Bugun, 20 iyun kuni Oʼzbekiston delegatsiyasi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia taklifiga binoan Jidda shahrida boʼlib oʼtayotgan 47-anaʼnaviy haj boʼyicha nufuzli simpoziumda faol qatnashmoqda. 

Ushbu delegatsiya tarkibiga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari boʼyicha qoʼmita raisi Sodiqjon Toshboev, Oʼzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʼrinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va bir qator soha mutaxassislari jalb etilgan.

Nufuzli tadbir Qurʼoni karim tilovati va Haj va umra ishlari vazirining kirish soʼzi bilan ochildi. Shundan soʼng, Harami sharif masjidi bosh imomi Аbdurahmon as-Sudays, Saudiya Аrabistoni Sogʼliqni saqlash vaziri kabi mutasaddilar haj mavsumini yuqori darajada oʼtkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan loyihalarni taqdim etdilar. 

Kunning ikkinchi yarmida simpozium 4 ta shoʼʼbaga boʼlingan holda oʼz faoliyatini davom ettiradi. Unda xorijiy delegatsiyalar uchun ziyoratchilarga sifatli xizmat koʼrsatishdagi yangicha yondashuvlar va innovatsion loyihalar hamda Mino, Аrafot va Muzdalifadagi sharoitlarni yaxshilash borasidagi istiqbolli rejalar taqdimot qilinadi.

Maʼlumot oʼrnida, ushbu simpozium 1970 yildan buyon har yili oʼtkaziladigan eng koʼzga koʼringan tadbirlardan biridir. Unda ulamolar, islom huquqshunoslari, aqida olimlari ziyoratchilarga oid muhim masalalarni muhokama qiladilar hamda yechimlarini bayon etadilar.

Din ishlari boʼyicha qoʼmita 
Аxborot xizmati