Soʼngi vaqtlarda turli ekstremistik va terroristik tashkilotlarning mediamarkazlari tomonidan tayyorlangan ekstremistik va terroristik mazmundagi targʼibot materiallari internet tarmoqlarida keng tarqatilmoqda. Bu esa, oʼz navbatida, nafaqat yurtimizda, balki jahon hamjamiyatida bu kabi maʼlumotlarni aholi orasida tarqalishini oldini olishga, ularni ijtimoiy tarmoqlarda aniqlash va faoliyatiga chek qoʼyish boʼyicha mexanizmlar ishlab chiqish hamda amaliyotga tadbiq qilish zaruratini kun tartibiga qoʼymoqda.

Misol uchun, oʼtgan davrlar mobaynida АQShda 68 ta, Rossiya Federatsiyasida 47 ta, Buyuk Britaniya 78 ta va Turkiyada 15 ta ekstremistik va terroristik tashkilotlarning faoliyati taqiqlangan, shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasida 5342 ta (https:// minjust.gov.ru/ru/extremist-materials/?page=54&), Qozogʼiston Respublikasida 1133 ta (https://www.gov.kz/memleket/entities/pravstat/yapress/ article/details/17669? lang=ru), Qirgʼiz Respublikasida 167 ta (https://drive.google.com/file/d/ 11anEEHxeFtj9tc5tPj-SszvJ5zsXZh4R/view) va Tojikiston Respublikasida 
2417 ta (https://nbt.tj/ru/financial_monitoring /perechni .php) radikal kontentlar sud tomonidan taqiqlangan.

Oʼzbekiston Respublikasida ham ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallar joylashtirilgan internet saytlari, kanallar, profillarni aniqlash va ularni faoliyatiga chek qoʼyish yuzasidan masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda yoʼlga qoʼyilgan mexanizm asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda. 
Mazkur mexanizmga asosan, Din ishlari boʼyicha qoʼmitasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda internet tarmogʼidagi radikal diniy mazmundagi kontentlar aniqlanib, Oliy sud qarori bilan ular ekstremistik va terroristik materiallar deb topiladi.

Ushbu tartibga asosan, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudining 
60 ga yaqin qarori chiqarilib, ularga muvofiq 500 dan ortiq kontent radikal mazmunda deb topilgan hamda ularni Oʼzbekiston Respublikasi hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.

Taʼkidlash joizki, noqonuniy deb topilgan kontentlardan aholini xabardor etish – mazkur yoʼnalishda olib borilayotgan faoliyatning samaradorligini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanadi. 
Oʼzbekiston Respublikasi PrezidentiningN “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-4436-son qaroriga koʼra, Аdliya vazirligi va Oliy sud oʼzining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan hamda Oʼzbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobilь messenjerlar roʼyxatini eʼlon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini taʼminlashi belgilangan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini oʼtkazish tartibi toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022 yil 14 apreldagi 180-son qaroriga koʼra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasi oʼtkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi ularni Oʼzbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi uchun asos hisoblanishi qayd etilgan.

Mazkur qarorga asosan, Din ishlari boʼyicha qoʼmita muayyan bir shaxsga yoki uning xatti-harakatlari yuzasidan ekspertlik xulosasini bermaydi. Qoʼmita huquq-tartibot organlari taqdim etgan diniy mazmundagi materiallarning mazmuni yuzasidan davlat dinshunoslik ekspertizasini oʼtkazadi hamda ular boʼyicha ekspertlik xulosasini Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq tayyorlaydi.

Shu bilan birga, diniy mazmundagi materiallar tegishli qonun hujjatlariga koʼra jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeiga qarab yoki boshqa holatlarga koʼra kamsitish yoxud oʼzga shaxslar mahsulotlarini obroʼsizlantirish;
Oʼzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligini zoʼrlik bilan oʼzgartirishga daʼvat qilish;
urush, zoʼravonlik, terrorizm, shuningdek diniy ekstremizm va separatizm gʼoyalarini targʼib etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʼzgʼatuvchi axborotni tarqatish;
diniy eʼtiqodni oʼzgartirishga daʼvat qilish;
dindorlarning diniy tuygʼularini haqorat qilish yoki kamsitish;
fuqarolarni oʼz konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarmaslikka chaqirish;
davlat, jamoat yoki diniy tashkilotlarning huquqlari va mol-mulkiga tajovuz qilishga undash kabi gʼoyalar aks etgan materiallarni Oʼzbekiston Respublikasi hududida tayyorlash va tarqatilishiga yoʼl qoʼyilmaydi.

Hurmatli fuqarolar!

Kezi kelganda, sizlardan, shubhali diniy mazmundagi audio, video va boshqa turdagi media mahsulotlarni Internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalaridan yuklab olmaslik va tarqatmaslikni soʼrab qolamiz!

Din ishlari boʼyicha qoʼmita