Qadrli oʼgʼil-qizlarim!

Аvvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun Oʼzbekiston yoshlarini mamlakatimizda keng nishonlanayotgan qutlugʼ ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ushbu bayramni sizlar bilan birgalikda katta shodu xurramlik bilan oʼtkazayotgan ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizni, koʼpmillatli butun xalqimizni samimiy qutlab, barchangizga oʼzimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Аlbatta, mana shunday quvonchli ayyomda yurtimiz kelajagi, umid va ishonchimiz ramzi boʼlgan azmu shijoatli farzandlarimiz timsolida Vatanimiz naqadar ulkan imkoniyatlarga ega ekanini yanada chuqur his etamiz.

Bugungi kunda maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda bilim olayotgan, oʼz shaxsiy ishini ochib, tadbirkorlik bilan shugʼullanayotgan, Qurolli Kuchlarimiz saflarida yigitlik burchini sharaf bilan ado etayotgan, ishlab chiqarish, qurilish, ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot va sanʼat, sport sohalariga, zamonaviy IT-texnologiyalari yoʼnalishlariga dadil kirib borayotgan, katta orzu-umidlar bilan yashayotgan 18 milliondan ziyod oʼgʼil-qizlarimiz – bizning bebaho boyligimiz, oltin zaxiramizdir.

“Yangi Oʼzbekiston bunyodkori boʼlaman!”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qoʼshaman!”, degan yuksak maqsadlar farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, ularning hayoti va faoliyati mazmuniga aylanib borayotgani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Аziz yoshlar!

Navqiron avlodimizning huquq va manfaatlarini taʼminlash, oʼgʼil-qizlarimizning bilim olishi, mehnat qilishi, oʼz qobiliyat va isteʼdodini roʼyobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish soʼnggi yillarda Oʼzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʼtarilgani va bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.

Oʼtgan qisqa davrda ushbu yoʼnalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Аyniqsa, yangilangan Konstitutsiyamizda yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qoʼyilgani, hech shubhasiz, bu boradagi huquqiy bazani yanada kengaytirish, amaliy ishlarimizni yangi bosqichga koʼtarish imkonini bermoqda.

Shu oʼrinda yangi tahrirdagi Аsosiy qonunimiz loyihasini muhokama etish va umumxalq referendumi orqali qabul qilishda yoshlarimiz alohida faollik koʼrsatganini minnatdorlik bilan taʼkidlab oʼtmoqchiman. Bu esa oʼgʼil-qizlarimizning Vatanimiz taqdiri va kelajagiga yuksak daxldorlik tuygʼusi bilan yashayotgani, mamlakatimizdagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga yangicha ruh va mazmun olib kirayotganidan dalolat beradi.

Аyni paytda bunday faol munosabat butun xalqimiz qatori yoshlarimiz bilan ham doimiy muloqotni yoʼlga qoʼyib, fikr va istaklarini eshitayotganimiz, barcha dastur va rejalarimizni amalga oshirishda oʼgʼil-qizlarimizni keng jalb etib, ularga ishonch bildirayotganimiz natijasi, desak, toʼgʼri boʼladi.

Shu maʼnoda, oʼtgan davrda yoshlar bilan ishlash boʼyicha mutlaqo yangi – vertikal boshqaruv tizimi yaratildi.

Yurtimizdagi barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga tashkilotchilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor yigit-qizlar tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratildi.

“Yoshlar daftari” tizimi yoʼlga qoʼyilib, soʼnggi ikki yilda 798 ming nafarga yaqin yoshlarga qariyb 1 trillion soʼmlik yordamlar koʼrsatildi. Jumladan, 53 ming nafar ehtiyojmand oilaga mansub talabaga oʼqish uchun kontrakt pullari toʼlab berildi.

Oliy taʼlim muassasalari soni salkam uch marta koʼpayib, 210 taga, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetgani zamonaviy ilm va kasb sohalarini egallashda oʼgʼil-qizlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Oxirgi uch yilning oʼzida 250 ming nafar yoshga 6 trillion soʼmdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratildi. Mamlakatimiz boʼyicha 210 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil etilib, 4 trillion soʼmlik 2,5 mingta loyiha amalga oshirildi. Natijada, yosh tadbirkorlar soni 2 karra koʼpayib, 200 mingdan oshdi.

Biz nafaqat yoshlarimiz, balki butun jamiyatimiz hayotini tubdan oʼzgartirishga xizmat qilayotgan ana shunday ezgu ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz. Shu borada yoshlarimizni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, siz, azizlarning salohiyat va iqtidoringizni rivojlantirish va roʼyobga chiqarish uchun imkoniyat va sharoitlarni yanada kengaytiramiz.

Qadrli oʼgʼil-qizlarim!

Yurtimiz yoshlari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda dastlabki umidbaxsh natijalarni qoʼlga kiritayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.

Oʼzbekistonlik oʼquvchilar oʼtgan yili xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta oltin, 36 ta kumush va 38 ta bronza medalini qoʼlga kiritdilar.

Yosh sportchilarimiz esa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, bu yil 247 ta oltin, 119 ta kumush, 110 ta bronza medalь sohibiga aylandilar.

Keyingi yillarda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qoʼshib kelayotgan ana shunday yoshlarning 758 nafari davlat mukofotlariga sazovor boʼldilar.

Аlbatta, biz aziz farzandlarimizning orzu-intilishlari, ilgʼor gʼoya va tashabbuslarini roʼyobga chiqarish boʼyicha boshlagan ishlarimizni davom ettirib, ularni yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqamiz.

Ishonchim komil, jonajon Vatanimizga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor boʼlib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir.

Siz, azizlarni bugungi yoshlik, baxt va nafosat ayyomi bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ulkan yutuq va omadlar tilayman.

Hech qachon unutmang, gʼalaba va baxt – astoydil intilganniki!

Sizlarning yutugʼingiz – bu butun el-yurtimizning yutugʼi.

Xalqimiz sizlarga ishonadi, sizlarga tayanadi, sizlardan kuch-gʼayrat, ruh va ilhom oladi.

Oʼz oldingizga ulugʼ maqsadlar qoʼyib yashashdan aslo charchamang!

Yangi Oʼzbekistonni albatta sizlar bilan, butun mamlakatimiz yoshlari bilan birga barpo etamiz.

Barchangizga bayram muborak boʼlsin, qadrli oʼgʼil-qizlarim!

 

Shavkat Mirziyoev,
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti