Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Аsrlar davomida xalqimizga xos mehr-oqibat, xayr-saxovat kabi ezgu umuminsoniy qadriyatlarni namoyon etib kelayotgan Qurbon hayiti jonajon Vatanimizda oʼzaro hamjihatlik, bagʼrikenglik va shukronalik fazilatlarini yanada mustahkamlashga beqiyos hissa qoʼshmoqda. Ushbu ulugʼ ayyomning maʼnaviy hayotimizdagi muhim ahamiyatini eʼtiborga olib hamda uni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida:

1. Joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 28 iyunь – chorshanba kuniga toʼgʼri kelishi toʼgʼrisida Oʼzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, yurtimizda 2023 yil 28 iyunь kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Аholining Qurbon hayiti bayramini munosib saviyada oʼtkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 dekabrdagi “2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʼshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʼchirish toʼgʼrisida”gi PF-270-son Farmoni bilan ish haftasining turidan qatʼi nazar barcha xodimlar uchun 2023 yilning 29-30 iyunь kunlari, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 1 iyulь kuni qoʼshimcha dam olish kuni sifatida belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʼyicha qoʼmita va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy anʼana va qadriyatlariga mos ravishda oʼtkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

4. Madaniyat va turizm vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida moʼʼtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

5. Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʼzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʼliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N. Аripov va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.

 

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev