Qadrli doʼstlar!

Bugun yurtimizda keng nishonlanayotgan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan siz, azizlarni, muhtaram faxriylarimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bu ayyom nafaqat oʼz hayotini shu sohaga bagʼishlagan fidoyi insonlar, balki ularning mashaqqatli ijod va mehnat mahsulidan bahramand boʼladigan millionlab mushtariylar, tinglovchi va tomoshabinlar, butun jamiyatimiz uchun ham qadrlidir.

Mana shunday kunlarda milliy matbuotimizning tamal toshini qoʼygan jadid bobolarimizning: “Matbuot fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yoʼlida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan koʼzgu boʼlmogʼi lozim” degan fikrlari hozirgi kunimiz uchun ham gʼoyat muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlashimiz tabiiydir.

Maʼrifatparvar ajdodlarimizning bu olijanob orzu-intilishlari faqatgina mustaqilligimiz tufayli roʼyobga chiqdi.

Keyingi yillarda yurtimizda roʼy berayotgan tarixiy oʼzgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin, ijtimoiy muhit yaratildi.

Biz mamlakatimizda soʼz va matbuot erkinligini, axborot olish va uni tarqatish huquqini taʼminlash masalasini inson qadrini ulugʼlash, demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan taraqqiyot strategiyamizning muhim va ajralmas qismi deb bilamiz.

Yangilangan Аsosiy qonunimizda ushbu yoʼnalishdagi konstitutsiyaviy qoidalar yanada mustahkamlab qoʼyilgani bu boradagi saʼy-harakatlarimiz bardavom ekanini koʼrsatadi.

Hozirgi kunda yurtimizda 2140 ta yoki 2016 yilga nisbatan 626 ta koʼp ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi nodavlat media vositalari ekani sohada tarkibiy oʼzgarishlar izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Аnʼanaviy nashrlar bilan birga internet nashrlar ham jadal rivojlanib, ularning soni 745 taga yetgani va oʼquvchilar ommasini tobora koʼproq oʼziga jalb etayotganini qayd etish lozim.

Davlat idoralari va mahalliy hokimliklar tarkibida axborot xizmatlari yoʼlga qoʼyilgani xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli taʼsir koʼrsatmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini taʼminlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik koʼrsatkichlarini belgilash hamda ilgʼor xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etildi. Jumladan, yaqinda birinchi marta oʼtgan yil yakunlariga koʼra, davlat organlari va tashkilotlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash boʼyicha Ochiqlik indeksi natijalari eʼlon qilingani bu yoʼldagi muhim qadam boʼldi.

Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqaro axborot makoniga ham dadil kirib bormoqda. Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda bir qator xususiy telestudiyalarning koʼrsatuvlari jahonning 100 dan ortiq davlatlariga uzatilmoqda. Oʼzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi oʼz xabarlarini 10 ta xorijiy tilda tarqatmoqda.

Keyingi vaqtda yurtimizda kitobxonlikni ommalashtirishdek ezgu ishga nashriyot-matbaa sohasi xodimlari ham munosib hissa qoʼshayotganini alohida eʼtirof etish lozim. Soʼnggi yillarda respublika nashriyotlari tomonidan 132 million nusxa badiiy kitob va boshqa adabiyotlar chop etilgani kitobsevar xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning ongu tafakkurini yuksaltirishda muhim rolь oʼynashi shubhasiz.

Ommaviy axborot vositalarini qoʼllab-quvvatlash maqsadida ushbu soha uchun uch yil muddatga daromad soligʼi boʼyicha imtiyozlar berilgani ularning iqtisodiy holatini barqarorlashtirishda katta madad boʼlmoqda.

Аziz doʼstlar!

Bugungi shiddatli davrning oʼzi barcha sohalar qatori axborot yoʼnalishida ham oldimizga oʼta dolzarb vazifalarni qoʼymoqda.

Hozirgi vaqtda yer yuzining turli burchaklarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealarni hisobga oladigan boʼlsak, global dunyoda axborotlashuv jarayonlarining tahdidli jihatlari ham borligi va ular tobora kuchayib borayotganidan koʼz yumolmaymiz.

Dunyoning ayrim mintaqa va hududlarida ommaviy axborot vositalari muayyan siyosiy kuchlar qoʼlida informatsion urushni avj oldirishga, jamoatchilik fikrini chalgʼitishga, oqni – qora, qorani – oq deb koʼrsatishga xizmat qilayotganini afsus bilan qayd etishga toʼgʼri keladi.

Аxborot makonidagi ustunlik koʼp narsani hal etadigan bugungi murakkab vaziyatda xalqimiz siz, azizlarni demokratik matbuotning asosiy sharti va talabi boʼlgan xolislik, haqqoniylik, milliy manfaatlarimizga sodiqlik kabi printsiplarga amal qilib, oʼz bilim va salohiyati, oʼtkir qalami va haroratli soʼzi bilan jamoatchilikka ijtimoiy jarayonlar mohiyatini anglab yetishga koʼmaklashadigan, ularni buzgʼunchi axborot xurujlaridan himoya qiladigan fidoyi insonlar deb biladi.

Biz jamiyat hayotida uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, byurokratiya va korruptsiya kabi illatlarga qarshi kurashishda, avvalo, siz hurmatli jurnalist va blogerlar, ayniqsa, milliy media makonimizga yangi gʼoya va tashabbuslar bilan kirib kelayotgan isteʼdodli yoshlarimizga tayanamiz.

Shu bois keng miqyosda fikrlaydigan, ona tili bilan bir qatorda xorijiy tillarni, axborot texnologiyalarini puxta oʼzlashtirgan, yuksak malakali, vatanparvar jurnalist kadrlarni tayyorlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda Oʼzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Oʼzbekiston Milliy universiteti, Oʼzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti kabi taʼlim muassasalarida jurnalistika yoʼnalishi boʼyicha yuzlab mutaxassislar tayyorlanayotgani ham shundan dalolat beradi.

Ushbu oliy taʼlim dargohlarida talaba yoshlarimiz bosma ommaviy axborot vositalari va noshirlik ishi, audiovizual jurnalistika, internet jurnalistikasi va menejmenti, media nazariyasi va amaliyoti, harbiy va sport jurnalistikasi, raqamli media, xalqaro munosabatlar singari yigirmadan ziyod taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha yuqori malakali professor-oʼqituvchilardan mahorat sirlarini oʼrganayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.

Biz Yangi Oʼzbekistonning yangi jurnalistikasini yaratish vazifasini oʼz oldimizga qoʼygan ekanmiz, bu boradagi milliy anʼanalarimiz bilan birga rivojlangan davlatlar tajribasini ham har tomonlama oʼrganishimiz, ommaviy axborot vositalari boʼyicha dunyodagi yetakchi oliygohlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va media kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishimizni hayotning oʼzi talab etmoqda.

Shu sababli ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʼlib qoladi.

Bu sohada oldimizda turgan vazifalarni aniq belgilab olish va amalga oshirishda hozirgi vaqtda Oʼzbekiston Jurnalistlari uyushmasi tomonidan tayyorlanayotgan Milliy maʼruza katta amaliy ahamiyat kasb etadi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz va jamiyatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli va masʼuliyatli mehnatini ragʼbatlantirish, sohaning moddiy-texnik va kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun zarur yordam koʼrsatishga tayyor ekanini yana bir bor taʼkidlayman.

Sizlarni qutlugʼ kasb bayramingiz hamda yaqinlashib kelayotgan ulugʼ ayyom – Qurbon hayiti bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy faoliyatingizda yangi yutuqlar, xonadonlaringizga baxt-saodat va fayzu baraka tilayman.

 

Shavkat Mirziyoev,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti