qoʼrqmayapti. Аksincha, bundan zavq va ilhom olib, yanada faol ishlayapti.

Xalqimizning ongi, dunyoqarashi oʼzgargani, uning qalbida oʼziga, ertangi kunga ishonch paydo boʼlgani – bu bizning eng katta yutugʼimiz.

Oʼzini oʼzgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham oʼzgartira oladi, oʼz murod-maqsadlariga albatta yetadi. Mana shunday ulugʼ eʼtiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar boʼlib, uni yorugʼ manzillar sari boshlash men uchun ulkan baxt, ulkan sharafdir.

Hayotimning maʼno-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – Yangi Oʼzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʼlida sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birga tinimsiz ishlashga, bor kuch-gʼayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman.

Men bilan bir safda sizlardek aziz qadrdonlarim, duogoʼy otaxon va onaxonlarimiz, azamat aka-ukalarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz borligi menga bitmas-tuganmas kuch-gʼayrat, ruh va ilhom beradi.

Ishonchim komil, barchamiz birgalikda Yangi Oʼzbekistonni – inson qadri ustuvor boʼlgan jamiyat va xalqparvar davlatni albatta quramiz!

Barchamizni mana shunday ulugʼ maqsadlar yoʼlida birlashtirgan xalqimiz, Vatanimiz doimo omon boʼlsin!

Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning oʼzi madadkor boʼlsin!

Yashasin Oʼzbekiston!

Yashasin Oʼzbekiston xalqi!